
O‘zbekistonda messenjerdan faol foydalanadigan ko‘plab aholi uchun xavotirli tendensiya kuzatilmoqda — Telegram orqali yuborilayotgan zararli APK fayllarining keskin ko‘payishi ko‘pchilikni moliyaviy va shaxsiy ma’lumotlaridan ayirmoqda. Kiberxavfsizlik markazi rahbariyatining ma’lum qilishicha, foydalanuvchilarning 40 foizi ana shunday faylarni ochib, o‘z telefonlarini firibgarlar uchun ochiq eshikka aylantirib qo‘ymoqda.
Jahongir Sagdullayevning ta’kidlashicha, firibgarlar odamlarni ishontirish uchun foydalanadigan usullar tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, «Bu sening rasmingmi?», «To‘yga taklifnoma» kabi e’tiborni tortadigan nomlar orqali zararli fayllar tarqatiladi. Fayl bir marta ochilishi bilan esa firibgarlar qurbonning telefonidagi kontaktlar, galereya, xabarlar, bank dasturlari va shu kabi ahamiyatli ma’lumotlarga to‘liq kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qanday himoyalanish mumkin?
Mutaxassislarga ko‘ra, Telegram orqali yuborilgan va oxiri «.apk» bilan tugaydigan fayllarni mutlaqo ochmaslik lozim — ularni darhol o‘chirib tashlash talab etiladi. Shunday fayl tasodifan ishga tushirilgan taqdirda esa tezkor choralar shoshilinch qo‘llanilishi shart:
– Telefonni internetdan uzib, «parvoz rejimi»ga o‘tkazish kerak;
– «Ilovalar» bo‘limiga kirib, yaqin vaqtda o‘rnatilgan har qanday shubhali dasturni o‘chirish;
– Agar firibgarlar tizimga juda chuqur kirib olgan bo‘lsa, barcha ma’lumotlarni xavfsiz joyga saqlab, telefonni to‘liq «zavod holati»ga qaytarish tavsiya etiladi;
– Telefonga turli to‘lov xizmatlari ulangan bo‘lsa, sms-xabarnomalarni vaqtincha o‘chirib qo‘yish muhim.
Zararli fayllarni avtomatik tozalovchi bot ishga tushirildi
Kiberxavfsizlik markazi tomonidan yangi @cybershielduz_bot ishga tushirildi. Uni guruh yoki kanallarga qo‘shish orqali o‘sha joydagi barcha foydalanuvchilar zararli APK fayllardan himoya qilinadi. Agar bunday fayl yuborilsa, bot uni avtomatik ravishda o‘chirib tashlaydi.
Telegramdagi faollik oshib borayotgani bilan birga, xavflar ham kuchaymoqda. Shu bois mutaxassislar foydalanuvchilarni hushyor bo‘lishga, har qanday faylni ochishdan oldin uning manbasini sinchiklab tekshirishga chaqirmoqda. Bugungi raqamli dunyoda eng kuchli himoya — ehtiyotkorlik ekani yana bir bor isbotlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.