date

“Manchester Siti” klubi futbolchilarining reytingi e’lon qilindi

“Manchester Siti” klubi futbolchilarining reytingi e’lon qilindi

«Manchester Siti» bu mavsum har bir musobaqada oldingi safda bo‘lishni, final va chempionliklar uchun kurashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani sir emas. Xosep Gvardiola qo‘l ostidagi jamoa hozircha ko‘rsatayotgan o‘yin va natijalar orqali shu niyatga yetarlicha ishora berib kelyapti. Biroq noyabr oyidagi xalqaro tanaffusdan keyin Premer-ligada ham, Yevropa Chempionlar ligasida ham «shaharliklar»ni jiddiy raqiblar kutmoqda.

Shu sababli Angliya futboli yorituvchilaridan biri hisoblanadigan esteemedkompany.com platformasi jamoaning hozirgacha o‘tkazilgan uchrashuvlardagi individual ko‘rsatkichlar asosida yangi reytingini e’lon qildi. Quyida o‘yinchilar taqdim etgan o‘yin, barqarorlik va jamoaga qo‘shgan hissasi haqida kengroq ma’lumot bilan tanishing.

Darvozabonlar

Italiyalik Janluiji Donnarumma «Siti» safida juda tez moslashib ketdi va 8,5 ballga loyiq deb topildi. Uning seyvlari ko‘p uchrashuvlarda jamoani qutqarib qoldi, shu bilan birga liderlik xislatlari ham yorqin namoyon bo‘lmoqda. Jeyms Trafford esa mavsumning boshida asosiy tarkibda tushgan bo‘lsa-da, Donnarummaning kelishidan keyin zaxirada qolib ketdi (6,5/10).

Himoyachilar

Mateush Nunesh oxirgi haftalarda haqiqiy kashfiyotga aylanib, o‘ng qanotni o‘z qo‘liga oldi. Reyting — 8,5. Riko Lyuis (6/10) bu mavsum hali o‘z so‘zini ayta olmadi, ko‘proq yarim himoyaga siljib o‘ynamoqda.

Abduqodir Husanov (6/10) esa jarohatlar tufayli to‘liq imkoniyatga ega bo‘lmayapti, ammo o‘ng qanotda ham o‘ynashga qobil ekanini ko‘rsatdi.

Ruben Diash (8/10) himoyaning yuragi sifatida yana yuqori darajaga qaytgan. Yoshko Gvardiol (7/10) mavsum boshida qiynalgan bo‘lsa-da, hozir so‘zsiz asosiy o‘yinchiga aylandi. Jon Stounz (7/10) jarohatlardan qaytayotganiga qaramay, ishonchli harakat qilyapti.

Natan Ake 5,5 ball bilan past ko‘rsatkich qayd etdi — ayni paytda jamoadagi raqobat fonida o‘z o‘rnini yo‘qotib qo‘ygan. Niko O’Rayli (9/10) esa «Siti»ning bu mavsumgi eng yorqin nomzodlaridan: o‘ta samarali o‘yin, Angliya termasidagi debyut va chap qanotni to‘liq o‘z qo‘liga olishi bunga misol.

Ayt-Nuri esa jarohatlar tufayli mavsumni past darajada boshladi — 5/10.

Yarim himoya

Niko Gonsales (9/10) bu mavsumning eng barqaror ijrochilaridan. U Rodri o‘rnini sezilmaydigan darajada to‘ldirib kelmoqda. Rodrining o‘zi esa (6/10) jarohatlar sabab ba’zi o‘yinlarni o‘tkazib yubordi.

Bernardu Silva 8 ball bilan yana sardorga xos tajribasini ko‘rsatmoqda. Tijani Reynders (7/10) debyut uchrashuvlarda juda yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, keyinchalik moslashish bosqichi sabab o‘yinida bir oz pasayish kuzatildi.

Fil Foden (9/10) mavsumning eng kuchli formasida. Har bir uchrashuvda o‘z o‘yinini ajoyib tarzda namoyish qilmoqda.

Hujumchilar

Oskar Bobb (6/10) yorqin vaziyatlar yaratganiga qaramay, barqarorlikda qiynalmoqda. Rayan Sherki (7,5/10) jarohatdan qaytgach uchta gol va uchta assist bilan ko‘zga tashlandi. Savino (6,5/10) barqarorlik izlayotgan o‘yinchilardan.

Jeremi Dok-u (9/10) — yozgi transferlar ichida eng muvaffaqiyatli tarkib o‘yinchisi. «Liverpul»ga qarshi uchrashuvdagi o‘yini yilning eng yaxshilaridan biri sifatida tilga olinmoqda.

Umar Marmush (5/10) jarohatlar sabab to‘liq imkoniyatga ega bo‘la olmadi. Va, albatta, Erling Xoland — 15 o‘yinda 19 gol, 10/10 reyting bilan mutlaq yetakchi. U gol urishdan tashqari jamoaviy o‘yinni tashkil etishda ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Manchester Siti» tarkibidagi raqobat shiddati, o‘yinchilarning individual o‘sishi va Gvardiola taktikalarining moslashuvchanligi — kelayotgan qiyin uchrashuvlar oldidan yaxshi signal. Ko‘rinib turibdiki, jamoa har bir pozitsiyada yetakchiga ega va Premer-liga hamda YECHLda jiddiy da’vogarlardan biri bo‘lib qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » “Manchester Siti” klubi futbolchilarining reytingi e’lon qilindi