Baqlajon ayrim insonlarga nega tavsiya etilmaydi?

Baqlajon ko‘plab taomlarda ishlatiladigan mashhur sabzavotlardan biri hisoblanadi. U tarkibidagi vitamin va antioksidantlar sabab organizm uchun foydali mahsulot sifatida baholanadi. Ayniqsa, yurak faoliyati va ovqat hazm qilish tizimiga ijobiy ta’siri qayd etiladi.
Biroq mutaxassislarning aytishicha, baqlajon ayrim insonlar uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Oshqozon yarasi, gastrit yoki ichak bilan bog‘liq muammolari bor odamlarda u kislotalilikni kuchaytirib, bezovtalik chaqirishi ehtimoli mavjud.
Shuningdek, baqlajon tarkibida solanin moddasi bo‘lishi mumkinligi aytiladi. Ayniqsa, yaxshi pishmagan yoki haddan tashqari achchiq baqlajon ayrim insonlarda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi yoki allergik holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Buyrak kasalligi yoki allergiyaga moyilligi bor insonlarga ham baqlajonni ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish tavsiya etiladi. Shifokorlar ushbu sabzavotni me’yorida va to‘g‘ri tayyorlangan holda iste’mol qilish foydali ekanini ta’kidlamoqda.










