Barselona Kristensenga yangi shartnoma taklif qilishini bildirdi

“Barselona” sport direktori Deko jamoa daniyalik himoyachi Andreas Kristensenga yangi shartnoma variantini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Dekoning aytishicha, klub futbolchini noqulay vaziyatda qoldirishni istamaydi: u mavsum oxirigacha maydonga qaytishi qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bois kataloniyaliklar Kristensenga adolatli va maqbul taklif berib, keyingi qarorni futbolchining o‘ziga qoldirmoqchi.
“U “Barselona”da qolishga majbur emas. Biz esa hech bo‘lmaganda ko‘rib chiqishga arzigulik taklifni beramiz, shundan keyin u o‘zi uchun eng to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi”, — dedi Deko matbuot anjumanida.
Kristensen 2022 yilda “Chelsi”dan erkin agent sifatida “Barselona”ga kelib qo‘shilgandi. Uning amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan. Joriy mavsumda himoyachi 17 o‘yinda maydonga tushib, 1 gol urgan. Hozirda u bog‘lam uzilishi sabab jarohatdan tiklanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!