13:29 / 22.01.2020
2 352

Yarim final oldidan: Eng yaxshi hujum eng yaxshi himoyaga qarshi. Rostan ham shundaymi?

Yarim final oldidan: Eng yaxshi hujum eng yaxshi himoyaga qarshi. Rostan ham shundaymi?
Opta tahlillari yordamida jamoalarning ko‘rsatayotgan o‘yinlarini ba’zida natijadan mustaqil ravishda o‘rganish imkoniyati bor. Masalan, jamoa tomonidan yaratilgan vaziyatlar xavflilik darajasi bo‘yicha ma’lum qoidalarda koeffitsiyentga aylantiriladi. Darvozagacha masofa, zarba ijro etish qulayligi, to‘siqlar kabi faktorlar yordamida vaziyatlarning xavflilik darajasi aniqlanadi.

Misol uchun, uzoq masofadan berilgan zarba jamoaga 1 gol olib kelishi mumkin, lekin xG jadvalida uning koeffitsiyenti nari borsa 0,2 bo‘lishi mumkin. Penalti hali gol emas, lekin avtomatik tarzda 0,75 koeffitsiyentga ega hisoblanadi.

Sezganingizdek, bunday tahlillar jamoa o‘yiniga maksimal tarzda aniqroq baho berish, omad, raqiblar xatosi kabi omillarni imkon qadar e’tiborga olmaslikni taqozo qiladi. Murabbiylar, ekspertlar yoki muxlislar uchun ham yaxshi qo‘llanma.

Xullas, mana shunday tahlillar yordamida yo‘lga chiqadigan bo‘lsak, bugun, U23 Osiyo chempionatidagi ilk yarim final bahsida eng yaxshi hujum va eng yaxshi himoya chizig‘i o‘zaro ro‘baru kelar ekan. Aynan yuqoridagi tizim yordamida tuzilgan jadvalda «kutilgan gollar», ya’ni golga tortadigan vaziyatlar bo‘yicha eng ko‘p koeffitsiyentni aynan O‘zbekiston U23 jamoasi qayd etgan ekan.

Ko‘rib turganingizdek, o‘zbekistonlik futbolchilar 7,8 koeffitsiyent yig‘ishgan va realizatsiya borasida ham yomon emas - 9 gol. O‘zbekiston nafaqat gol urish bo‘yicha, balki golga tortadigan vaziyatlar yaratish bo‘yicha ham turnirda eng yaxshi natijani ko‘rsatmoqda. Bu borada bugungi raqibning ko‘rsatkichlari ham yomon emas – Saudiya Arabistoni turnirda atigi 4 gol urgan bo‘lsa-da, 6,4 ko‘rsatkich bilan, bu jadvalda 3-o‘rinni egallab turibdi (ikkinchi o‘rindagi Eron nega musobaqani guruh bosqichidan tark etganiga birgina izoh bor – imkoniyatlardan foydalana olmaslik).

Endi yana bir muhim jadvalga e’tiboringizni qaratamiz. Bunda yuqoridagi tahlilning teskarisi, ya’ni jamoaning o‘z darvozasi oldida raqibga qo‘yib bergan xavfli vaziyatlar bo‘yicha. Yuqorida tilga olingan misoldagidek, jamoa bir o‘yinda uch marta uzoq masofadan berilgan ajoyib zarbalardan so‘ng, gollar o‘tkazib yuborishi mumkin, lekin himoyada aslida hammasi yaxshi bo‘ladi. Yoki bir jamoa o‘z darvozasi oldida ko‘p imkoniyat berib yuboradi, lekin raqibning no‘noqligi vaziyatning golsiz yakunlanishiga sabab bo‘ladi.

Saudiya Arabistoni turnirda eng kam – atigi bir gol o‘tkazib yubordi. Bu ularning himoyada juda kuchli ekanidan darak. O‘tkazilgan 1 gol bu farazni ilgari sursa, quyidagi jadval isbotlab ham beradi.

To‘rt o‘yinda Saudiya Arabistoni raqiblarga umumiy 0,9 koeffitsiyentda golga tortadigan vaziyat yaratish imkonini bergan, xolos. Bu bir o‘yinga o‘rtacha 0,25’dan ham past, Yevropaning himoya borasidagi eng yaxshi jamoalari, masalan, «Liverpul» ham bu ko‘rsatkichdan balandda yuradi. Mana shunday intizomli va tartibli o‘yin bilan yarim finalga yetib kelish, Saudiya Arabistonining asosiy quroli albatta, mana shu beton himoya ekanidan ham dalolatdir. O‘zbekistonning himoya chizig‘i, vizual qarashda ham yaqqol seziladi – ko‘p xato qilyapmiz. 4,3 koeffitsiyent bilan biz yarim finalning bu boradagi eng yomon jamoasimiz.

Demak, xulosa qilish mumkinki, bugun himoyada eng ishonchli harakat qiladigan jamoaga qarshi o‘ynaymiz. Ikkinchidan, bizning himoya u qadar ishonchli emas va o‘tkazib yuborilgan gol vazifani yanada qiyinlashtirib yuboradi. Saudiya o‘zi uchun kerakli paytda qanday himoyalanishni juda yaxshi biladi. Bizning hujumdagi ko‘rsatkichlarimiz esa aslida, biroz aldamchi bo‘lishi mumkinligiga ikki sabab bor.

Birinchidan, xG tahlillari har qancha ob’ektiv va aniqdek tuyulsa-da, bu tizim e’tiborga olishi qiyin bo‘lgan muhim jihat bor – o‘yin ssenariysi. Ya’ni, «gol koeffitsiyentlari»ni yig‘ishda tablodagi hisob ham muhim rol o‘ynaydi. Bir jamoa uzoq vaqt hisobda orqada borsa, tinimsiz hujum qilishi va ko‘proq xG yig‘ishi mumkin. Boshqasi esa, o‘z vaqtida kerakli hisobni qilib oladi va oldinga tashlanmay, minimal rejimda o‘yinni davom ettiradi. Umumiy jadvalda esa, birinchi jamoa kuchliroq, hujumkorroq ko‘rinaveradi.

Masalan, hozir APLda xG yaratish bo‘yicha «Manchester Siti» yaqqol yetakchi, «Liverpul»dan ancha oldinga o‘tib ketgan, bu hatto Gvardiolani ham ishontirib, «aslida biz «Liverpul» darajasidan uzoqda emasmiz» deyishga majbur qilyapti.

Lekin aslida, «Manchester Siti» juda ko‘p o‘yinlarda hisobda orqada bordi, ko‘p o‘yinlarni kerakli hisobda yakunlamadi. Natijada manchesterliklarda doim o‘yinda bo‘lish, xavfli vaziyat yaratish ehtiyoji bo‘ldi. «Liverpul» esa, aksincha, uch ochkoga ega bo‘lish uchun ko‘p hujumlarga ehtiyoj ham sezmadi. Boshqacha ssenariyda boshlangan o‘yinlarda yetarlicha vaziyatlar yarata oldi ham.

O‘zbekistonlik futbolchilarning ko‘rsatkichlari haqida ketganda esa, biroz teskari. O‘yin ssenariysi muhim, ammo teskari tomondan. Ya’ni, O‘zbekiston U23 ko‘proq hisobda oldinda borganida, hech qanday bosim yo‘qligida ochilyapti, tezkor qarshi hujumlar qilib, xavfli vaziyatlar yaratyapti. Aksincha, qoniqarsiz hisob bo‘lib, gol zarur bo‘lgan paytlarda esa, vaziyat yaratishda muammolarga duch kelganda, chiroyli o‘yin, hujumkorlikdan asar ham qolmayapti. Agar buni bir xarakter yoki muammo sifatida olsak, himoyachi kuchli jamoalarga qarshi bizning hujumkorligimiz u qadar yaxshi qurol emas.

Ikkinchidan, bu xulosa ham yuqoridagi mulohazalarni asoslaydi. Biz 7,8 balldan 3 ballni BAAga qarshi o‘yinda qo‘lga kiritdik. Guruh bosqichidan so‘ng, 4,8 xG’ga ega edik. Bu ham aslida u qadar yomon ko‘rsatkich bo‘lmasa-da, biz 4 marta penalti tepganimizni ham unutmasligimiz kerak. Ya’ni penaltilarni qo‘shmasa, uch o‘yinda 1,8 xG yiqqanmiz, xolos. Bir o‘yinda o‘rtacha 0,6 xG - golga tortadigan vaziyatlar koeffitsiyenti.

Ya’ni, biz aslida qachon va qanday o‘zgarganimiz yoki turnirning eng hujumkor jamoasi ekanimiz illyuziya bo‘lishi ham mumkin. Chunki yaratilgan vaziyatlar, bu ko‘rsatkichlar asosan, to‘liq sochilib ketgan va umuman tartibsiz, intizomsiz harakat qilgan BAAga qarshi o‘yinda yig‘ildi.

Rostanam terma jamoamiz ijobiy tomonga o‘zgara boshlaganini esa, bugun aniqlab olamiz. Qaniydi...

Qahramon Aslanov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yarim final oldidan: Eng yaxshi hujum eng yaxshi himoyaga qarshi. Rostan ham shundaymi?