Endi hamma ham grin-karta ololmaydi

USCIS AQSHda vaqtinchalik viza bilan yashab turgan xorijliklar uchun grin-karta olish qoidalari yangilanganini ma’lum qildi. Yangi tartibga ko‘ra, endi ariza beruvchilarning katta qismi mamlakat ichida emas, balki AQSH tashqarisida turib rasmiylashtirish jarayonidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH hududida turib maqomni o‘zgartirish uchun hujjat topshirish faqat ayrim istisno holatlardagina amal qiladi. Qolgan holatlarda esa vaqtinchalik vizada yurgan xorijliklar o‘z davlatiga qaytib, AQSHning xorijdagi konsulliklari orqali jarayonni davom ettirishi lozim bo‘ladi.
Yangi qoidalar talabalar, sayyohlar hamda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan yurgan shaxslarga ham tegishli ekani aytildi. USCIS ta’kidlashicha, noimmigratsion viza orqali AQSHda bo‘lish avtomatik tarzda doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritish bosqichiga aylanmasligi kerak.
Idora vakili Zak Kaxlerning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim grin-karta rad etilganidan keyin mamlakatda noqonuniy qolib ketuvchilar sonini qisqartirishga yordam beradi.
Shuningdek, USCIS ushbu o‘zgarishlar immigratsiya tizimidagi yuklamani yengillashtirishi, fuqarolikka arizalar hamda zo‘ravonlik va odam savdosi qurbonlari uchun vizalar masalasiga ko‘proq e’tibor qaratish imkonini berishini bildirdi.
Yangi siyosat migrantlar va huquqshunoslar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik qonuniy asosda AQSHda yashayotganlar uchun ham grin-karta olish jarayoni yanada murakkab va uzoqqa cho‘zilishidan xavotir bildirmoqda.













