14:21 / 09.01.2020
2 110

San’at Sharipov O‘FAga qaytadimi yoxud futbolimizdagi muammolar va uning yechimi haqida

San’at Sharipov O‘FAga qaytadimi yoxud futbolimizdagi muammolar va uning yechimi haqida
Bir necha kun avval San’at Sharipovning o‘zbek futboliga oid ijtimoiy tarmoqdagi fikrlarini chop etgandik. Uning O‘FA va “Paxtakor” borasidagi qarashlari ko‘pchilikni e’tiborini tortdi. Ayrim insonlar San’at Sharipov O‘FAdan ketib, tanqid qilishni boshladi degan xayolga ham borishdi.
O‘z navbatida biz San’at Sharipov bilan intervyu tashkil etdik. Bir necha kun avval Sharipov fikrlarini birinchi qismini taqdim etgandik. Bugun esa mutaxassis bilan ana shu intervyuning ikkinchi qismini havola qilamiz.

- Otabek G‘ulomxo‘jayevni O‘FA qanday himoya qilishini kutgandingiz va nima uchun?
- Dunyo tajribalarini ko‘p bilaman. Bunaqa vaziyatlarda murabbiylar ozgina bo‘lsa ham o‘zi ishlaydigan federatsiya yoki assotsiatsiyalar himoyasiga muhtojlik sezadi. Chunki bunday paytda bir-birimizni o‘zaro qo‘llamasak, ahillik yo‘qoladi. Bunday pallada murabbiy ogohlantirilib, uning oyligidan ushlab qolinishi orqali Otabek G‘ulomxo‘jayevni olib qolish mumkin edi, deb o‘ylayman. Sababi, OFKdan murabbiyni olib tashlanglar, aks holda biz O‘zbekiston U-19 terma jamoasini musobaqadan chetlatamiz, deb xat kelmaydi. Bu shaxsan har bir assotsiatsiyaning o‘ziga havola.

Endi G‘ulomxo‘jayev haqida yana boshqa yozgan qo‘shimchalarimning sababi u qo‘lidagi futbolchilarni biladi, ancha tayyorlandi, ular bilan yo‘lning katta qismini bosib o‘tdi, unga oxirigacha imkoniyat berish kerak edi degan ma’noda aytdim. Lekin bu chiqishlarimdan keyin O‘FA uning o‘rniga Temur Kapadze kelganini e’lon qildi. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, Kapadzeni juda xurmat qilaman. Uzoq yillardan beri uning otasi Tohir aka bilan yaxshi aloqadamiz.

Bejizga avvalgi rahbariyat Temur Kapadzeni vaqtincha bo‘lsa-da, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga murabbiy etib tayinlamagandi. Sababi, Kapadzeda zamonaviy futbolga bo‘lgan qarashlar, undan tashqari ko‘pchilik muxlislardan eshitaman “Temur paytida terma jamoamiz o‘yini boshqacha edi”. Ishonamanki, u yangi jamoada futbolchilar bilan til topishib ketadi va musobaqaga yaxshi tayyorlaydi. Bu borada men unga omad tilayman. O‘zi uchun bu birinchi jiddiy sinov. Bu yo‘lda hammamiz uni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga Otabek G‘ulomxo‘jayevni xurmat qilgan holda aytamanki, uni ham hali oldinda yorqin kunlar kutmoqda. Nafaqat klub darajasida, balki terma jamoaga ham bunday murabbiylarning qaytishiga ishonaman.

- Sizga hozirgi kunda berilayotgan eng ko‘p savol qanday?
- Menga terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqadimi yoki yo‘qmi? degan savolni berishmoqda. Bu nafaqat hozirgi, balki doimiy raqishda uchrab turadigan murojaat. Savollar orasida reyting tuzadigan bo‘lsak, ikkinchi o‘rinni nega bizning futbolchilar Yevropaga ketmaydi? deya so‘rashadi. Endi bu haqda ko‘p gapirganmiz, fikrlarimni bildirganman. Shuning uchun shu savollarga faqat yaxshi niyat bilan javob beraman.

- O‘FAda nimalarni qila oldingiz va nimalar qolib ketdi?
- Men ishlagan va hozirgi O‘FAning maqsadi bitta. U ham bo‘lsa olimpiya terma jamoasini Tokio-2020ga yo‘llanma olishini ta’minlash va shu bilan birga milliy terma jamoamizni jahon chempionatiga chiqishi ustida mehnat qilish. Hozir ham bu o‘zgarmagan va yanada kuchaygan. Futbolda natijaga qandaydir 1 yoki 2 yil ichida erishilmaydi.
Misol tariqasida aytishim mumkinki, Prezidentimizning o‘zlari bosh qosh bo‘lib turishlari natijasida, yordamlari va ko‘rsatmaliri bilan futbolimizning 10 yillik dasturi e’lon qilindi. Bu nimani anglatadi? Demak, bu futbolda yaqin bir ikki yil ichida yutuqqa erishish juda qiyinligini, rivojlangan mamlakatlarga o‘xshab 10-15 yillik dasturlarni e’lon qilishdan boshlanadi.

Undan tashqari, 2020-2021 yildan boshlab tegishli ta’lim muassasalarida sport shifokori, sport psixologi, sport farmakologi, sport huquqshunoslari va sport diyetologi yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil qilish O‘FAning o‘z oldiga qo‘ygan eng ustuvor maqsadlaridan biri. Buni o‘qib juda xursand bo‘ldim. Sababi, o‘zim ham O‘FAga kelganimda Rossiya futbol ittifoqidan mamlakatning sport qonunchiligidan arxitektorlarini taklif etib, Toshkentda Superliga hamda Pro ligada ishtirok etayotgan jamoalarning sport direktorlari, huquqshunoslari uchun seminarlar o‘tkazgan edik va o‘ylaymanku, shu materialni o‘qiyotgan insonlar o‘zlari uchun juda ham ko‘p savollarga javob topishdi.

Balkim biz o‘sha boshlagan narsa hozirgi bo‘layotgan o‘zgarishlarning bir debochasi bo‘lishi mumkin. Bu juda to‘g‘ri yo‘nalish qilindi. Rahbariyatning o‘zi futbolni qattiq nazorat qilib, ichidagi har xil tushunmovchiliklarning oldini olib, yaqin orada 10 yillik dasturga qat’iy amal qilinadigan bo‘lsa, albatta, xalqaro sahnaga chiqamiz.

- Futbolimizning asosiy muammosi nima?
- Bu menimcha, bolalar futboli. Chunki bolalar futbolida yetarlikcha shart-sharoitlarning yo‘qligi, maydonlarning kamligi (yo‘qligi). Yevropaga borganimizda ham ko‘rdik – oddiy klublarning akademiyalaridagi sharoitlar bizning bolalar uchun hali ham orzuligini.

Birinchi navbatda, viloyatlarda akademiyalar binolari hamda maydonlariga e’tibor qaratishimiz kerak. Bolalar uchun ob-havoga qarab yuqori sifatli tabiiy o‘tdan maydon qurib, ichida o‘zi o‘qiydigan ta’lim muassasalarini barpo etib, basseynlar va hamma sharoitlarni muhayyo qilinadigan bo‘lsak, buning mevasini olamiz. Sharoitlar yaxshilansagina kelajakka boshimizni ko‘tarib qarashimiz mumkin.

- O‘z oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz? Ya’ni O‘FAga qaytish niyat bormi?
- Hayotda maqsadlarim juda ko‘p. Hammasi ham futbol bilan bog‘liq emas. Futbolni yaxshi ko‘rganim uchun xohlasam ham, xohlamasam ham shuni ichida o‘tadi. O‘FAda ishlamagan taqdirimda ham futbol bilan yashayman. Buni yurakdan olib tashlash qiyin. Xuddiki, bu muhabbatga o‘xshaydi. Bir narsani sevib qolganingizdan keyingi oxirigacha unga vafodor bo‘lishga harakat qilasiz. Shuning uchun futbol mening hayotim. U menga hayotni yanada jozibaliroq qilib ko‘rsatadi. Usiz hayotimni tasavvur qila olmayman. O‘zim ham futbol o‘ynab turaman.

Yuqorida aytganimdek, 20 yillik umrimni xorijda o‘tkazdim, ko‘plab tajriba to‘pladim, o‘qidim, shu sohaga o‘zining bevosita mehnatlarini ayamayotgan FIFA, UYEFAdagi katta insonlar bilan muloqotda bo‘lib, ular bilan birga hamkorlik qildim. O‘ylaymanki, agar qachondir men o‘rgangan ilmlarga rahbariyat, futbolda bevosita ishlaydigan insonlar muhtoj bo‘lsa, albatta, vatanim, xalqim, futbolimiz uchun hech qachon yordamimni ayamayman. Bunga har doim tayyorman. Lekin shu bilan birga hozirgi jamoaga shaxsan o‘zim omad tilayman.

Oldimizda Olimpiada o‘yinlari turipti. Mana shu yigitlar bilan tanishman, yig‘inlarda birga bo‘ldik. Agar ular saralashdan o‘tishsa, bu yutuqda ma’lum miqdorda bo‘lsa ham hissamiz bor deb hisoblaymiz va uning bir qismi sifatida g‘ururlanamiz. Tokio maydonlarida futbolchilarimizni o‘sha yerning o‘zidan qo‘llab-quvvatlash nasib qilishini tilab qolaman.

Shu bilan birga 2020 yil milliy terma jamoamiz uchun omadli kelishini tilab qolaman. Hammamizning orzuimiz qachonlardir terma jamoamiz mundialga chiqishini kutib yashash. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hamda futbol ishqibozi sifatida shaxsan men termamizni JCHga chiqishini chin dildan xohlayman. Yaqinlarim bilan birga Qatarda o‘zimizning futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash orzuim!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » San’at Sharipov O‘FAga qaytadimi yoxud futbolimizdagi muammolar va uning yechimi haqida