Arsenal Chempionlar ligasida gʻalaba qozonishga tayyor — Jack Wilshere

"Arsenal"ning sobiq yarim himoyachisi Jack Wilshere Mikel Arteta jamoasi Angliya Premer-ligasidagi gʻalabadan soʻng Chempionlar ligasi finali oldidan "bosim"dan xalos boʻlganiga ishonadi. Garchi ichki chempionatdagi zafar bu mavsumning asosiy maqsadi boʻlgan boʻlsa-da, Wilshere "kanonirlar" Yevropani zabt etish borasida rejadagidan oldinlab ketganini taʼkidlamoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Arsenal" nihoyat 22 yillik tanaffusdan soʻng Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritdi. Klub akademiyasida murabbiy boʻlib ishlagan Wilsherening soʻzlariga koʻra, aynan liga chempionligiga boʻlgan intilish bu mavsumda "Emireyts"dagi barcha jarayonlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan. "Mikel va futbolchilar aynan shu sovrinni xohlashganini bilaman. Chempionlar ligasi keyingi maqsad edi, ammo jamoa ajoyib oʻyin koʻrsatib, muddatidan oldin bu darajaga chiqdi", — dedi Wilshere.
Shanba kuni boʻlib oʻtadigan finalda London klubi Luis Enrique boshqaruvidagi PSJ jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Oʻtgan mavsum yarim finalida aynan Parij klubidan uchralgan magʻlubiyat (umumiy 3:1) jamoa uchun zaruriy dars boʻlgani aytilmoqda. Wilshere yirik turnirlarda gʻalaba qozonish uchun avval magʻlubiyat alamini totib koʻrish va undan xulosa chiqarish kerakligini taʼkidladi.
"Arsenal" bu mavsumda Yevropada hayratlanarli darajada barqaror oʻyin koʻrsatdi: liga bosqichidagi barcha sakkizta oʻyinda gʻalaba qozonib, butun turnir davomida bor-yoʻgʻi oltita gol oʻtkazib yubordi. Wilshere Mikel Arteta taktik jihatdan dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri ekanligini va oʻtgan yilgi xatolardan toʻgʻri xulosa chiqarganini qoʻshimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!