13:33 / 05.01.2025
167

Qanday qilib 21 yoshli Abbosbek Fayzullayev RPL yulduziga aylandi?

Qanday qilib 21 yoshli Abbosbek Fayzullayev RPL yulduziga aylandi?
Abbosbek Fayzullayev — RPLning oxirgi paytlardagi eng yorqin futbolchilaridan biri. 21 yoshida allaqachon “SSKA” va Oʻzbekiston terma jamoasining etakchilaridan biriga aylandi. Deyarli har oy Abbosning Evropaga ketishi haqida xabarlar yangramoqda. Sport24 nashri oʻzbekistonlik futbolchi bilan intervyu uyushtirdi. Quyida ushbu suhbatni oʻzbek tilida oʻqish mumkin.

— Abbos, ishlaring qanday?
— Yaxshi. Mavsumning qiyin boʻlgan birinchi qismi yakunlandi, nihoyat ta'tilga chiqish vaqti keldi. Ham jismoniy, ham psixologik jihatdan dam olish kerak, chunki soʻnggi 2 yil mobaynida ikki haftagina dam olgandim.

— Terma jamoa tufaylimi?
— Ha. 2022 va 2023 yillarda yoshlar terma jamoasida toʻp surdim. 23 yilning may oyida esa yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida ishtirok etdim, bir haftadan soʻng Millatlar Ligasi doirasidagi oʻyin boʻlib oʻtdi. 2024 yilning qishida milliy terma jamoa bilan Osiyo Kubogiga bordim, bahorda yana yoshlar termasiga qaytdim. Ular bilan turnirda 2-oʻrinni egallab, Parij Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdik. Xullas, taqvim aql bovar qilmas darajada tigʻiz. Shunday paytlar boʻlardiki, uygʻonganimda butun tanam ogʻrirdi va hech qanday mashgʻulotga borgim kelmasdi. Oʻzimni majbur qilishimga toʻgʻri kelardi.

— Bu bosqichlarni qanday qilib jarohatlarsiz oʻtkazayotganingni aytib bera olasanmi?
— Avvalo, Allohdan meni jarohatlardan asrashini soʻrayman. Albatta, tiklanish bilan jiddiy shugʻullanaman — massaj, sovuq suv, kriosauna. Har doim bazadan eng oxirgi boʻlib ketaman. Uyimda ham turli foydali narsalar bor: limfodrenaj shimlari, massaj pistoleti va Holandniki singari koʻk nurni filtrlaydigan koʻzoynak.

— Ular qanday yordam beradi?
— Ularni uxlashdan bir necha soat oldin taqish kerak. Taqish bilanoq tanada melatonin ishlab chiqarila boshlaydi, bu esa uyqu yaxshilanishiga olib keladi — natijada organizm yaxshiroq tiklanadi. Bundan tashqari, bu koʻzoynak koʻzlarni dam olishiga yordam beradi. Ammo bitta shart bor: ularni taqqandan keyin dastlabki 45 daqiqa davomida hech qanday gadjetga qarash mumkin emas. Bu juda muhim.

— Bu koʻzoynak haqida qayerdan xabar topding?
— Ularni birinchi marta Viktor Davilada koʻrganman. Sinab koʻrdim va ta'siri menga yoqdi. Ularni qanday sotib olish mumkinligini soʻraganimda, u Rossiyaga bunday narsalar etkazib berilmasligini aytdi. Oxir-oqibat, u menga bu koʻzoynaklarni Janubiy Amerikadan, terma jamoa safiga borganida, olib keldi.

— Qiziq.
— Undan tashqari menda Whoop bor — uyqu yaxshiligini aniqlaydigan va tananing necha foizga tiklanishini hisoblaydigan braslet bor. Bu ham ajoyib narsa.

— Bir necha hafta oldin ommaviy axborot vositalarida “Monako” seni oʻz safiga qoʻshib olishni juda xohlayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi. U erda oʻzingga uy topib qoʻydingmi?
— Ha-ha, yoʻq. Bu yangilik paydo boʻlishi bilanoq Musayev va Diveyev darhol meni mazax qila boshlashdi, ota-onam esa barcha qarindoshlar ularni tabriklashni boshlaganini aytishdi. Lekin men hammani tinchlantirish uchun shoshildim — barcha yangiliklarni oʻzim ham internetdan eshitdim. “Monako”ning menga qiziqayotgani haqida hech qanday ma'lumotga ega emasman.

