20:03 / 18.04.2022
1 483

Ukrainadagi urush dunyoga ochlik tahdidi soladimi?

Ukrainadagi urush dunyoga ochlik tahdidi soladimi?
Rossiya va Ukraina urushi butun dunyo bo‘ylab o‘tkir oziq-ovqat inqirozi va qashshoqlikni kuchaytirib yuborishi mumkin. Urushning bilvosita jabrdiydalari sifatida Rossiya va Ukraina mahsulotlari importiga ko‘proq qaram bo‘lgan Turkiya, Misr, Hindiston, Tailand, Gruziya, Armaniston, Janubiy Afrika, Livan va Shri-Lanka kabi mamlakatlar ko‘rsatilmoqda.

Ukrainada o‘simlik moyi olinadigan dalalar. Urushdan oldin. Foto: EPA
Urushdan oldingi davrda Rossiya va Ukraina bir qator asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bozorida, xususan, don va o‘simlik moyi eksportida yetakchi o‘rinlarni egallagan. Shuningdek, Rossiya neft, neft mahsulotlari va o‘g‘itlar hamda tabiiy gazning eng yirik eksportyori edi.

Ayni paytda esa Ukrainaning o‘zida oziq-ovqat yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Mamlakatdagi portlar Rossiya floti tomonidan to‘sib qo‘yilgani tufayli eksport va import to‘xtagan.

Prognozlarga ko‘ra, keyingi davrda bu holat yanada yomonlashishi mumkin. Joriy yilda hosil qanday bo‘lishi noma’lum, chunki kungaboqar urug‘lari yetishtiriladigan unumdor Ukraina yerlari minalar va vayron qilingan rus tanklari bilan to‘lib-toshgan, fermerlar o‘z texnikalaridan doimiy ravishda foydalanishdan mahrum qilingan.

Ushbu omillar oilaviy budjetining katta qismini oziq-ovqatga sarflaydigan kambag‘al mamlakatlar aholisi uchun juda ham og‘riqli hisoblanadi. Dunyo kovid va o‘tgan yilgi qurg‘oqchilikdan zo‘rg‘a tiklandi, urushsiz ham oziq-ovqat narxi ko‘plab rekordlarni yangiladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, birgina mart oyining o‘zida oziq-ovqat narxlari 13 foizga qimmatlashgan. Bu indeks yuritilib kelinayotgan 1990 yildan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mutaxassislar narxlar yana 8 foizga va hattoki 22 foizgacha oshishi mumkin, deb hisoblashmoqda.

Trostyanetsda ukrainlar traktorda ruslar qoldirib ketgan zirhli texnikani sudrab ketmoqda. Foto: Reuters
Urush tufayli qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun zarur bo‘lgan yonilg‘i narxi, dengiz va quruqlik yo‘llari orqali yuk tashish, o‘g‘itlar va saqlash xarajatlari qimmatlashmoqda. Odamlar uchun ham, chorva mollariga ham g‘alla yetishmayapti, shu bois go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining bahosi ham oshib bormoqda.

Bruegel tadqiqot markazi mutaxassislarining fikricha, eng yomon holatda ham, dunyoda butun sayyora aholisi ta’minoti uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat bo‘ladi.

Qaysi davlatlar ko‘proq zarar ko‘radi?

Urushning oqibatlari ayniqsa qurg‘oqchil mintaqalar – Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun og‘riqli bo‘ladi. Ushbu davlatlar umumiy oziq-ovqatining 90 foizdan ortig‘ini import qiladi. Asosiy yetkazib beruvchilar esa Rossiya va Ukrainadir.

«Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi bilan gumanitar inqiroz va siyosiy xavflar kuchayadi. Oxirgi marta narxlar hozirgidek qimmatlashganida hammasi arab bahoriga aylangandi», deya ogohlantiradi tadqiqotchilar.

O‘n yil avvalgi norozilik va inqiloblar to‘lqini Liviya, Tunis, Misr va Yamanda rejimlar o‘zgarishiga, Suriyada esa uzoq yillik fuqarolik urush boshlanishiga olib kelgandi.

Jahon banki va YETTB ekspertlari Rossiyaning Ukrainada boshlagan urushining bilvosita qurbonlari sifatida Turkiya, Misr, Hindiston, Tailand, Gruziya, Armaniston, Janubiy Afrika, Livan va Shri-Lankani ko‘rsatishmoqda.

