Rossiyada kosmik soha uchun sunʼiy intellekt yaratiladi

“Rossiya kosmik tizimlari” (RKS) xoldingi va “Finrul finans” kompaniyalar guruhi sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishdi. Mazkur hamkorlik doirasida kosmik tarmoq vazifalariga moslashtirilgan maxsus sunʼiy intellekt modellarini yaratish va oʻqitish rejalashtirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Mutaxassislar ushbu modellar asosida intellektual chat-botlar va virtual yordamchilarni oʻz ichiga olgan dasturiy yechimlarni ishlab chiqishadi. Shuningdek, yangi texnologiyalarni xoldingning raqamli arxitekturasiga integratsiya qilish va sinovdan oʻtkazish uchun maxsus pilot loyihalar amalga oshiriladi.
Loyiha doirasidagi dastlabki ishlar 2026-yilda boshlanishi kutilmoqda. Ushbu hamkorlik Rossiya Federatsiyasining “Raqamli iqtisodiyot” milliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda va kosmik asbobsozlikning barcha asosiy yoʻnalishlarini qamrab olishni maqsad qilgan.
RKS axborot texnologiyalari boʻyicha direktori Dmitriy Lepeshkinning taʼkidlashicha, sunʼiy intellektning joriy etilishi raqamlashtirishning navbatdagi bosqichi hisoblanadi. Bu nafaqat RKS, balki butun raketa-kosmik tarmogʻidagi biznes-jarayonlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.