— Umuman olganda, soʻnggi paytlarda seni tez-tez Evropaga joʻnatishmoqda: “Bavariya”, “Vilyarreal”, “Real Sosedad”, “Jirona” va “Parma” haqida mish-mishlar tarqaldi. Shunday shov-shuv senga bosim oʻtkazmaydimi?
— Bunga xotirjamlik bilan qarayman. Albatta, bunday klublarning qiziqishi yoqimli — demak, men hamma narsani toʻgʻri qilayotgan ekanman. Lekin bu haqda koʻp oʻylasangiz, oʻyin sifati aniq pasayadi. Shuning uchun turli transfer mish-mishlariga e'tibor bermaslikka harakat qilaman. Oʻz agentlarimdan ham mavsum davom etayotganda, menga boshqa jamoalarning qiziqishlari haqida hech narsa aytmaslikni soʻradim. Natijada men hech narsa soʻramayman va menga hech narsa aytishmaydi. Bu ideal vaziyat. Hozir men “SSKA” futbolchisiman, meni hamma narsa qoniqtiradi. Keyinchalik nima boʻlishini esa oʻshanda koʻramiz.

— Oʻzing ham Evropaga bormoqchimisan?
— Albatta. Bu mening maqsadim. Lekin hamma narsaning oʻz vaqti bor. Hozircha “SSKA”ga birorta Evropa jamoasidan rasmiy taklif kelib tushmagan. Borlari ham shunchaki ogʻzaki soʻrov darajasida.

— Qayerda oʻynamoqchisan?
— Ispaniyada. Xudo xohlasa — “Barselona”da. Lekin men top-klubdan boshlamayman — balki oʻrtamiyona jamoaga ham borishga rozi boʻlarman.

— Seningcha hozir transfer narxing qancha?
— “Transfermarket”da mening narxim 8 million evro ekanini koʻrdim.

— Nima deb oʻylaysan, “SSKA” seni qanchaga sotishi mumkin?
— Bilmayman. Men bu savolga javob berishim kerak deb hisoblamayman. “SSKA” menga ishondi, imkoniyat berdi. Men bu klubni yaxshi koʻraman va hurmat qilaman, agar taklif “SSKA”ga ma'qul boʻlsa, ketaman.

— Sen RPLdagi boshqa klubga oʻtishing mumkinmi?
— Menimcha, yoʻq. “SSKA”da menga hammasi qulay. Rossiya ichida nimanidir oʻzgartirishning nima keragi bor?

— Agar “Zenit” senga koʻp pul bersa-chi?
— Xoʻsh?

— Uni tanlaysanmi yoki oʻrtacha maoshli “Jirona”ni?
— “Jirona”ni.

— Futbol tomondan Evropada oʻynashga tayyormisan?
— Yozda tayyor boʻlmaganim aniq. Hozir esa bilmayman. Jismoniy jihatdan yana qoʻshishim kerak, buning ustida ishlayapman — yozdan boshlab qoʻshimcha ravishda jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy bilan shugʻullanaman. U har oy menga shaxsiy rejani yuborib turadi. Oʻzimni baquvvat qilib yuborishni xohlayman, chunki tezlik va texnika yoʻqoladi. Lekin men kuchliroq boʻlishim kerak. Shaxsiy mashgʻulotlar menga yordam berayotganini his qilaman, men kuchliroq boʻldim. Buni maydonda ham koʻrish mumkin — deyarli barcha yakkakurashlarga dadil boraman.

— Raqiblaringdan qaysi biri bilan jiddiyroq toʻqnashuvda ishtirok etding?
— “Rubin”dagi Kabutov bilan. U bilan ishimiz yaxshi ketyapti — doim bir-birimizga qarab uchamiz.

— Bordi-yu, “Monako”ga koʻchib oʻtgudek boʻlsang, yaqinlaringni olib ketasanmi?
— Albatta.

— Nega Moskvaga olib kelmading?
— Ular bu erda zerikishadi. Ba'zan bir-ikki haftaga kelishadi-yu, keyin Sirdaryoni sogʻinib qoladi. U erda hamma qarindoshlar, doʻstlar bor.

— Sen onang uy bekasi, dadang esa dorixonada ishlashini aytganding. Hanuz shu ishdami ular?
— Ha. Lekin men buni qandaydir katta ish haqi deb aytmagan boʻlardim, — faqat oʻzim uchun. Uyimiz yonida dorixona bor. Otam qoʻngʻiroqni eshitca, chiqadi va sotadi. Qisqasi — xuddi xobbi kabi. Men ularga onam bilan Toshkentga koʻchib oʻtishni taklif qildim, u erda 13 yoshli ukam oʻqiydi. Lekin dadam xohlamaydi.

— Ota-onangga olib bergan eng katta sovgʻang?
— Toshkentdagi uy. Onam doim uni orzu qilardi. Uning orzusini amalga oshirish imkoniyati tugʻilishi bilanoq shunday qildim. Mening ukam xuddi shu uyda, boshqa akam bilan birga yashaydi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda yarim million obunaching bor. Sen hozir Oʻzbekistondagi prezidentdan keyingi eng mashhur odammisan?
— Ha-ha, menimcha, siz mubolagʻa qilyapsiz. Bizda mendan anchagina mashhur boʻlgan qoʻshiqchi va aktyorlar bor. Aytgancha, men qoʻshiqchi Gafur va reper Konsta bilan doim gaplashib turaman. Konsta bilan bir joydanmiz, u ham asli sirdaryolik. Hamisha uning kontsertiga borgim keladi, lekin vaqt toʻgʻri kelmayapti.

— Umuman, kontsertlarga borganmisan?
— Yoʻq.

— Qanday qilib?
— Shunaqa, futbolchilarning jadvali tigʻiz. Men bahorda Bastaning kontsertiga borishim deyarli aniq edi, lekin “Ahmat” bilan oʻyinda sariq kartochka oldim.

— Bularni bir-biriga qanday aloqasi bor?
— Keyingi oʻyinni — “Spartak”ka qarshi bahsni oʻtkazib yuborganim uchun meni terma jamoaga chaqirishdi. Shuning uchun men bu kartochkani ataylab olganimni aytgan odamlarga aytmoqchiman: doʻstlarim, mening chiptalarim kuyib ketgan (kuladi).

— Kel, sening mashhurligingga qaytaylik. Seni Oʻzbekistonda tez-tez tanib qolishadimi?
— Ha, koʻp yonimga kelishadi, suratga tushishadi.

— Moskvada-chi?
— Boʻlib turadi. Lekin Moskva katta shahar boʻlgani uchun mashhurlik Oʻzbekistonda boʻlgani kabi kuchli sezilmaydi. U erda meni deyarli hamma biladi. Restoranga xotirjam chiqib boʻlmaydi — kimdir tanib qoladi va albatta, yonimga keladi. Bu yoqimli.

— Sen suratga tushishdan bosh tortadigan odamga oʻxshamaysan.
— Xuddi shunday, rad etmayman.

— Koʻpincha, yosh futbolchilar mashhurlikka erishgach, “yulduzlik kasali”ga duchor boʻlishadi. Bunga yoʻliqmaslik uchun senga nima yordam beradi?
— Men ota-onam va amakim tarbiyasini olganman — bu muhimi. Nimagadir erishganim, boshqalarga nisbatan hurmatsizlik qilishim kerakligini bildirmaydi.

— Ingliz tilini oʻrganayotganingni aytganding. Qanday qilib bu fikrga kelgansan?
— Toʻqqiz yoshimda amakim meni Toshkentga olib kelgandi. Oradan bir yarim yil oʻtib: “Agar Evropada oʻynamoqchi boʻlsang, ingliz tilini oʻrganishing shart”, degandi. Amakim Amerikada oʻqib kelgani bois inglizchani yaxshi bilardi.

— Hozir ham repetitorga boryapsanmi?
— Ingliz tilidanmi? Yoʻq. Ingliz tilini ruschadan ham yaxshiroq bilaman. Ingliz tilidagi filmlarni bemalol tomosha qila olaman, kitoblar oʻqiy olaman. Repetitorga 3 oy borganman va futbol sababli bir yarim yil tashlab qoʻygandim. Xuddi shu hol yana takrorlangan. Keyin oʻzim mustaqil shugʻullanishni boshladim. Hozir ispan tilidan repetitorga qatnayapman.

— Qaysi tilda oʻylaysan?
— Oʻzbek tilida. Ba'zi soʻzlar xayolimga ingliz tilida keladi, lekin ruschada emas.

— Oʻzbekiston prezidenti bilan surating bor. Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgansanmi?
— Ikki marta. U-20 Osiyo Kubogida gʻalaba qozongan paytimizda u kishi maydonga chiqib kelgan va kubokni topshirgan. Prezident qoʻlidan kubokni qabul qilish — ikki karra faxr. Ikkinchi marta esa oʻtgan yilning yozida, Olimpiadadan soʻng koʻrishdik. Prezident men, Husanov va Aliqulov bilan uchrashdi.

