4 758
«Kuper himoya qilgan futbolchilar unga ortdan pichoq urishdi» — San’at Sharipov Abramovni kim chaqirgani, Ravshan Ermatov va o‘zbek futbolidagi muammolar haqida
Tribuna.uz sayti O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi sobiq xodimi, xalqaro sport huquqshunosi va futbol agenti San’at Sharipov bilan jonli muloqot o‘tkazdi. O‘FA sobiq xodimi suhbat davomida O‘zbekiston milliy jamoasining muvaffaqiyatsizligi sabablari, Ektor Kuperni milliy jamoadan kimlar ketkazgani, Vadim Abramovning xatolari, O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va boshqalar haqida fikrlarini bildirib, bungacha aytilmagan gaplarni ochiqladi. Kun.uz intervyuning asosiy qismlarini keltiradi.
Falastindan uchralgan mag‘lubiyat rejalashtirilganmidi?
San’at Sharipovning fikricha, 2019 yilda milliy jamoa o‘yinchilari argentinalik bosh murabbiy Ektor Kuperni ketkazish uchun Falastinga atayin yutqazib berishgan.
- Umid Ahmadjonov boshqaruvidagi rahbariyat Ektor Kuperga jamoani yoshartirish, avlodlar almashinuvini amalga oshirish, qariya futbolchilardan voz kechishni taklif qilgan. Ammo murabbiy tajribali futbolchilar unga kerakligini, ularsiz o‘yin qura olmasligini aytgan va bunga rozi bo‘lmagan. Afsuski, yakunda aynan o‘sha futbolchilar Falastinga (0:2) qarshi o‘yinda Kuperning ortidan pichoq urishdi.
Falastin bilan bahsda yutqazish oldindan rejalashtirilgandi. Hatto shunday gaplarni eshitganmanki, jamoa Falastinga uchib ketishidan avval Abramovga tayyor bo‘lib turishi, tez orada Kuper o‘rnini egallashi haqida aytilgan.
Futbolni tushunadigan muxlislar Falastin urgan gollarni yaxshilab ko‘rib chiqishsa, mening fikrimga qo‘shilishadi. Tuhmat — yomon narsa. Lekin qanchalik inkor etilmasin, ataylab yutqazib berilgani borasidagi fikrim o‘zgarmaydi. Kuperning yonini olyapti, deb o‘ylashmasin. Men uning O‘zbekistonga kelishini OAVdan o‘qiganman va undan 3 oy oldin ishdan ketganman.
Kuperning uslubi to‘g‘ri kelmadi, uning g‘oyalari eskirgan deyishdi. Lekin nega o‘rniga undan-da kuchliroq mutaxassis olib kelinmadi?
«Jasur Jaloliddinov – Abramov va Belous qurboni bo‘ldi». Yosh futbolchilarimizning aldanib qolayotgani haqida
O‘zbekistonlik futbol agenti Jasur Jaloliddinovning Rossiya klubida o‘ynab keta olmagani haqida ham gapirdi.
- Jasur Jaloliddinovning transfer ishidan xabarim bor. U Vadim Abramov va Yuriy Belousning qurboniga aylandi. Futbol agenti va murabbiy yosh bolani tangaga almashtirishdi, desa bo‘ladi. Ular yosh bolaning ortidan mo‘maygina daromad topishdi, ammo uning taqdiri, o‘ynay olishi haqida o‘ylashmadi. Rossiyada o‘z holiga tashlab qo‘yishdi. Shu voqealarni ko‘rib, ko‘nglim og‘riydi. Yosh bolaning ortidan buncha pul ishlash va bunaqa holatda tashlab qo‘yish – eng past ish. Afsuski, oddiy odamlarimizni mana shunday chuv tushirishmoqda. Belous qo‘l ostida Moskvada ishlaganman. Shu bois uning qanday ayyor odam ekanligi menga ma’lum.
«Mashg‘ulot o‘tkazishga maydoni, yashashga bazasi yo‘q «yetim» milliy jamoa bilan JCHga chiqishni o‘ylayapmiz»
O‘FA sobiq xodimi O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatiga chiqishga loyiq emasligi haqida gapirdi.
- Klublarimizni xususiylashtirish? Hozirgi vaziyatda buning imkoni yo‘q. Bo‘lsa ham, majburiy yo‘l bilan amalga oshiriladi. Homiylar yo‘q. Chunki O‘zbekiston chempionati qiziqmas. Klublarga pul tikib, foyda olish qiyin.
Homiylarni qiziqtirish uchun futbolimiz qiziq va sifatli bo‘lishi, kelishilgan o‘yinlar bo‘lmasligi, lo‘ttiboz hakamlarni yo‘qotish kerak. «Yana bir marta xato qilsang, jazolayman» deb kechiravermaslik kerak. Bir-ikki hakam va murabbiylarni chetlatdik, to‘g‘ri. Lekin 5 yilga chetlatilgan murabbiy 2 yil o‘tmay qaytib kelyapti. Qonunlarimiz ishlamagandan keyin qanday qilib klublarni xususiylashtirish haqida gapirish mumkin?
Kelishilgan o‘yinlar, hokimlarning futbolga aralashuvi, noto‘g‘ri pul sarflanishi bilan qayergacha bora olamiz? Ko‘rdik-ku, hatto «Paxtakor» shuncha resurs bilan OCHL chorakfinaliga bora oldi, xolos. Abramov qancha pul sarfladi, Superligani to‘xtatib xohlagan joyida yig‘inlar o‘tkazdi. Hech qaysi mamlakatda chempionatni oylab to‘xtatib, milliy jamoa yig‘inlar o‘tkazganini bilmayman. Safarlarga shuncha xarajat qilgandan, 1-2ta maydon yoki milliy jamoaga baza qursa bo‘lardi-ku. Mashg‘ulot o‘tkazishga maydoni yo‘q, yashashga joyi yo‘q «yetim» milliy jamoa bilan jahon chempionatiga chiqishni o‘ylayapmiz.
«Nomga qarab lavozim beramiz. Boshqa biror davlatda ishlab turgan hakamni rahbarlikka tayinlashganini eshitmaganman»
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi sobiq xodimi jahon chempionatiga chiqa olmaganimizdan so‘ng O‘FA rahbariyati iste’fo bermaganidan hayronligini aytdi.
- Abramov bilan jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz yangilik emas. Lekin alamlisi, hech qachon bu bosqichda qolib ketmagandik. 2 yil ichida natija qayd etilmadi, jahon chempionatiga chiqa olmadik. Yakunda O‘FA kongressidan so‘ng faqat Abramov va Haydarov ishdan ketishdi. Nega Ermatov va uning guruhi iste’fo bermadi?
Ravshan Ermatov — yaxshi hakam. Bu borada ko‘plab yutuqlarga erishgan. Ammo hech qaysi davlatda hakamni birdaniga rahbar qilib qo‘yishganini eshitmaganman va ko‘rmaganman. Nimaga qarab bunday qaror chiqarishadi, hayronman.
Futbolga aloqador odamlar ishlashi kerak, deb aytishadi. Lekin umrida kitob o‘qimagan sobiq futbolchilarga qanday qilib lavozim berish mumkin? Bizda faoliyatini yakunlagan yulduz o‘yinchilarni yoshlar jamoasi yoki milliy jamoaga murabbiy etib tayinlashadi. Hech qaysi davlatda bunchalik tez ko‘tarilib bo‘lmaydi. Nomga qarab lavozim beradigan bo‘lib qolganmiz. Xorijda hatto jahon chempioni bo‘lgan futbolchilarga ham «Kel, federatsiyada ishlaysan. Kel, milliy jamoani boshqarasan», degan taklif bilan chiqishmaydi.
«Kuperni ketkizishga majbur qilishdi». Kuper o‘rniga Abramovni chaqirish rejasi kim va qachon tuzilgan?
San’at Sharipov O‘zbekiston milliy jamoasi yetakchilarining Ektor Kuper bilan munosabati haqida ham fikrlarini bildirdi.
- Kuperning ketkizilgani haqida uzoq o‘yladim. Aytaylik, o‘zimizni qaysidir futbolchilar uning boshqaruvida erkin yura olmagani uchun ham Kuperni ketkizishga majbur qilishdi. Chunki o‘zimizni yetakchi bo‘lgan qariya o‘yinchilarimiz Kuper davrida erkin, bemalol bo‘la olmadi. Sababi boshqa murabbiylar bo‘lganida ularga erkinlik berardi-da! Masalan, yig‘inlar payti xohlasa barcha qatori mehmonxonada yotardi, xohlasa uyiga qaytardi, istasa nonushtaga chiqar, istamasa tushmasdi. Kuper uchun esa avtoritet degan narsa yo‘q edi. Kim bo‘lishingdan qat’i nazar eng avvalo intizom – rejaga amal qilish edi. Ovqat yeysanmi-yemaysanmi jamoa bilan birga oshxonaga tushasan.
