O‘zbekistonlik jinoyatchi AQSHdan deportatsiya qilindi

O‘zbekistonda giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, uzoq vaqtdan buyon qidiruvda bo‘lgan 37 yoshli fuqaro AQSHda qo‘lga olindi va O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan AQSHning huquq-tartibot idoralari hamda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida qidiruvdagi shaxsning joylashuvi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1989 yilda tug‘ilgan ushbu shaxs 2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qidiruvga berilgan edi. U giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlarda ayblangan.
Olib borilgan hamkorlik natijasida u AQSHning Nyu-York shahrida aniqlanib, qo‘lga olindi hamda belgilangan tartibda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Hozirda unga nisbatan qonun doirasida tergov harakatlari davom etmoqda. Mutaxassislar bu holat xalqaro hamkorlikning samarali namunasi ekanini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!