Ushbu mamlakatlar Rossiya va Ukraina bilan savdo-sotiqqa qattiq bog‘langan, turizmdan yaxshigina daromad olishadi. O‘z navbatida, Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan sanksiyalarni buzib, G‘arb bilan ochiq to‘qnashuvni ham istamaydi. Qo‘shimcha ravishda esa, siyosiy barqarorlikka tahdid soluvchi ichki iqtisodiy inqiroz bilan to‘qnash kelishmoqda.

Sumatrada indoneziyaliklar tanqis mahsulotga aylangan palma yog‘i uchun navbatda turibdi. Foto: AFP
Masalan, Misr dunyodagi eng yirik bug‘doy importchisi hisoblanadi. Mamlakatga tashrif buyuradigan sayyohlarning 20 foizi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri kelgan. Turkiyada ham shunga o‘xshash holat: mamlakat ichki ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan neftning 93 foizi, gazning 99 foizi import hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, Rossiyadan oziq-ovqat va energiya sotib oladigan barcha qo‘shni davlatlar ham jiddiy zarar ko‘radi. Ammo eng katta yo‘qotishga Rossiyaga mehnat muhojiri sifatida kelgan qatlam vakillari duch kelishi mumkin. Valyuta va transport cheklovlari hamda sanksiyalar tufayli Rossiya iqtisodiyoti sekinlashishi, ishchi kuchiga talab pasayishi kuzatilmoqda. Bu esa Rossiyadagi xorijliklarga nisbatan bag‘rikenglik darajasini yomonlashtiradi.

Urushgacha Rossiyada ishlayotgan fuqarolarning pul o‘tkazmalari Tojikiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotining chorak qismini, O‘zbekiston va Armaniston yalpi ichki mahsulotining qariyb o‘ndan bir qismini tashkil qilgan.

Ocharchilik Afg‘oniston yoki Yaman kabi eng qashshoq va mojaroli mamlakatlarda yanada tahdidli bo‘ladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga hujumidan oldin dunyo miqyosidagi 38 mamlakatda istiqomat qiluvchi 44 million aholi ochlik yoqasida yashagan, 720 milliondan ortiq odam esa to‘yib ovqatlanmagan. Urush ushbu ko‘rsatkichni BMTning mo‘’tadil ssenariysi bo‘yicha yana 8 millionga, pessimistik ssenariy bo‘yicha esa 13 milliondan ziyodga oshirishi mumkin.

Yog‘ va don dalalari o‘rnida to‘plar

Rossiya dunyodagi eng yirik bug‘doy eksportchisi bo‘lib, yiliga 33 million tonnaga yaqin bug‘doy sotadi. Ukraina esa 20 million tonna yetkazib beradi. Bu raqamlar umumiy hisobda jahon eksportining chorak qismini tashkil qiladi.

Bombardimonlar orasida Xarkov yaqinidagi Yakovlevka qishlog‘i fermerlari bug‘doy dalasini o‘g‘itlamoqda. Ular hosilni yig‘a olishlarini aniq bilishmaydi. Foto: Reuters
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, urush tufayli dunyo 5 million tonna Ukraina bug‘doyi va 3,5 million Rossiya bug‘doyini yo‘qotishi mumkin. Bu jahon bug‘doy iste’molining 1 foizini (yiliga 770 million tonna) tashkil etadi.

Argentina va Braziliyadagi yaxshi hosil esa yo‘qotishlarni qisman qoplashga yordam berishi mumkin. Rossiyaning o‘zi ham eksportni kamaytirmayapti.

O‘z o‘rnida, narxlar qimmatlashishi fonida asosiy eksportyor mamlakatlarning o‘zi ham ichki bozordagi inflyatsiyani jilovlash uchun eksportni cheklashi mumkin. Shuningdek, Janubiy Amerikadan yuk tashish ancha uzoq va qimmatroq, chunki yuk stavkalari va dengiz yonilg‘isi narxi o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar oshgan.

Kungaboqar yog‘i bilan yuzaga kelayotgan vaziyat esa ancha jiddiy. Uzilishlar sabab allaqachon narxlar oshgan. Kambag‘al mamlakatlardagi millionlab odamlar an’anaviy qovurilgan taomlardan voz kechishga va eski yog‘da pishirilgan ko‘cha taomlarining yangi ta’miga ko‘nikishga majbur bo‘lishmoqda.