— Nima dedi?
— Futbolni tomosha qilishini, bizning muvaffaqiyatimizni kuzatib borishini ta'kidladi. Menga toʻp tushishi bilan darhol xavfli vaziyatni kutishini, ota-onamga minnatdorlikni etkazib qoʻyishimni va toʻxtab qolmasligimni aytdi. Ota-onamga bu haqida aytganimda, ular judayam xursand boʻlishdi.

— Husanovni eslab oʻtding. U “PSJ”ga oʻtishi mumkinmi?
— Oʻtgan yili Belarusda oʻynab yurgan yigitga, hozirda “PSJ”, “Tottenhem” va yana bir qancha grandlar qiziqmoqda. Bu terma jamoadagi oʻyinlar sening kelajagingga kuchli ta'sir qilishining belgisi — bu juda yaxshi reklama.

— Husanov haqiqatan kuchlimi?
— Ha. U Evropa darajasiga chiqishiga ishonaman. Abduqodir mening eng yaxshi doʻstlarimdan, juda koʻp suhbatlashamiz. U nimalarga qodirligini juda yaxshi bilaman. Istalgan top-klubda oʻynab keta oladi. “PSJ” va “Tottenhem” — uning darajasi. Unda deyarli barcha sifatlar — texnika, kuch, birinchi pas yuqori darajada. Tezlik borasida esa umuman ta'rifga til ojiz — Oʻzbekiston termasidagi eng tezkor futbolchi.

— Sendan ham tez yuguradimi?
— Yuz foiz. Kichik masofalarga yaxshi yuguraman, Husanov esa katta qadamlari bilan uzoqroq masofalarni bemalol yopa oladi. Biz buni oʻlchab koʻrganmiz — u soatiga 35 km tezlikda yugura oladi.

— Dam olish kunlaring qanday oʻtadi?
— Doʻstlarim bilan koʻproq vaqt oʻtkazaman. Moskvada uni sevib qoldim, chunki sovuq. Lekin koʻpincha zalga boraman, akamni ham u erga borishga undayman.

— Biror marta tungi klubga borganmisan?
— Yoʻq. Lekin tez-tez choyxonaga boraman.

— Kiyim-kechaklargachi, ularni ham sotib olishga tez-tez borib turasanmi? Masalan, Oʻrunov turli brendlar sumkasi bilan tushgan surati ancha shov-shuv boʻldi.
— Kiyim-kechak va krossovkalar mening zaif tomonlarim. Brendlardan ham nimadir sotib olishim mumkin, lekin koʻp ham emas.

— Kokorin 15 ming dollarga krossovka sotib olgan. Senda eng qimmat oyoq kiyim qancha boʻlgan?
— Travis va Louis Vuitton krossovkalari bor. Eng qimmati — 1500 dollar. Ularni Turkiya va BAAdan olib keladigan odamlarga buyurtma beraman.

— Mashinang bormi?
— Moskvada yoʻq. Oʻzbekistonda esa Chevrolet Gentra mashinam bor. Qimmat avtomobilni sotib olishni keragi yoʻq. Shunchaki turishi uchun sotib olamanmi? Oʻzbekistonga kamroq boryapman oxirgi paytlar.

— Moskvada 4000-5000 dollar sarflashingni aytganding. Nimalarga sarflaysan?
— Kvartiraga, taksiga va oziq-ovqatga sarflayman. Ota-onamga ham etarlicha pul joʻnatib turaman.

— Sen Moskvada tirbandlik hayron qoldirdi, deganding. Hozir ham shu fikrdamisan?
— Moskva juda yoqdi, yashash uchun hamma narsa bor. Tirbandlik — asosiy muammo, koʻp vaqtingni yoʻlda oʻtkazasan. Yaqinda 40 daqiqada etib borish mumkin boʻlgan yoʻnalish boʻyicha bir yarim soat yoʻl bosdim. Aytgancha, Toshkentda hozir ham xuddi shunday — 10 ballik tirbandlik.

— “SSKA”ga kelganingda, sening qoyilmaqom oʻyining muhokamalar markazida edi. Hozir Batrakov bilan shu holat yuz beryapti. Hasad qilmayapsanmi?
— Yoʻq. Nega hasad qilishim kerak? Biz turli xil odamlarmiz. Batrakov muvaffaqiyatga erishsa, bu oʻzi uchun juda yaxshi. Men esa faqat oʻzimga e'tiborimni qaratganman.

— Oʻyin jihatidan oʻxshash tomonlar yoʻqmi?
— Balki, Batrakov ham texnik tomondan kuchli. “Lokomotiv”ga qarshi oʻyinda uning ajoyib zarbasi va standartlarni yaxshi ijro etishiga guvoh boʻlganman.

— Texnika va dribling — sening eng muhim jihatlaring. Bu borada RPLda kimning oʻyini senga yoqadi?
— Spertsyan va Oblyakovning oʻyini yoqadi. Shuningdek, Barko ham toʻp bilan yaxshi muomala qiladi.

— Rossiyaliklar orasida driblerlar kamligini nima bilan bogʻlash mumkin?
— Shunchaki Rossiya futbolida kuchga koʻproq e'tibor beriladi.

— Rossiyada qanday qilib bunchalik tez porlading?
— Yaxshi muhitga tushib qoldim, darhol jamoaga qoʻshilib ketdim. Keyin menga oʻyin vaqti ham koʻproq berildi.

— Avvaliga senga etarlicha baho berishmadi, deb oʻylamaysanmi?
— Rossiyaga kelganimda, Oʻzbekistonda hamma meni moslasholmasligimni va tezda ortga qaytishimni aytgandi. Koʻpchilik menga ishonmasdi. Qoʻlimdan nima kelishini isbotlashim kerak edi. Menimcha, isbotlab boʻldim.

— Koʻpchilikning ta'kidlashicha, sen bu mavsumda va oʻtgan yilning oxirida yorqin oʻynay boshlagan ekansan. Barqarorlik etishmayotganini oʻzing sezyapsanmi?
— Ehtimol. Yoshim tufayli oʻzimni superstabil oʻyinchi deb hisoblamayman. Faqat dunyoda ikki futbolchi stabil oʻyin namoyish etadi — Messi va Ronaldu. Ba'zida futbolchida pasayishlar boʻlishi oddiy hol. Bordi-yu, taslim boʻlsam, allaqachon zaxirada boʻlardim.

— Barqarorlik uchun nimalarni qoʻshish kerak?
— Vaqt kerak, bu tajriba bilan keladi. Oʻylaymanki, bir necha yildan keyin men yaxshi darajani barqarorroq koʻrsataman. Buning uchun qoʻlimdan kelgan hamma ishni qilaman.

— Sen bahorda bir muddat Fedotovning ishonchini yoʻqotganingni aytganding. Nega bunday boʻldi?
— Osiyo chempionatidan qaytganimdan keyin u bilan gaplashdim. Charchaganim sezilib turardi. Fedotov “Oʻzingni bos, shunaqa boʻladi. Charchaganingni koʻrib turibmiz. Senga asta-sekin oʻyin vaqti beramiz. Sen koʻp foyda keltirishing mumkin”, degandi.

— Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasini boshqargan Timur Kapadze Akinfeyev seni yaxshi qabul qilganini aytib oʻtgandi. Igor bilan bogʻliq qanday xotiralaring bor?
— Akinfeyev menga: sen ishtirok etgan qandaydir soʻrovnoma oʻtkazilsa, albatta gʻalaba qozonasan, chunki barcha oʻzbeklar senga ovoz beradi, deb hazillashadi.

— “SSKA”ga kelishdan oldin ham Akinfeyevni bilarmiding?
— Albatta, ayniqsa, uning Rossiyada oʻtgan Jahon Chempionatidagi oʻyini yodimda qolib ketgan. Igor — hamon Rossiyadagi eng kuchli darvozabon.

— Mashgʻulotlarda unga gol urganmisan?
— Albatta. Deyarli bir yarim yildan buyon birga shugʻullanamiz-ku.

— Kapadze mashgʻulotlardagi musiqalarga sen javob berishingni ta'kidlagandi. Qanday musiqalarni qoʻyasan?
— Asosan Amerikancha rep: Gunna, Central Ceye, Bad Bunny. Va Konstaning musiqalari.

— Ruscha musiqalardan-chi?
— Alblak 52 ni qoʻyishim mumkin.

— Olimpiada sening orzuying edi. Hozir nimalarni orzu qilyapsan?
— Evropaning top-klubida oʻynash va Chempionlar Ligasida gʻalaba qozonishni orzu qilaman. Terma jamoa bilan esa Jahon Chempionatida ishtirok etishni. Barchasini amalga oshira olaman deb oʻylayman.

— Bir yildan soʻng qayerda boʻlasan?
— Faqatgina xudo biladi. Oʻylaymanki, maydonda boʻlaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport