AQSHda energiya saqlash tizimlari boʻyicha tarixiy rekord qayd etildi

AQSHda 2026-yilning birinchi choragida 9,7 GW·soat quvvatga ega yangi energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. Bu bir chorak uchun qayd etilgan mutlaq rekord koʻrsatkichdir. Solar Energy Industries Association va Benchmark Mineral Intelligence qoʻshma hisobotiga koʻra, ushbu hajm oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga oʻsgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bozor ishtirokchilarining fikricha, federal hukumatning toza energetika rivojlanishini sekinlashtiruvchi ayrim choralariga qaramay, sohada oʻsish davom etmoqda. Talabning asosiy drayverlari sifatida maʼlumotlar markazlarining (data-center) tezkor kengayishi, elektr energiyasi narxlarining beqarorligi hamda gaz turbinalarini yetkazib berishdagi global muammolar koʻrsatilmoqda.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi bozorga qoʻshimcha turtki bermoqda. Google va Meta kabi yirik texnologik kompaniyalar AI infratuzilmasi va yangi maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini uzluksiz energiya bilan taʼminlash uchun oʻn minglab megavatt-soat quvvatga ega saqlash tizimlarini sotib olishini eʼlon qildi.
Mutaxassislarning taxminiga koʻra, aynan ChatGPT va boshqa yirik til modellari ortidagi hisoblash quvvatlariga boʻlgan ehtiyoj yaqin yillarda AQSH energetika bozorining asosiy oʻsish omiliga aylanadi. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini saqlash texnologiyalariga boʻlgan investitsiyalarni yanada oshiradi.













