date

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi.

«Siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman», deyiladi tabrik so‘zi boshida.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tinchlik, mehr-oqibat va saxovat bayrami – Iyd al-Adha muqaddas dinimiz mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oya va amallarni yaqqol ifoda etgan holda, hozirgi kunda mamlakatimizda insonparvarlik ruhida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning ma’no-mazmuniga uyg‘un va hamohang ekani bilan barcha uchun yanada aziz va qadrli bo‘lib bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniy qadriyatlarini, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosini, islom dinining asl mohiyatini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini aytdi.

«Buni yaqinda xalqimiz va yurtimiz mehmonlari uchun o‘z eshiklarini ochgan azim poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Marg‘ilon shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi Yangi O‘zbekiston mo‘jizalari bo‘lgan noyob obidalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Hech shubhasiz, bularning barchasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi muhim tarixiy qadamlar bo‘lib, ular bizni yanada katta safarbarlik bilan harakat qilishga da’vat etadi», dedi prezident.

Shu bilan birga, davlat rahbari barcha hojilarni Qurbon hayiti bilan qutlab, ibodatlari qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolishini ta’kidladi.

«Muqaddas ziyoratdan qaytib keladigan bu hurmatli yurtdoshlarimiz ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari sifatida oila va mahallalarimizda, butun jamiyatimizda olib boriladigan ma’naviy-tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etadilar, deb umid qilamiz», dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev dunyoning turli mamlakatlaridagi musulmon do‘stlar va hamkorlarga ham qizg‘in qutlovni yo‘llab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilashini aytdi.

«Aziz vatandoshlar! Qurbon hayiti munosabati bilan bu yil ham bir necha kundan iborat dam olish kunlari belgilandi. Bayram kunlarida ham elimiz xizmatida, Vatan sarhadlarida o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etayotgan yurtdoshlarimizga alohida minnatdorlik bildiramiz. Chet ellarda tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizni ham samimiy tabriklab, ularning barchasiga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. El-yurtimizni shunday qutlug‘ ayyomga tinchlik-omonlikda va hamjihatlikda yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Ilohim, Yaratgan parvardigor el-yurtimizni o‘z panohida asrasin! Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi