Superligada 23-tur boshlanadi: chempionlik uchun keskin kurash

Bugundan Superligada 23-tur uchrashuvlariga start beriladi. Besh kun davomida muxlislar qiziqarli va dramatik to‘qnashuvlarning guvohi bo‘lishadi. Chempionlik uchun olib borilayotgan kurashda turni \"Nasaf\" ochib bersa, \"Neftchi\" yakunlab beradi.
25-sentyabr
20:15. “Nasaf” – “Xorazm”
Qarshidagi bahsda mahalliy klub \"Xorazm\"ni qabul qiladi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari uchun natija eng ustuvor vazifa. Chunki sanoqli kunlardan keyin OCHL Elitda Saudiyaning mashhur grandi “Al-Hilol”ga qarshi o‘ta murakkab bellashuv kutmoqda. Shu sabab \"Nasaf\" bu safar ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatishi va kuchini tejashi kutilyapti.
26-sentyabr
19:00. “Andijon” – OKMK
\"Andijon\" ham xalqaro maydonda ishtirok etmoqda. \"Burgutlar\" 1-oktyabr kuni Qatarning \"Al-Ahli\" klubini qabul qiladi. Ushbu bahs oldidan Maksim Shatskix jamoasi uchun ichki chempionatda ham g‘alaba juda muhim.
27-sentyabr
18:00. “Navbahor” – “Qizilqum”
\"Navbahor\"ning g‘alabasiz seriyasi davom etmoqda. Buxoroda 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat klubda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatdi. Bosh murabbiy Sergey Lushchan jamoa bilan emas, o‘rinbosarlar ustozi Sherzod Jo‘rayev shug‘ullantirayotgani haqida xabarlar bor. “Qizilqum”ga qarshi bahsda ham oson bo‘lmaydi.
28-sentyabr
17:30. “Qo‘qon-1912” – “Bunyodkor”
Birinchi davradagi o‘yinda qo‘qonliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Keyingi turda esa “Bunyodkor” OKMKdan 5 ta gol qabul qilib oldi. Ilyos Zeytullayev bu safar o‘z muxlislarini xursand qilish uchun harakat qiladi.
29-sentyabr
19:00. “Dinamo” – “Sho‘rtan”
“Sho‘rtan” \"Paxtakor\"dan bir ochko olib sensatsiya ko‘rsatdi. Ammo ularning ligada qolish imkoniyati juda og‘ir. Samarqanddagi “Dinamo”ga qarshi bahsda yutishdan boshqa iloji yo‘q.
19:00. “Paxtakor” – “Surxon”
\"Sherlar\" o‘z uyida yosh va tezkor tarkibga ega \"Surxon\"ga qarshi bahs olib boradi. Mahorat jihatidan ustun bo‘lgan \"Paxtakor\" muxlislar oldida g‘alaba uchun maydonga tushadi.
30-sentyabr
19:00. “Mash’al” – “Buxoro”
Ikki qo‘shni jamoa to‘qnashuvi. Aleksandr Xomyakov sobiq klubiga qarshi maydonga tushadi. Imkoniyatlar teng va o‘yin taqdirini yagona gol hal qilishi mumkin.
19:00. “So‘g‘diyona” – “Neftchi”
Turning eng markaziy bahsi. Chempionlikka jiddiy da’vogar “Neftchi”ni Jizzaxda haqiqiy sinov kutyapti. Ivan Boshkovich shogirdlari jiddiy kuchayish orqali raqobatbardoshlikni oshirgan. Imkoniyatlar teng va muxlislar uchun dramatik bahs bo‘lishi shubhasiz.













