AQSHda Bitcoin strategik zaxirasini yaratish boʻyicha yangi qonun loyihasi chiqdi

AQSH qonunchilari mamlakatning strategik Bitcoin zaxirasini qonuniy mustahkamlash borasidagi harakatlarni yangiladi. Payshanba kuni taqdim etilgan ikki partiyaviy yangi qonun loyihasi besh yil davomida taxminan 1 million Bitcoin sotib olishni koʻzda tutadi. 2026-yildagi Amerika zaxiralarini modernizatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun (ARMA) AQSH Gʻaznachilik departamenti tomonidan boshqariladigan Strategik Bitcoin (BTC) zaxirasi va raqamli aktivlar fondini tashkil etishni taklif qilmoqda. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Kongressning 16 nafar aʼzosi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ARMA loyihasi 2024-yil iyul oyida taqdim etilgan va 2025-yil martida yangilangan BITCOIN Act hujjatiga asoslanadi. Prezidentning raqamli aktivlar boʻyicha maslahatchilar kengashi vakili Patrick Witt ushbu loyihani BITCOIN Actʼning "2-versiyasi" deb atadi va Oq uy Bitcoin zaxirasining huquqiy jihatlarini sinchiklab oʻrganayotganini taʼkidladi.
Hozirgi vaqtda AQSH 328 372 dona Bitcoin bilan dunyodagi eng yirik davlat egasiga aylangan boʻlsa-da, shu paytgacha ushbu aktivlarni boshqarish boʻyicha yagona federal siyosat mavjud emas edi. ARMA loyihasiga koʻra, sotib olingan Bitcoin aktivlari kamida 20 yil davomida saqlanishi shart. Faqatgina 39 trillion dollardan oshib ketgan AQSH davlat qarzini kamaytirish maqsadidagina ushbu aktivlarni muddatidan oldin sotishga ruxsat berilishi mumkin.
Qonun loyihasi mualliflaridan biri Mike Careyʼning taʼkidlashicha, raqamli aktivlar ahamiyati ortib borayotgan bir paytda, ushbu tashabbus Amerikaning uzoq muddatli iqtisodiy mavqeini mustahkamlaydi va uni jahon sahnasida raqobatbardosh qiladi. Shuningdek, ARMA doirasida Bitcoin zaxiralari boʻyicha har chorakda hisobotlar va mustaqil audit tekshiruvlari eʼlon qilib borilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!