Ispaniya Polymarket va Kalshi platformalarini blokladi

Ispaniya qimor oʻyinlarini tartibga solish organi (DGOJ) mamlakat hududida Polymarket va Kalshi bashorat bozorlariga kirishni vaqtincha chekladi. Ispaniya Ijtimoiy huquqlar, isteʼmol va 2030 kun tartibi vazirligi ushbu platformalarga nisbatan litsenziyasiz faoliyat yuritish ayblovi bilan huquqiy ish ochgan. Mazkur chora ehtiyot chorasi sifatida qoʻllanilgan boʻlib, tekshiruvlar yakunlanguniga qadar, yaʼni taxminan 3-4 oy davomida amalda boʻladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
DGOJ bayonotiga koʻra, Ispaniya va boshqa Yevropa yurisdiksiyalarida kelajakdagi noaniq hodisalarga pul tikish bilan bogʻliq bashorat bozorlari qimor oʻyinlari toifasiga kiradi. Shu sababli, bunday xizmatlarni koʻrsatish uchun maxsus maʼmuriy litsenziya talab etiladi. Hozirda ushbu ikki yirik platforma tegishli ruxsatnomalarsiz faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Ispaniyaning ushbu qarori Indoneziya hukumati tomonidan Polymarket bloklanganidan soʻng yuz berdi. Shuningdek, Avstraliya, Fransiya, Polsha, Singapur, Ukraina va Shveysariya kabi davlatlar ham qimor qonunchiligi sababli ushbu platformalarga cheklovlar oʻrnatgan. AQSHda esa Kalshi va Polymarket shtat darajasidagi bosimlar va turli cheklovlarga duch kelmoqda.
Polymarket vakili kompaniya barcha yurisdiksiyalardagi tegishli organlar bilan konstruktiv muloqotga tayyorligini bildirdi. Kalshi vakillari esa hozircha vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi. DeFi Rate maʼlumotlariga koʻra, ushbu ikki platformaning haftalik umumiy savdo hajmi 6,1 milliard USD ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, AQSH Kongressining Nazorat va hukumat islohotlari qoʻmitasi ushbu platformalarda insayderlik savdosi boʻyicha tekshiruv boshlagan. Qoʻmita raisi James Comer AQSHning Eronga qarshi harbiy harakatlari oldidan platformalarda "shubhali vaqtda amalga oshirilgan bitimlar" kuzatilganini va ayrim foydalanuvchilar maxfiy maʼlumotlar orqali foyda koʻrgan boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!