23:35 / 03.01.2021
1 171

Jumanazar Beknazarovning "Buyuk Sino" nomli kitobi haqida

Jumanazar Beknazarovning "Buyuk Sino" nomli kitobi haqida
Ulug‘ ajdodimiz Abu Ali ibn Sino haqida ko‘p va xo‘p yozilgan. Buyuk alloma haqida bitilgan har bir asar uning yangi va yangi qirralarini ochib boraveradi. Tibbiyot tarixida fenomen bo‘lgan bu inson haqida yozilgan asarlarni har doim kuzatib borishga harakat qilaman. Biroq nazarimda biz tibbiyotchilar Ibn Sinoni faqat tarixiy shaxs sifatida o‘rganishga odatlanib qolganmiz. Oliy tibbiy ta’lim darsliklarining birinchi bobida, ya’ni “Tibbiyot tarixi” degan qismida Ibn Sino haqida eslanadi xolos. Qolgan joylarda esa yo‘q.

Ibn Sino tibbiyotning barcha yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan, ko‘p ixtirolar qilgan. Tibbiyot otasi deb hisoblanmish Gippokrat tibbiyot va salomatlik psixologiyasini nazariy tomondan ko‘p yoritgan bo‘lsa, Ibn Sino nazariyot va amaliyotni uyg‘un olib borgan buyuk alloma va tabib.

Taniqli olim Jumanazar Beknazarovning ushbu kitobini o‘qib chiqar ekanman, unda mening diqqatimni tortga voqelik – buyuk allomani hozirgi tibbiyot ilmi namoyondalari va yurtdoshlari bilan yuzma-yuz qilgani va suhbatlashtirgani bo‘ldi. Kitob muallifi tibbiyot olimlariga qarata: “Ey zamondoshim! Ibn Sino – tib ilmining sultoni, bizning ajdodimiz, deb faxrlanish bilan cheklanib qolma! Uning ishlari tibbiyot institutlarining har bir darsligida aks etsin” degan ma’noda xitob qiladi.

Tibbiyot institutida 30 yildan buyon nevrologiya va tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha dars beraman. Shu sohaga oid darsliklar yozganman, bemorlarni davolayman. “Tibbiyot psixologiyasi” bo‘yicha yuqori kurs talabalariga navbatdagi ma’ruzamni tugatib “Savollar bormi? deb ularga yuzlandim. Shunda talabalardan biri quyidagi savolni berdi: “Ustoz! Ibn Sino inson miyasi borasida shuncha kashfiyotlar qilgan ekan, nega ular tibbiyot darsliklarida aks ettirilmagan? Muallifning “Buyuk Sino” kitobi ushbu o‘rinli savoliga haqiqiy javob bo‘ladi, degan fikrdaman.

Bosh miya markazlarini kashf qilishga oid yirik kashfiyotlar 18-19-asrga tegishli ekanligini Yevropa olimlari deyarli barcha darsliklarda bayon qilishgan. Biroq, nega Ibn Sino tilga olinmagan? Tarixiy kitoblarda Ibn Sino ishlari ko‘rsatib o‘tiladi. Biroq nima uchun tibbiyot instituti talabasi har kuni qo‘lida ushlaydigan darsliklarda Ibn Sino nomi chetlab o‘tiladi? G‘arblik olimlarning bunday yondoshuvini turlicha talqin qilish mumkin. Biroq ular Ibn Sinoni bilishmasa kerak, deb talqin qilishdan men yiroqman. Chunki 700 yildan oshiq Ibn Sino asarlari bo‘yicha o‘qitilgan G‘arb tibbiyoti olimlari Ibn Sinoni bilmasligi aslo mumkin emas.

Bosh miyada turli markazlarni joylashtirib chiqib nom qozongan avstriyalik vrach va anatom Frans Gall (1758-1828) Ibn Sino ishlaridan bexabarmidi? Albatta xabari bo‘lgan. Jaxon nevrologiyasi asoschisi va “Nevrologiya” Napoleoni taxallusi bilan dunyoga dong‘i ketgan fransuz olimi Jan Marten Sharko (1825-1893), “Tibbiyot psixologiyasi” asoschisi deb nom chiqargan buyuk nemis olimi Ernst Krechmer (1888-1964) va “Psixosomatik tibbiyot” asoschisi deb nom qozongan amerikalik olim Frans Aleksander o‘z asarlarida Ibn Sinoni tilga olishmagan.

Men nevrologiya va tibbiyot psixologiyasi bo‘yicha bir nechta darsliklar yozganman va bu fanlar tarixini yaxshi o‘rganganman. Ming afsuski bu soha olimlari tibbiyot darsliklarida miyada kashf qilingan barcha markazlarni o‘zlarining nomi bilan zikr qilishgan. Mana misol: Parkinson kasalligi, Brok markazi, Vernike markazi, Silviy suv yo‘li, miya qorinchalarni bog‘lovchi Monro, Majandi va Lyushko teshiklari va h.k (18-19 asrlar).

Endi “Buyuk Sino” ga qaytamiz: “Bosh miyada sezish va fikrlash markazlari mavjud. Miyaning old qismida sezish, o‘rta qismida sezgilarni umumlashtirish, orqa qismida yodda saqlab qolish markazlari bor”. Hozirgi til bilan aytganda bosh miya po‘stlog‘idagi markazlar 3 sohaga ajratiladi: birlamchi (sezish), ikkilamchi (umumlashtirish) va uchlamchi maydonlar (xotira va tafakkur). Bu fikrni neyropsixologlar XX-asr boshlarida ilgari surishgan.

Ibn Sino miya qorinchalari haqida so‘z yuritar ekan, uchinchi qorinchani miyaning o‘rtasida, to‘rtinchi qorinchani uning orqa qismida joylashgan, deb yozadi. Ushbu ikkala qorinchani tutashtiruvchi yo‘l hozirgi darsliklarda Silviy suv yo‘li deb yuritiladi. Aql bovar qilmaydigan kashfiyot!” Agar haqiqat qaror topsa, bu noimlanish “Silviy suv yo‘li” deb emas, balkim “Sino suv yo‘li” deb nomlangan bo‘lur edi. Afsuski endi kech...

Endi ruhiyat, ya’ni salomatlik psixologiyasi haqida so‘z yuritsak. “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi muallifi (3-nashr) sifatida shuni qayta-qayta ishonch bilan ayta olamanki, “Tibbiyot psixologiyasi” va “Psixosomatik tibbiyot” ga ham 20-asrda asos solinmagan. Ushbu fanlar asoschisi Ibn Sinodir. Psixogigiyena, psixoprofilaktika va psixoterapiya yo‘nalishlari asoschisi ham Ibn Sinodir.

Yatropatiya, ya’ni tabibning noto‘g‘ri so‘zi va xatti-harakatlari sababli kelib chiqadigan kasalliklarni ham Ibn Sino ko‘rsatib o‘tgan va yozib qoldirgan. Ibn Sino nafaqat asab va ruhiyat buzilishlari, balki ichki a’zolar kasalliklari (masalan, oshqozon-ichak yarasi) ruhiy jarohatlar sababli kelib chiqishini yozib qoldirgan. Psixosomatik buzilishlarni o‘sha davrda ham ko‘p Ibn Sino “Vujud ruh amriga voojibdir” deb yozib qoldirgan. Bu ibora bugungi kunda psixosomatik tibbiyot shioriga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Insoning oliy boshqaruv a’zosi bo‘lmish bosh miya haqida ham kitobda ko‘p misollar keltirilgan. O‘z zamonasining buyuk mutafakkiri Arastu fikrlash markazini yurakda deb bilgan. Faqat Ibn Sino ushbu fikrni xato deb ta’kidlagan va bunday vazifaga bosh miya mas’ul deb atagan.
“Miya 3 parda bilan qoplangan” deb o‘ta aniq ifodalagan edi Ibn Sino. Buyuk hakim sakta (hozirda miya apopleksiyasi deyiladi), ya’ni miya pardalari orasiga qon quyilishi belgilarini g‘oyat mohirlik bilan batafsil yozgan. Ushbu kasallikda qon olib davolash usullarini qo‘llagan va tavsiya etgan.

Ibn Sino organizmda qon ko‘payganligini ifodalovchi belgilar aniqlanganda qon chiqarib tashlashni tavsiya qilgan. Ma’lumki, alloma ko‘p kasalliklarga tashxis qo‘yishda tomir urishini tekshirishdan foydalangan.

Ibn Sino bosh miya kasalligida og‘rigan tarafning qarama-qarshi tomonidagi tomirdan qon olishni tavsiya qiladi. Bu genial fikr edi. Hozirda ma’lumki, bosh miyaning chap yarimsharida insult ro‘y bersa, o‘ng tomon, o‘ng yarimsharda insult ro‘y bersa, chap tomonda falajlik rivojlanadi.

Har bir nevropatolog letargik ensefalit degan kasallikdan xabardor. Bu kasallikning asosiy simptomi tinimsiz uyquga ketish. Tibbiyot tarixchilari ushbu kasallikni 1917 yili birinchi bo‘lib Venger nevrologi Ekonomo yozgan deb ta’riflashadi. Keyinchalik bu kasallik Ekonomo ensefaliti nomi bilan tarixga muhrlangan. Biroq Ibn Sino letargiya haqida 1000 yil oldin yozib qoldirgan va uni miyaning chuqur tuzilmalari patologiyasi bilan bog‘lagan “Miya uchinchi qorinchasi shikastlanishi kuchli uyquchanlikka olib keladi. Albatta, har bir salohiyatli nevrolog olimni hayratga soladigan fikrdir.

Ibn Sino “Har bir ichki a’zo asab tolalari bilan bog‘langan va ularning faoliyati bosh miya nazorati ostidadir” deb asosli ravishda mikroskop yo‘q davrda yozib qoldirgan.

Miyadagi salbiy qo‘zg‘alishlar asab tolalari orqali ichki a’zolarga uzatilib ularda turli xil kasalliklar keltirib chiqarishini, hozirgi ilmiy til bilan aytganda eksperimental yo‘l bilan isbotlab bergan. Atrofida bo‘ri aylanib yurgan qafasdagi qo‘y yaxshi yem berilsa-da, ozib ketib halok bo‘ladi. Bo‘ridan alohida boqilgan qo‘y hech qanday kasalliksiz rivojlanadi. Ushbu oddiy tadqiqot orqali Ibn Sino psixosomatik kasalliklar kelib chiqishi mexanizmini isbotlab berdi. Bundan tashqari alloma doimo xavotirda yuradigan odamlarda turli kasalliklar kelib chiqishini ko‘p kuzatgan va har qanday bemorni davolashga kirishishdan oldin, hozirgi til bilan aytganda, albatta psixoterapiya o‘tkazgan.

1936 yili Kanadalik fiziolog Gans Sele kalamushlarga kuchsiz elektr toki bilan ta’sir qilib, salbiy asab qo‘zg‘alishlarining ichki a’zolarga ta’sirini o‘rganadi. Kalamushlarning ichaklarini yara bosib ketadi. Ushbu tadqiqot bilan Gans Sele psixosomatik buzilishlar patofiziologiyasini birinchi bor o‘rgangan olim sifatida tarixda muxrlanib qoldi. Ibn Sinoning qo‘ylarda, Gans Selening kalamushlarda o‘tkazgan tadqiqoti va xulosasi shu qadar o‘shashki, naxotki bu tasodif degin keladi. Bu olim ham boshqa olimlar kabi Ibn Sino ishlaridan “bexabarmidi yoki boxabarmidi?” Bunisi yolg‘iz Ollohga ayon.

Olimlarning keyingi tadqiqot ishlarida ham miya va ichki a’zolar faoliyati orasidagi ijobiy va salbiy bog‘liqliklar ketma-ket o‘z isbotini topib bordi.

