Rossiya 2032-yilga borib 20 sm aniqlikdagi sunʼiy yoʻldoshlarni ishga tushirmoqchi

Rossiya 2032-yilga borib 20 sm aniqlikdagi sunʼiy yoʻldoshlarni ishga tushirmoqchi

Roskosmos davlat korporatsiyasi 2032-yilga qadar Rosreestrni yuqori aniqlikdagi kosmik kartografiya maʼlumotlari bilan taʼminlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rosreestr rahbari Oleg Skufinskiy Federatsiya Kengashi yigʻilishida maʼlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Tomonlar oʻrtasida imzolangan kelishuvga koʻra, Roskosmos belgilangan grafik asosida yuqori aniqlikdagi kosmik tasvirlarni yetkazib berish majburiyatini olgan. Skufinskiyning taʼkidlashicha, hozirda idora uchun 1 metr va undan yuqori aniqlikdagi suratlar zarur, biroq kelajakdagi asosiy maqsad 20 sm aniqlikdagi texnologiyalarni joriy etishdir.

Hozirgi vaqtda dunyoda bunday yuqori aniqlikdagi texnologiyalar mavjud boʻlsa-da, Rossiyada ular hali yoʻlga qoʻyilmagan. Shu sababli, uzoq muddatli rejalarda ushbu koʻrsatkichga 2032-yilgacha erishish koʻzda tutilgan. Ungacha boʻlgan davrda maʼlumotlar nafaqat mahalliy mutaxassislardan, balki hamkor davlatlar, xususan, Xitoydan ham olinishi mumkin.

Olingan kosmik suratlar Milliy fazoviy maʼlumotlar tizimi (NSPD) platformasi orqali qayta ishlanadi. Ushbu platforma barcha federal va mintaqaviy hokimiyat organlari, shuningdek, biznes vakillari uchun zamonaviy kartografiya xizmatlarini taqdim etadi.

Mazkur loyiha Rossiya hududini toʻliq xaritaga tushirish va masofadan zondlash maʼlumotlarini tizimlashtirishda muhim bosqich boʻlishi kutilmoqda. Bu orqali yer resurslarini boshqarish va nazorat qilish jarayonlari sezilarli darajada osonlashadi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.