O‘zbekistonda kafe va mehmonxonalarda naqd pulga alkogol sotishga ruxsat berilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev kichik biznes subyektlari uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy muhit yaratishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasiga oid qator yengilliklar muhokama qilindi.
Taqdimot davomida kafe, restoran va mehmonxonalarda alkogol hamda tamaki mahsulotlarini naqd pul shaklida sotishga ruxsat berish taklifi ilgari surildi. Shu bilan birga, qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi bo‘yicha amaldagi talabni bekor qilish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Qayd etilishicha, bu choralar xizmat ko‘rsatish sohasidagi kichik biznes uchun ma’muriy yukni yengillashtirish va faoliyatni qonuniy yuritishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgarishlar 600 mingdan ortiq kichik biznes subyektlarining qonuniy o‘sish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Soliq bazasining shaffoflashishi orqali budjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushishi prognoz qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, kichik biznes uchun adolatli va qulay sharoit yaratish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab 28 ming turdagi tovar va xizmatlar faqat bank yoki karta orqali sotila boshlangan edi. Naqd pulga sotilmaydigan 22 ming turdagi mahsulotlar asosan alkogol va tamaki mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, Farrux Po‘latov 21 aprel kuni Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda restoran va mehmonxonalarda alkogol uchun naqd pul to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yangi tartib ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi. Unda tadbirkorlar sayyohlar bilan ishlash jarayonida naqdsiz to‘lov sabab qiyinchiliklarga duch kelayotganini bildirishgan.













