
Siz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning millati arab bo‘lmagan sahobalari haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ha, ular orasida millati arab bo‘lmaganlari ham bor edi. Savolni o‘qiboq shu zahoti xayolingizga Islomda o‘chmas iz qoldigan Salmon Forsiy hazratlari kelgan bo‘lsa ne ajab.
Ammo uning qavmidan yana bir vakil ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan e’tirof etilgan edi. Uning ismi Fayruz ad-Daylamiy bo‘lib, u o‘z qo‘llari bilan islom ummatini vahshiy dushmanlardan birining xavfidan qutqargan.
Fayruz al-Daylamiyning tarixi Yaman tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u yamanlik forslardan edi. O‘sha vaqtda Yamanda fors millatiga mansub aholining ko‘pligi Yamanni o‘z hududi deb hisoblagan arab millatchilarini qattiq g‘azablantirar edi.
Yamanda Asvad al-Ansiy ismi shaxs o‘zini soxta payg‘ambar sifatida keng jamoatchilikka e’lon qilganidan so‘ng bu holat arab millatchilarning g‘azabini yanada ortishiga olib keldi. Aytish kerakki, Asvad jodugarlik qiladigan, yovuz kuchlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan jirkanch odam edi. Ins-jinslar unga ba’zi ma’lumotlarni yetkazishar, uning tarafdorlari esa uning "mo‘jiza"lariga bajonidil ishonishar edi. Shunday qilib, Asvad o‘zini payg‘ambar deb e’lon qildi va Arabistonda paydo bo‘lgan soxta payg‘ambarlarning birinchisi bo‘ldi.
Aytgancha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning paydo bo‘lishini bashorat qilganlar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushlarida bilaklarida oltin bilakuzuklarni ko‘rdilar. Bu holat u kishini juda xafa qildi va darhol bilakuzukka qarab puflash haqida vahiy keldi. Ko‘rsatma bajarilgach Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu tushni ikki soxta payg‘ambarning paydo bo‘lishi bilan izohladilar, ulardan biri aynan Asvad al-Ansiy edi.
Asvadning yolg‘on bashorati o‘sha bilakuzuklardek tez tarqab ketdi, biroq o‘zining botil e’tiqodi bir necha oylardan keyin Arabistonda ham shov-shuv ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. Uning nazorati ostidagi hududlar juda tez kengayib bordi va u hatto Yamanning qadimiy poytaxtlaridan biri — Sanoni ham egallashga muvaffaq bo‘ldi.
O‘sha paytda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mashhur sahobalari — Muoz ibn Jabal va Abu Muso al-Ash’ariy rozyallohu anhular Sanoda edilar, ular shaharni shoshilinch ravishda tark etishga majbur bo‘ldilar.
Shahar qo‘ldan ketishi barobarida fors millatiga oid musulmon, Sano amiri Shahr ibn Bazan jangda halok bo‘ldi. Bu Yamandagi vaziyatning keskinlashib borayotganini, Asvadning shaytoniy ishining kuchayib borayotganini anglatardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yamandagi vaziyatdan xavotirda edilar va maktublarida mahalliy musulmon aholini Asvadni daf qilishga chaqirdilar. Yaman musulmonlari bir mushtdek birlasha boshladilar, biroq ularning mushti Asvadning g‘ayratli mutaassiblariga qarshi juda kichik edi. Vaziyatni bartaraf etish uchun noan’anaviy yondashuv kerak edi. Bu esa qahramonimiz Fayruz al-Daylamiy uchun imkoniyat bo‘ldi va u vaziyatdan mohirona foydalandi.
Fayruz Asvadni yo‘q qilishda bosh qahramon bo‘lgan. Asvad zo‘rlik bilan o‘ziga xotinlikka olgan Fors amiri Shahr ibn Bazanning bevasi Azadning yordami bo‘lmaganida, bu reja unchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilmagan bo‘lardi. Azad Fayruzning amakivachchasi edi va unga Asvadni yo‘q qilish g‘oyasi yoqib tushdi. Fayruz bilan yashirin yozishmalaridan so‘ng Asvad va uning tarafdorlarining zulmiga chek qo‘yish uchun sana belgilandi.
Islom dini bu dushmandan qutiladigan kun keldi va Azad Fayruzni qo‘riqchilarga bildirmasdan Asvadning saroyiga olib kirdi. Undan oldin esa Azad Asvadga sharob ichirib, uni mast holatga keltirib qo‘ygan edi. Ishni oxirigacha bajarib qo‘yish qolgan edi xolos. Fayruz Asvadning yuragiga xanjar sanchdi, shunda Asvad ho‘kizdek baqirdi, qorovullar yugurib kelishdi. Azad ularni: «"Payg‘ambarga" vahiy nozil qilinyapti», deb tinchlantirdi.
Asvad va uning botil e’tiqodiga yakun yasaldi. Fayruz tong otguncha kutib, bomdod namoziga azon aytdi va shunda: “Guvohlik beramanki, Muhammad Allohning elchisidir” degan so‘zdan keyin: “Asvadning yolg‘onchi ekanligiga guvohlik beraman”, deb qo‘shib qo‘ydi. Bu noodatiy azon va saroy tomidan dumalab tushgan Asvadning boshi uning tarafdorlarini dahshatga soldi, raqiblarini ruhlantirdi. Asvadning botil e’tiqodi shu bilan o‘z yakuniga yetdi. Yaman yana islomga qaytdi.
Ayni paytda Madina shahri Yamanda sodir bo‘layotgan o‘ta muhim voqealardan bexabar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy keldi va u zot sahobalariga qarata: “Bir kun oldin Asvad al-Ansiy o‘ldirildi. Uni muborak oiladan bo‘lgan muborak bir kishi o‘ldirdi”, dedilar.
O‘sha paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘lim to‘shagida edilar va bu xushxabardan ko‘ngillari biroz bo‘lsada taskin topdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bunday hayajonlanishlariga soxta payg‘ambarni yo‘q qilishi bilan Islom tarixida o‘chmas iz qoldirgan forsiy sahoba Fayruz ad-Daylamiy roziyallohu anhu sababchi bo‘lgan edi. Uning vazifasi qanchalik qiyin va xavfli bo‘lmasin, muvaffaqiyatli amalga oshirgan edi.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar