Eronga raketa zarbalari kuchaydi: eng baland ko‘prik vayron qilindi

Eronga raketa zarbalari kuchaydi: eng baland ko‘prik vayron qilindi

Yaqin Sharqdagi keskinlik tobora kuchayib bormoqda. Isroil va AQSH ishtirokidagi harbiy harakatlar 34-kunga qadam qo‘ygan bir paytda, Eron hududidagi muhim strategik obyektlarga zarbalar berish davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar bu voqealarning yana-da jiddiy tus olganini ko‘rsatmoqda — ularda raketa bazalari va yirik infratuzilma obyektlari nishonga olingani aks etgan.

Eng katta shov-shuvlardan biri Tehrondan g‘arbda joylashgan Karaj shahridagi muhim ko‘prikka berilgan zarba bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu ko‘prik poytaxtni mamlakatning g‘arbiy hududlari bilan bog‘lab turuvchi strategik yo‘l ustida joylashgan edi. Zarba oqibatida ko‘prik jiddiy shikastlangani, hatto ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, amalda foydalanishga yaroqsiz holga kelgani aytilmoqda.

Eronga raketa zarbalari kuchaydi: eng baland ko‘prik vayron qilindi

AQSH prezidenti Donald Tramp bu voqeaga befarq qolmadi va o‘zining Truth Social sahifasida zarba oqibatlari aks etgan videoni eʼlon qildi. U o‘z bayonotida mazkur ko‘prikni “Erondagi eng yirik inshootlardan biri” deb atab, uning endi qayta tiklanmasligini taʼkidladi. Shu bilan birga, yaqin orada yana-da muhim yangiliklar bo‘lishini ham ishora qildi.

Eron tomoni esa bu harakatlarga tezkor javob qaytardi. Mamlakat rasmiylari Isroil va Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarda joylashgan ko‘priklarni ehtimoliy nishonlar sifatida ko‘rsatishdi. Bu esa mojaroning yana-da kengayish xavfini oshirmoqda.

Qayd etilishicha, vayron bo‘lgan ko‘prik nafaqat transport nuqtai nazaridan muhim, balki “Eron muhandislik maktabining yorqin namunasi” va milliy g‘urur timsoli sifatida ham qaralgan. Hali to‘liq qurilishi yakunlanmagan V1 ko‘prigi o‘zining ulkan o‘lchamlari bilan ajralib turardi: uning uzunligi 1050 metr, ustunlari esa 136 metr balandlikka ega bo‘lgan.

Eronga raketa zarbalari kuchaydi: eng baland ko‘prik vayron qilindi

Afsuski, zarba inson qurbonliklarisiz o‘tmadi. Eron davlat manbalari maʼlumotiga ko‘ra, hujum paytida kamida sakkiz nafar kishi halok bo‘lgan, yana bir necha fuqaro turli darajada jarohat olgan.

Shu bilan birga, poytaxt Tehronda ham portlash ovozlari eshitilgan. Mahalliy aholi vakillari shaharning sharqiy va shimoli-sharqiy qismlarida kamida sakkiz marta portlash sodir bo‘lganini bildirishmoqda. Bu holat aholi orasida xavotirni yana-da kuchaytirgan.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari ham voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Xususan, BBC Verify xizmati Isfahon shahri atrofidagi raketa bazasiga berilgan zarbalar aks etgan videolarni tekshirib, ularning haqiqiyligini tasdiqladi. Kadrlarda kuchli portlashlar, ikkinchi darajali detonatsiyalar, olov va qalin tutun ustunlari yaqqol ko‘rinadi.

Shuningdek, yana bir video Eronning shimoli-sharqidagi Mashhad shahri aeroporti hududida olingani maʼlum qilindi. Unda quyuq tutun ko‘tarilayotgani aks etgan. Ayni paytda bu yerda nima yonayotgani aniq emas, ammo mahalliy manbalar bu hujum yoqilg‘i omboriga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Maʼlumki, ushbu hududda harbiy-havo kuchlari bazasi ham joylashgan.

Butun vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, mojaro faqat harbiy emas, balki geosiyosiy jihatdan ham yangi bosqichga chiqmoqda. Dunyo yetakchilari vaziyatni yumshatishga harakat qilayotgan bir paytda, frontdagi voqealar esa aksincha keskinlashib bormoqda.

Qisqasi, bu qarama-qarshilik hali uzoq davom etishi mumkin. Shuning uchun yaqin kunlarda yana-da jiddiy va muhim yangiliklar bo‘lishi ehtimoli yuqori.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.