Argentinadagi qurg‘oqchilik. Foto: AFP
Umumiy kungaboqar yog‘i eksportining 57 foiz ulushi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. Asosiy importchilari esa Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Xitoy, Eron va Turkiya hisoblanadi. Ushbu mamlakatlar o‘simlik moyining boshqa turlariga o‘tmoqda, bu esa bozorda narxlar oshishiga olib kelmoqda.

Malayziyada palma yog‘i ishlab chiqarish pasayishi, shuningdek, Kanada, Braziliya va Argentinadagi o‘tgan yilgi qurg‘oqchilik tufayli o‘simlik yog‘i bozorida dahshatli tanqislik mavjud.

«Tinchlik yo‘q joyda farovonlik ham yo‘q»

BMTning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina urush tufayli ekin maydonlarining 20-30 foizini, eksportining bir qismini yo‘qotadi.

Bruegel prognozlariga ko‘ra, eng yomon holatda, mamlakatdagi butun hosil tashqi bozorlarga umuman chiqarilmaydi. Eng yaxshi holatda esa eksport uchdan bir qismga qisqaradi. Ammo bu urush yaqin vaqt oralig‘ida tugashidan kelib chiqib hisoblangan prognozlar.

«Oqibatlarning to‘liq ta’siri kuzda, hosil yig‘ib olinganda seziladi», deya ogohlantirgan tadqiqot mualliflari.

G‘arb davlatlari eng kam darajada ziyon ko‘rishi mumkin.

«Agar siz oldindan tayyorgarlik ko‘rsangiz, oziq-ovqat taqchilligi ta’siri va oqibatlarini yumshata olasiz. Yirik don ishlab chiqaruvchilar, jumladan, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Avstraliyada bunday imkoniyat bor. Chunki ularda samarador qishloq xo‘jaligi va ekinlarni ko‘paytirish uchun yetarli miqdorda bo‘sh yer bor», deyiladi tadqiqot xulosasida.

Rossiyaning Ukraina bilan olib borayotgan urushi bilvosita ham global oziq-ovqat inqirozini yanada chuqurlashtirishi mumkin. Xususan, G‘arb Ukrainaga yordam berayotgan bo‘lsa-da, Afg‘oniston va Yamanga bu borada yetarli ko‘mak ko‘rsatilayotgani yo‘q. Yordamga muhtojlar soni keskin oshdi, oziq-ovqat tanqisligi sabab narxlar ko‘tarildi, transport xarajatlari qimmatlashdi, boy mamlakatlardagi gumanitar sohaga ajratiladigan budjet mablag‘lari to‘xtab qoldi yoki qisqardi.

Yevropada qishloq xo‘jaligi yerlarining katta zaxiralari mavjud
Urushdan oldin Ukraina BMTning oziq-ovqat dasturi doirasida boshqalar uchun g‘alla va neft yetkazib bergan bo‘lsa, ayni paytda o‘zi yordam oluvchi davlatga aylandi. Hozirgacha 1 million ukrainalik oziq-ovqat uchun moddiy yordam olgan, yaqin kelajakda esa 3,3 million ukrainalikni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.

O‘z-o‘zidan boshqa muammolar ham yuzaga kelmoqda. Oziq-ovqat narxlari oshishi umumiy inflyatsiyani tezlashtiradi, bu esa markaziy banklarni stavkalarini oshirishga majbur qiladi. Natijada odamlar, mamlakatlar va kompaniyalar yuqori stavkalar sabab kamroq qarz oladi, bu boy mamlakatlarda rivojlanishga to‘sqinlik qilsa, kambag‘al mamlakatlarda bankrotlik xavfini oshiradi. Shundoq ham pandemiya ta’sirida 40 ga yaqin eng qashshoq mamlakatlar qarz inqiroziga tushib qolgan.

Urush shuningdek, global tovarlar savdosi o‘sishiga ham putur yetkazdi. Jahon savdo tashkiloti yil boshida 2022 yilda qariyb 5 foiz o‘sish bo‘lishini kutgandi, ammo hozirda keyingi ikki yil ichida o‘sish ko‘rsatkichi 3 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

«Tarix bizga dunyo iqtisodiyoti qarama-qarshi bloklarga bo‘linib, qashshoq mamlakatlardan yuz o‘girsa, na tinchlik, na farovonlik bo‘lishini o‘rgatib bo‘lgan», deydi JST rahbari Ngozi Okonjo-Iveala.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urush dunyoga ochlik tahdidi soladimi?