Elon Musk’ning Grok Imagine modeli Paper platformasiga qoʻshildi

Elon Musk Paper kompaniyasi rahbari Stephen Haney’ning xabarini ulashib, Grok Imagine tasvir generatsiya qilish modelining Paper platformasiga integratsiya qilinganini tasdiqladi. Ushbu yangilanish foydalanuvchilarga tasvirlarni tezroq yaratish, tahrirlash va koʻplab variantlar ustida tajriba oʻtkazish imkonini beradi. Paper — bu insonlar va sunʼiy intellekt agentlarining birgalikda ishlashi uchun moʻljallangan, kodga yoʻnaltirilgan innovatsion cheksiz dizayn va prototiplash maydonidir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Nashr etilgan maʼlumotlarga koʻra, yangi model sifatni saqlab qolgan holda juda yuqori generatsiya tezligini taʼminlaydi. Shuningdek, tahrirlash jarayoni ham takomillashtirilgan: tizim oʻzgartirishlar kiritishda detallarni yaxshiroq saqlab qoladi, bu esa ketma-ket tahrirlar va testlar oʻtkazish uchun qulaylik yaratadi. Yangilangan vosita, ayniqsa, qisqa vaqt ichida oʻnlab prompтlar bilan tajriba oʻtkazish kabi tezkor iteratsiyalar uchun juda mos keladi.
Yangi versiya allaqachon foydalanuvchilar uchun ochiq va u sunʼiy intellektga asoslangan vizual kontent bilan ishlashda yanada moslashuvchan va tezkor vositalar sari tashlangan qadam sifatida baholanmoqda. Avvalroq SpaceXAI Grok Computer yangilanishini taqdim etgan edi, bu tizimni oddiy chat-bot darajasidan ancha yuqori bosqichga olib chiqdi.
Grok Computer tizimi endilikda fayl tizimi va buyruqlar satriga (command line) toʻliq kirish huquqiga ega boʻlib, kompyuterda real vazifalarni mustaqil bajara oladi. Bundan tashqari, SpaceXAI Grok’da yangi Skills funksiyasini va Grok Build agentlik vositasining beta-versiyasini ishga tushirdi. Shuningdek, soʻnggi haftalarda sinovdan oʻtayotgan Grok 4.3 modelining yakuniy versiyasi ham taqdim etilgan.













