
Malida yosh va mashhur bloger Mariam Sisse fojiali tarzda halok bo‘ldi. U TikTok’da 90 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lib, o‘z videolari orqali Tonka shahri hayoti, odatlari va xalqning kundalik turmushini yoritib kelgan. Shu bilan birga, u ijtimoiy mavzular va yumor bilan to‘la kontent yaratishi orqali yoshlar orasida katta obro‘ qozongan edi, deb xabar berdi South China Morning Post.
Biroq 7-noyabr kuni uni noma’lum jihodchilar guruhi hibsga olgan. Ular Mariamni go‘yoki Mali armiyasi bilan hamkorlikda bo‘lgan, ya’ni harbiylarga ma’lumot yetkazib turgan, deb ayblashgan. Marhumaning akasi ma’lum qilishicha, “Singlimni payshanba kuni jihodchilar olib ketishdi. Ular uni armiyaga ishlaganlikda ayblab, ertasi kuni ochiqcha qatl qilishdi”.
Shanba kuni Sisse mototsiklda Tonka shahri markaziga olib kelinib, ko‘pchilik oldida otib o‘ldirilgan. Hodisa shaharning Mustaqillik maydonida sodir bo‘lgan. Xavfsizlik xizmati buni “varvarlik va qonunsizlikning oliy darajasi” deb atadi. Mahalliy rasmiylar esa bu jinoyatni keskin qoralab, uni “jamiyatga qarshi qaratilgan qotillik” deb baholadi.
Ma’lumot uchun, Malida so‘nggi yillarda jihodchi guruhlar faoliyati yanada kuchaygan. Xususan, “Al-Qoida” bilan bog‘liq JNIM tashkiloti mamlakat shimolidagi ayrim hududlarda yonilg‘i yetkazib berish yo‘llarini yopib qo‘ygan, natijada maktablar yopilgan, hosil yig‘imi to‘xtagan.
Eslatib o‘tamiz, Malida 2012-yildan beri qurolli isyonchilar bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda. 2021-yilda esa harbiy xunta hokimiyatni egallab, mamlakatda xavfsizlikni tiklash va ekstremizmni bartaraf etishni asosiy vazifa sifatida belgilagan.
Mariam Sissening fojeaviy o‘limi nafaqat Malida, balki butun Afrikada ijtimoiy tarmoq faollari xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!