Keyin esa shunaqa voqealar bo‘ldiki, kimligini aytmayman, «men uyga ketsam maylimi, o‘rtog‘imning tug‘ilgan kuni bor edi...» deyishardi. Oxir-oqibat Kuper aytdiki, «bu futbolchilarning xayoli milliy jamoada emas-ku, ularga nega bunaqa erkinlik berib qo‘yilgan? Ularga pul berayotgan bo‘lsanglar, mamlakat milliy jamoasi sha’nini himoya qilayotgan bo‘lsa, nega bunday munosabat?» derdi.
Shu bois Kuperning qattiqqo‘lligi yetakchi futbolchilarimizga yoqmadi va bundan tezroq qutulish ilinjida ssenariy Falastin bilan o‘yindagi «o‘yin»larga va boshqa voqealarga ulanib ketdi.
Aziz Haydarovni Kuper tomonidan 2019 yilgi Osiyo kubogiga boradigan tarkibga olinmagani ham, O‘FAda o‘zgarishlar bo‘lib ketgach Haydarovni federatsiyada ish boshlab, milliy jamoa boshqaruvida Kuper o‘rniga o‘zi yaxshi ko‘rgan, hurmat qilgan Abramovni olib kelish rejasi tuzilishi o‘sha paytlardan boshlangan, degan fikrdan uzoq emasman.
«Kapadze va Berdiyev? Milliy jamoani yangi darajaga ko‘tara oladigan mahalliy murabbiylarimiz yo‘q»
O‘FA sobiq xodimi O‘zbekistonda milliy jamoani yangi darajaga ko‘tara oladigan murabbiylar yo‘qligi haqida gapirdi.
- Ko‘pchilik muxlislar Temur Kapadze va Ro‘ziqul Berdiyevning O‘zbekiston chempionatidagi natijasidan kelib chiqib, ularni milliy jamoani boshqarishga munosib deyishadi. Ammo o‘zimizda O‘zbekiston milliy jamoasini yangi darajaga olib chiqa oladigan mahalliy murabbiylar yo‘q. To‘g‘ri, Berdiyev yaxshi murabbiy, ammo negadir «Nasaf» natijalari faqat shu mutaxassis bilan bog‘lanadi. Nega? Axir, «Nasaf»da butun boshli sistema bir xil ishlaydi. U yerda akademiya direktori bor, yosh o‘yinchilar xuddi inkubatordan chiqqandek o‘sib kelyapti. Nima bu ishlarning hammasini Ro‘ziqul Berdiyev qilyaptimi?
U «Nasaf» tizimiga mos keladigan murabbiy. Murabbiy zo‘rligini isbotlash uchun marhamat, boshqa klubga o‘tib ishlab ko‘rsin. Boshqa sharoitlarda ishlasin. Biz ko‘raylik, o‘shandan keyin haqiqatan ham bu odam kuchli mutaxassis ekan deb milliy jamoani ishonish mumkin. Berdiyev yaxshi mutaxassis, bunga gap bo‘lishi mumkin emas, ammo «Nasaf»da faqat u emas, butun tizim yaxshi ishlaydi. Aytaylik, uning o‘rniga Ulug‘bek Baqoyevni ham o‘sha klubga chaqirsangiz qo‘lidagi masalliqdan foydalanib, deyarli shunaqa o‘yin ko‘rsatib berishini bemalol ayta olaman. Chunki Qarshida tizim ishlayapti.
Xuddi shu gapni Temur Kapadze haqida ayta olaman. U ham boshqa klublarga o‘tib, turli sharoitlarda ishlab ko‘rsin. Salohiyatini to‘liq ko‘rsatishsin, biror joyga borib murabbiylik malakasini oshirishsin. Ular kimdan o‘rganadi? Televizor qarshisida o‘tirib, taktika o‘rganish ish emas. Yevropaga borib, to‘liq amaliyot o‘tash kerak, murabbiylar bilan suhbatlashish lozim.
Mavzudan tashqari bo‘lsa-da aytay, O‘FAdagi faoliyatim davomida marketing bo‘yicha klublar mutaxassislarini ish o‘rganish, malaka oshirish uchun Yaponiyaga olib bordik. Hammasi qorin qo‘ygan yoshi katta odamlar. Xorijdagi stadionlarga biror narsani o‘rganish emas, sayohat, rasmga tushish uchun borib kelishdi. O‘sha borib kelganlardan hozirgacha birortasining futbolga foydasi tekkani yo‘q. Borib kelgach, xuddi «paxta plani bajarildi» degandek xabar berildi. Hammasi xo‘jako‘rsinga bo‘lgandek edi. Shunaqa ishlar uchun ham futbolimiz rivojlanmaydi, - deydi San’at Sharipov. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi