Tracker'ni ikkiga bo‘lgan Cobalt haydovchisi qamaldi

Buxoro shahrida og‘ir yo‘l-transport hodisasini sodir etgan Cobalt haydovchisiga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Buxoro viloyati sudlari axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 30 mart kuni Davlatobod va Oqmasjid ko‘chalari chorrahasida yuz bergan. 21 yoshli haydovchi Cobalt avtomobilida harakatlanib ketayotib, chorrahada Tracker bilan to‘qnashgan. Zarbaning kuchli bo‘lgani sababli Tracker avtomashinasi ikki qismga ajralib ketgan.
Tekshiruvlar davomida haydovchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani aniqlangan. Sud uni svetofor talabiga bo‘ysunmaslik, yo‘l harakati qoidalarini buzish oqibatida moddiy zarar yetkazish hamda hodisa joyini tark etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarda aybdor deb topgan.
Ma’lum qilinishicha, YTH natijasida kelib chiqqan qariyb 100 million so‘mlik zarar haydovchi tomonidan qoplangan.
JIB Buxoro shahar sudi qaroriga ko‘ra, Cobalt haydovchisiga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Hozirda u belgilangan jazo muddatini o‘tamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!