16:39 / 01.02.2018
6 003

Gruziyalik olimlar eplolmagan ishni uddalagan bog‘bon

Gruziyalik olimlar eplolmagan ishni uddalagan bog‘bon
Xalqimiz “qish mevasi” deya e’zozlaydigan limon bugun bozorlarimizda serob. Narxi ham hamyonbop. Chunki yurtdoshlarimiz allaqachon bu sitrus ne’matni uy sharoitida yetishtirishning hadisini olishgan. Ammo yarim asr avval buni faqat orzu qilish mumkin edi, xolos. Yoshi ulug‘ kishilar yaxshi eslashadi: ilgari O‘zbekistonga limon chet davlatlardan olib kelinar, ushbu shifobaxsh ne’matni sotib olishga esa hammaning ham qurbi yetmasdi. Xo‘sh, issiqsevar o‘simlik mahalliy iqlim sharoitiga qay tariqa moslashtirildi?

Aslida, mazkur nabotot namunasini iqlimlashtirish harakati 1932 yilda boshlangan edi. O‘shanda yurtimizga Gruziyadan kelgan 15 nafar olim mahalliy mutaxassislar ko‘magida sitrus ekinni ekib, ko‘paytirishga kirishadi. Biroq uch yillik sinov amaliyoti kutilgan natijani bermaydi. Ya’ni O‘zbekistonda qish qattiq kelishi oqibatida daraxtlarni sovuq uradi. Limon issiq va yorug‘sevar, ayni paytda namga talabchan o‘simlik emasmi, 17-18 daraja haroratda yaxshi rivojlanadi. 1,5-2 daraja sovuqda uning mevasi va novdalari, 5-6 darajada esa daraxtning butun tanasi nobud bo‘ladi. Hafsalasi pir bo‘lgan olimlar o‘simliklarni ko‘mib tashlashga qaror qiladi. Jarayonni yaqindan kuzatgan Faxriddin bobo endigina 10 yoshga to‘lgan o‘g‘liga qarata “Zayniddin, o‘simlik to‘g‘ri parvarishlansa, ona-tuprog‘imizda, albatta, hosil beradi”, deydi.


Bu bo‘lg‘usi bog‘bonning limonga mehri tushishiga katta turtki beradi. Oradan yillar o‘tsa-da, mazkur injiq o‘simlikni ko‘paytirish fikri uning xayolidan bir zum ham ketmaydi. Biroq ko‘chatni qayerdan oladi?

“Tadbirli odam tang ahvolda qolmaydi”, deganlari rost ekan. Buni qarangki, bog‘bon na’matakka atirgulni payvand qilish orqali yetishtirgan ko‘chatlarga Gruziyada talab ortib ketadi. Natijada uning orzusi ro‘yobi sari yo‘lakcha ochiladi.

Gap shundaki, Zayniddin Faxriddinov atirgul o‘rniga sitrus daraxt nihollarini olib keladi. Ekishda esa an’anaviy usullardan voz kechib, transheyani qo‘llaydi. Ya’ni yerning bir yarim metr tuprog‘i olib tashlanib, usti yopiq holda, isitkichsiz parvarishlay boshlaydi.

Chin dildan qilingan mehnat samarasi uzoq kuttirmadi. 1960 yil oktyabr oyida limon daraxtlaridan nishona hosil uzib olindi. Shu tariqa Z. Faxriddinov izlanishlari tufayli yurtimizda bog‘dorchilikning yangi tarmog‘i — limonchilikka asos solinadi. 1965 — 1995 yillarda Toshkent viloyatining hozirgi Qibray tumani hududida umumiy maydoni salkam 70 gektarlik issiqxona bunyod etilib, limonzorlar yaratiladi. Uning har gektaridan 30 tonnadan hosil olinadi. U nafaqat respublikamiz aholisi dasturxoniga tortiq etiladi, balki eksport ham qilinadi.


Xalq seleksioneri, faxriy akademik Zayniddin Faxriddinov tomonidan limonning “F-2 Yubileyniy”, “Zolotoye yabloko”, “Toshkent”, “Meyr” mahalliy navlari yaratilgan. Ular serhosilligi, mevasining yirikligi, o‘zgacha mazasi bilan alohida qadrlanadi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan limonchilikni rivojlantirish, issiqxonalar barpo etish, sitrus mevalar yetishtirishni ko‘paytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani o‘zbek limonchiligining asoschisi bo‘lgan Zayniddin Faxriddinov ishini davom ettirayotgan biz, farzandlari, shogirdlari ko‘nglini tog‘dek ko‘tarmoqda. Chunki limonchilik serdaromad tarmoqlar sirasiga kiradi. Xarajati kam, foydasi esa yuqori.

Yana bir muhim jihati, o‘simlikni transheya usulida hech qanday yoqilg‘isiz parvarishlash mumkin. Niholi o‘tqazilgandan so‘ng 3-4 yilda meva tugadi. Uning har tupidan 15 — 20 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Bu uy sharoitida gultuvakda parvarishlangan bir tup limon bitta oilaning ushbu tansiq ne’matga bo‘lgan talabini bemalol qondiradi, deganidir.

Sanoat usulida yetishtirilganda esa gektaridan 30 tonnadan oshirib hosil terib olinadi. Uning har kilogrammini o‘rtacha 10 ming so‘mdan sotgan taqdiringizda ham 300 million so‘m daromad ko‘rish mumkin.


Ushbu mevaning inson salomatligini mustahkamlashdagi rolini esa mablag‘ bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Binobarin, limon sharbati tarkibida 3,5 — 8,1 foiz kislota, 1,9 — 3 foiz qand, S, RR va V vitaminlari, pektin moddalar, temir, fosfor, kaliy, kalsiy, magniy tuzlari bor. Shu bois limon mevasi qon bosimi oshganda, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklarida eng samarali vosita sifatida tavsiya qilinadi. Oziq-ovqat sanoati, ayniqsa, qandolatchilikda muhim xom ashyo sanaladi. Guli tarkibida efir moylari nihoyatda ko‘pligi tufayli kosmetika sanoatida o‘ta qadrlanadi. Murg‘ak bachkisi choy qilib ichilsa, ko‘plab xastaliklarning oldini oladi.

Yurtimizda limonchilikni yanada ravnaq toptirish borasida ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar hosildorligi, ta’mi, shifobaxsh xususiyatlari bilan farqlanuvchi O‘zbekiston limonining yangi navlarini yaratish borasidagi ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirish, uni dunyo xalqlari dasturxoniga tortiq qilish borasida qo‘shimcha imkoniyatlarni tuhfa etmoqda.
Ra’no XODJAYEVA

Manba: xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gruziyalik olimlar eplolmagan ishni uddalagan bog‘bon