
O‘zbekiston milliy terma jamoasi xalqaro futbol sahnasida yana bir tarixiy uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. “FootballAsian” nashrining xabar berishicha, “Oq bo‘rilar” jahon chempionlari Argentina terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi mumkin. Bu bellashuv 10-14 oktyabr kunlari oralig‘ida tashkil etilishi kutilmoqda.
Mana shu uchrashuv haqidagi xabar futbol muhlislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Sababi, terma jamoamiz shunday kuchli va nufuzli raqibga qarshi to‘p surishi ehtimoli nafaqat futbolchilar uchun, balki butun mamlakatimiz uchun ham katta sinov va sharaf hisoblanadi. Yana bir muhim jihati — bu bellashuvda Lionel Messining ham ishtirok etishi kutilmoqda, deb yozmoqda manba.
Ayni vaqtda Argentina terma jamoasi oktyabr oyida ikkinchi o‘rtoqlik o‘yinida Xitoyga qarshi bahs olib borishi kutilmoqda, ammo bu haqda hali rasmiy ma’lumot e’lon qilinmagan. Ammo birinchi raqib sifatida O‘zbekistonning tilga olinishi – bu o‘z o‘ziga ishongan, o‘sish va o‘zgarish yo‘lidagi terma jamoa uchun katta signal.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyidagi FIFA kunlarida O‘zbekiston “CAFA Nations Cup” musobaqasida ishtirok etadi. Ushbu musobaqa terma jamoamiz uchun jismoniy va taktik jihatdan yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Agar Argentinaga qarshi bellashuv amalga oshsa, bu bosh murabbiy Temur Kapadze uchun ham, yosh futbolchilar uchun ham o‘ziga xos tajriba maktabiga aylanadi. Messi, Di Mariya, Lautaro kabi yulduzlarga qarshi o‘ynash har qanday futbolchining faoliyatida unutilmas daqiqalarni taqdim etishi turgan gap.
Hozircha rasmiy e’lonlar kutilmoqda, ammo ushbu xabarning o‘zi ham yurtimiz futbol muxlislari qalbida orzu va intizomni uyg‘otdi. Agar o‘yin amalga oshsa, bu tarixiy voqea bo‘lib, O‘zbekiston futbolining xalqaro maydondagi yangi bosqichi sifatida qayd etiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar