23:00 / 13.05.2017
5 131

Terma jamoalar markazi faoliyati yakunlangandan so‘ng qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Terma jamoalar markazi faoliyati yakunlangandan so‘ng qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
O‘zbek futbolida oxirgi bir oy davomida yangiliklar silsilasi shu qadar kuchli ko‘rinish oldiki, gapni qay biridan boshlashni ham bilmaysan. Bu xuddi uzoq vaqt mudrab yotgan ayiqning uyg‘onishiga o‘xshaydi. «Paxtakor» va «Bunyodkor» yaqin o‘tmishda nafaqat O‘zbekiston, balki butun qit’aning ko‘zga ko‘ringan klublaridan hisoblanardi. Ammo oxirgi ikki yilda har ikkisi ham avvalgi mavqeini boy berib ulgurdi. Eng yomoni - bu jarayon ancha uzoq davom etib, xuddi o‘zbek klublari mana shu qismatga rozi bo‘lib qolgandek tuyulgandi.

Bunga qo‘shimcha sifatida O‘zbekiston futbol federasiyasida ro‘y bergan o‘zgarishni ham alohida ta’kidlash lozim. Oxirgi sakkiz yil bir-biriga juda o‘xshash tarzda o‘tdi - deyarli hamma Terma jamoalar markazini tanqid qilish bilan band bo‘ldi. Biz bu holatga ham shu qadar ko‘nikdikki, O‘FF rahbariyatining TJMni yopish haqidagi qarori e’lon qilinganda ancha shoshib qoldik ham. Shunday tashkilot dabdurustdan, bir kunda yopildi-ketdi...

Xo‘sh, bu o‘zgarishlar futbolimizga nima beradi? Biz mana shu uch voqelikni ahamiyati jihatidan o‘rinlarga joylashtirishga qaror qildik. Birinchi o‘rin esa, shubhasiz, yopilib ketgan TJMga berildi...

1-O‘RIN. TUGATILGAN TJM

Aslida, bizning e’tirozimiz bevosita tashkilotning o‘ziga emas, balki unda ishlaganlarga qaratilgan edi. Tan olish lozim, Terma jamoalar markazi tashkil etishning o‘zi yomon qaror bo‘lmagan, uning oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilmagani esa boshqa masala. Turli yoshdagi termalarni kerakli sharoit bilan ta’minlash va nazorat qilib borish kerakli tadbir edi. Faqat uni muvaffaqiyatli amalga oshira oladiganlar topilmadi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham endi bu davr ortda qoldi. Tabiiyki, O‘zbekiston futbol federasiyasi terma jamoalarni boshqarish bo‘yicha endi boshqa uslubda ish boshlaydi. Axir yig‘inlar tashkil etish, o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish va terma jamoalarning kam-ko‘stidan xabardor bo‘lib turish lozim. Shunday ekan, balki yangi bo‘lim tashkil etilar?! Umid qilamizki, bu bo‘lim avvalgi TJM singari chiptalar mashmashasiga o‘ralashib qolmaydi. Aks holda, uni yopishdan nima naf?

2-O‘RIN. YaNGI «PAXTAKOR»

«Paxtakor»dagi muammolar ikki yil oldin ko‘zga tashlandi, ammo aslida jamoa yil oldinroq mavqeini yo‘qota boshlagandi. To‘g‘ri, mag‘lubiyatlar oxirgi yillarda boshlandi, ammo «Paxtakor»ning eng katta yo‘qotishi natija emas, balki huvillab qolgan tribunalardir.

Bir vaqtlari bu klub «xalq jamoasi», deb atalardi. Ammo endi bu gapni tilga olmagan ma’qul, kulishadi. O‘yiniga tomoshabin kelmaydigan jamoaga bunday rutbani berib bo‘lmaydi. Shu bois ham «Paxtakor»da rahbariyat va uning ortidan murabbiylar shtabi ham o‘zgargani ko‘pchilikni quvontirdi. Endi yangi davrda klub oldiga qo‘yilgan eng muhim vazifa - tomoshabinlarni qaytarish.

Bir vaqtlari «Paxtakor» stadioniga 55 ming muxlis yig‘ilardi. Hozir esa gohida 500 kishi ham kelmaydi. Xo‘sh, yangi rahbariyat bu muammoning echimini topa oladimi? Aytishlaricha, «Paxtakor» stadioni qayta rekonstruksiya qilinar ekan. Biroq uyga qancha zeb bermang, mehmon kelmasa, hamma qilingan ish behuda ketadi.

Umid qilamiz, «Paxtakor»ning ishi besamar bo‘lmaydi...

3-O‘RIN. ESKI «BUNYoDKOR»

Hozir «Bunyodkor» og‘ir ahvolda, ammo uning qisqa vaqtli tarixida bundan yomonroq davri ham bo‘lgan. Bir vaqtlari jamoadan Skolari va Rivaldo boshliq legionerlar yoppasiga ketganda klubning inqirozga uchrashi taxmin qilingandi. Ammo «qaldirg‘ochlar» nafaqat oliy liga, balki OChLda ham avvalgi mavqelarini ushlab qolishdi.

Muammolar keyinchalik, tekis yo‘lda boshlandi. «Bunyodkor» so‘nggi uch yil davomida asta-sekin, ammo muntazam ravishda ortga keta boshladi. Hozir bu klub oliy ligada chempionlikka da’vogar jamoalar safidan chiqib qolgan. Chempionlar Ligasida esa allaqachon autsayder maqomini o‘ziniki qilib olgan. «Bun-yodkor»ning oxirgi alamli mag‘lubiyati ham buni tasdiqlaydi - «Al-Ayn»ga 0:3 hisobida imkoniyat boy berildi.

Ammo bu mag‘lubiyat «qaldirg‘ochlar» uchun yangi boshlanajak yo‘lning debochasi bo‘lishi mumkin. Aniqrog‘i, klub avvalgi o‘zanga qaytishga yaqin turibdi. Klubda rahbariyat o‘zgardi va «Bunyodkor»ga Mirjalol Qosimov qaytarildi. Ushbu mutaxassis mavzusiga gazetamizning keyingi sahifalarida batafsil to‘xtalamiz.

YaKUNDA

Biz o‘zbek futbolida ro‘y bergan o‘zgarishlarning muhimlik darajasini o‘z qarashlarimizga asosan belgiladik. Ammo sizning fikringiz boshqacha bo‘lishi mumkin, albatta. Kim uchundir TJMdan ko‘ra «Paxtakor» muhimroq, boshqalar esa «Bunyodkor»dagi o‘zgarishlardan xursand. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz faqat bir narsani tilaymiz - bu yangiliklar o‘zbek futboli ravnaqiga xizmat qilsin. Zero faqat shundagina hamma narsa o‘z ma’nosiga ega bo‘ladi.

Umar BEK

Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Terma jamoalar markazi faoliyati yakunlangandan so‘ng qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?