Kitob muallifi taassuf bilan tilga olib yozadiki, Ovrupalik olimlar nomi berib tashlangan bir qator sindromlar, kasalliklar biron marta ham Ibn Sino nomi ko‘rsatib o‘tilmagan yoki o‘sha olim buni yozib o‘tkan va hozirda isbotini topgan deb tilga olinmagan. Agar “Tib qonunlari” diqqat bilan o‘rganilsa, juda ko‘p simptom va sindromlar Ibn Sino tomonidan ilmiy jihatdan pishiq, puxta va lo‘nda yozilganiga guvoh bo‘lamiz. Ilmiy haqiqatdan bexabarlik ham, bila turib, undan ko‘z yumish ham hech bir zamonda fazilat sanalmagan. Haqiqatni tan olish ham jasorat ekanini unutmaslik kerak. Toki haqiqat o‘z o‘rnini egallamas ekan, insof va adolat haqidagi gaplar gapligicha qolib ketaveradi.

Yurtimizning taniqli olimi, serqirra ijodkor Jumanazar Beknazarovning “Buyuk Sino” kitobini bir tomondan yuragimda faxr bilan, ikkinchi tomondan katta og‘riq bilan mutoala qildim. Nafaqat tibbiyot, balki falakiyot ilmini ham mukammal egallagan alloma haqida bir olimning o‘zi kitob yozishga jazm qilishi har qanday tahsinga sazovor. Ibn Sino haqida kitob yozish oson emas.

Qanchadan-qancha imkoniyatlar boy berildi, qanchadan-qancha ilmiy merosga boshqalar egalik qilishdi. Biz olimlar esa Ibn Sino bilan faxrlanib yuraverdik, qaysidir kasallik yoki sindromni 1000 yil oldin yozib qoldirilgan, deb yuraverdik. Biroq, horijlik olimlar oldida bu sindrom yoki kasallikni bizning alloma yozgan deb himoya qilmadik.

Muallif ushbu kitobni tayyorlashda qanchadan-qancha ilmiy va tarixiy manbalarni ko‘rib chiqqan, tibbiyot olimi sifatida ularni zamonaviy ilmiy adabiyotlar bilan taqqoslagan. Bu albatta beqiyos mehnat samarasi. Bunday asarni tayyorlash uchun Jumanazar Beknazar o‘sha davrga xayolan sho‘ng‘igan va Buyuk Sino bilan dildan suhbat qurgan va allomaning ichki dunyosini kashf qilishga harakat qilgan va o‘ylaymanki buning uddasidan chiqqan. Yana bir hayratlanarli tomoni, kitob muallifi Ibn Sinoni turli davr olimu-fuzalolari bilan suhbat qurdirgan.

Jumanazar Beknazar nafaqat tibbiyotda kamdan-kam uchraydigan fenomenal olim, balki mohir shoir va yozuvchi hamdir. Shu bois ham “Buyuk Sino” asari juda chiroyli qilib badiylashtirilib tarixiy romanga aylantirilgan. Bunga albatta adabiyotshunos olimlar o‘z bahosini berar.

Bu asarni bir nechta Sharq va G‘arb tillariga kechiktirmasdan tarjima qilish kerak, barcha tibbiyot institutlarida maxsus uchrashuvlar uyushtirish lozim, Buxoro tibbiyot institutini butkul Ibn Sino uslublari bo‘yicha davolovchi mutaxassis-vrachlarni tayyorlash institutiga aylantirish lozim. Misol uchun Xitoyda xitoy uslubi bo‘yicha davolovchi vrachlarni tayyorlaydigan institutlar anchagina.

Aniq tarixiy manbalar asosida tayyorlangan “Buyuk Sino” kitobini chop qilishga tavsiya etaman. Ushbu kitob o‘zbek kitobxoni javonida eng faxrli o‘rinni egallaydi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor
Zarifboy Ibodullayev
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)