
Fabio Kannavaro milliy jamoa murabbiyi sifatida birinchi jiddiy sinovdan o‘tdi. To‘g‘ri, Urugvay ham kuchli raqib, lekin o‘shanda jamoa bu qadar optimal tarkibda bo‘lmagan. Kannavaroning o‘zida ham hali jamoa bilan tanishishga vaqt yo‘q edi. So‘nggi o‘yinga nisbatan besh futbolchi o‘zgargani ham bundan dalolat qilmoqda. Endi biz murabbiyning bir oylik faoliyatiga qisman baho berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Fabio Kannavaro o‘tgan davrda nimalar qildi? Qanday o‘zgarishlar amalga oshirmoqda? Quyida shu haqida to‘xtalamiz.
3-4-3 – MUVAFFAQIYAT KALITIMI?
Yaqinda bir podkastda mehmon bo‘lgan Ole Gunnar Sulsher bugungi «Manchester Yunayted» sistemasi, ya’ni 3-4-3 haqida fikr bildirarkan, bunday sxemaga qarshi to‘p surish juda qiyin ekanini tan oldi.
«Agar hammasi mukammal shaklga keltirilsa, bunday jamoaga qarshi pressing qilish ham, himoyalanish ham qiyin bo‘ladi», – dedi norvegiyalik mutaxassis.
To‘g‘ri, top-klublarda bunday yo‘l bilan muvaffaqiyat qozonish ilojsiz ekani ham aytiladi, dunyoning eng yaxshi jamoalari to‘rt himoyachi bilan o‘ynashiga o‘rganib qolganmiz. Lekin e’tibor bersangiz, kamtarroq tarkib bilan o‘z darajasidan yuqori futbol ko‘rsatgan, aynan taktika orqali nomdorroq raqiblarga qarshi ham munosib o‘ynay olgan ko‘plab jamoalarda uch markaziy himoyachi sxemasi edi. So‘nggi Yevropa chempionatlaridagi Daniya, Avstriya yoki Shveysariya milliy jamoalarini eslang. Bu jamoalar tarkibida birinchi raqamli top-yulduzlarni uchratmaysiz, lekin ular doim tashabbuskor futbol namoyish etishadi, shuningdek, o‘sha o‘rtamiyona futbolchilar ham shu tizim ichida yulduzga aylanishadi.
Quyidagi suratda Sulsher aytgan jihatni, ya’ni bunday tizimga qarshi himoyalanish qiyinligini ko‘rish mumkin.

Qanot himoyachilari hujumga faol qo‘shilganda oldinda bir chiziqda 5 futbolchi hosil bo‘ladi. 4-3-3 yoki 4-4-2 sexmasida, ya’ni vingerlar bilan o‘ynaganda bunday strukturani yaratish qiyin. Bu esa o‘z navbatida raqibning 4 himoyachisiga qiyinchilik tug‘diradi. Doim uzoq qanotda bir bo‘sh futbolchiga ega bo‘lish yoki raqib futbolchilarini gorizontal «yoyish» hisobiga markazda ham kengroq zonalarga ega bo‘lish imkoniyati bor.
Yaqinda «MYU»ga qarshi o‘yinda «Chelsi» ozchilik bo‘lib qolgach, Mareska beshinchi himoyachini tushirishga majbur bo‘ldi va o‘yindan keyingi matbuot anjumanida raqiblar oldingi chiziqda besh kishi bo‘lib hujum qilayotgani uchun qo‘shimcha futbolchiga ehtiyoj sezganini aytdi. Xuddi shunday qarorni «Sanderlend» murabbiyi «MYU»ga qarshi o‘yinda qabul qildi – u hisob 0:2 bo‘lsa ham, vinger o‘rniga uchinchi markaziy himoyachi tushirishga majbur bo‘lgani, aks holda hisob yanada yiriklashib ketishidan cho‘chiganini yashirmadi.
Shu bilan birga, 3 nafar markaziy himoyachiga qarshi raqib pressing qilishi ham qiyinchilik tug‘diradi. Chunki 5 himoyachi jamoaga gorizont bo‘ylab keng joylashish imkonini beradi. Old chiziqda butun maydon enini yopish esa son jihatdan juda ko‘p futbolchilarni jalb qilish ehtiyojini yaratadi. O‘z navbatida, bu holda markaz orqali tezkor paslar yoki uzoq masofaga uzatmalar uchun imkoniyatlar vujudga keladi.
O‘zbekiston milliy jamoasining ayni paytdagi asosiy yutug‘i – uzoq yillardan beri aynan shu tizimda o‘ynab kelayotganidir. Katanes bu tizimning bazaviy sozlamalarini ishlab chiqqan, futbolchilarda bunday o‘yinga bo‘lgan ko‘nikmalarni hosil qilgandi. Keyingi bosqichga o‘tish va bu tizim ichida yanada rivojlanish uchun esa murabbiyga salomatlik bilan bog‘liq muammolar xalal bergan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun saralashning so‘nggi bosqichida jamoa bir uslubda va ayni tarkibda bir joyda depsinib qolgandek tasavvur paydo bo‘lgandi.
Temur Kapadze qisqa muddatga kelgan bo‘lsa-da, tizimga kerakli turtkini bera oldi – masalan, qanot himoyachilarining uslubiga biroz o‘zgartirishlar kiritilib, hujumkorlik oshirildi. Tabiiyki, har qanday jamoada yangi sozlamalar, qo‘shimcha g‘oyalar ijobiy turtki sifatida yordam beradi.
Eng muhimi, Fabio Kannavaro ham shu yo‘lni davom ettirgani va aynan mana shu sxema ostida raqibga moslashish, ustunlik jihatlarni yuzaga keltirishda chizgilar yaratayotgani, qisqasi, so‘nggi pardoz ishlarini amalga oshirayotganidir. Biz siklni uch murabbiy qo‘l ostida olib borayotgan bo‘lsak-da, jamoa bir yo‘nalishda ketayotgani – asosiy yutuq bo‘lishi mumkin.
MOSLASHUVCHANLIK
Fabio Kannavaro bosh murabbiy sifatida tanishtirilganda, asosiy savol shunday yangragandi – u qanday uslubdagi murabbiy? Avvalgi murabbiylarimiz yo‘lidan boradimi yo hammasini o‘zgartiradimi? Qanday futbol ko‘rsatadi?
Juda qisqa vaqt ichidagi bir necha o‘yin shuni ko‘rsatdiki, Kannavaro yetarlicha moslashuvchan, milliy jamoalar murabbiylariga kerak bo‘ladigan asosiy jihat – ijrochilardan kelib chiqqan holda futbol ko‘rsatadi. Balki shuning uchun ham uning asosiy o‘yin uslubi haqida ma’lumot to‘play olmaganmiz.
Xo‘sh, Fabio Kannavaro o‘yinimizga nima olib kirmoqda?
U murabbiy sifatida muvaffaqiyatli ishlamagan bo‘lsa-da, doim izlanishda bo‘lgani va zamonaviy trendlar bilan hamohang ekani biz uchun syurpriz. O‘z vaqtida muvaffaqiyatli ishlab qo‘ygan va o‘sha bagaj bilan Osiyoda nimadir qilmoqchi bo‘layotgan boshqa qator murabbiylardan farqli ravishda Fabioning jamoa bilan birga o‘sishga harakat qilayotganini payqash qiyin emas.
Misol uchun, ayni paytda futbolda «ikkinchi to‘plar uchun kurash» trendga chiqdi va aynan mana shu jabhadagi ustunlik o‘yindagi ustunlikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Biz dastlabki o‘yinlarda Kannavaro ko‘proq uzun paslar orqali o‘ynashni yoqtirar ekan, deb o‘ylagan edik, uchinchi o‘yinga kelib bu shunchaki ehtiyotkor o‘yin uslubi emas, qo‘shimcha qurollardan biri bo‘lishi oydinlashdi.

Yuqoridagi suratga qarang. To‘p yuqoridan uzatilganda Shomurodovni uni egallab, bo‘ysundirish imkoniyati deyarli bo‘lmasligi mumkin, ammo to‘p tushishi mumkin bo‘lgan zonada yana 4 nafar o‘zbekistonlik futbolchi bor. Bunday vaziyatlarda to‘pni egallash birinchidan, tezkor hujum uyushtirish imkonini beradi, ikkinchidan, raqib bor e’tiborini yuqoridan kelayotgan to‘pga qaratgani va u soniyadan so‘ng qayerda bo‘lishini taxmin qilish qiyin bo‘lgani sababli, himoya strukturasi buziladi.
Oston O‘runov tomonidan kiritilgan ikkinchi gol aynan mana shunday yo‘l bilan yuzaga keldi. Maydon markazida Eldor Shomurodov yuqori qavatdagi kurashda yutib chiqdi va to‘pni ortga, maydondagi vaziyatni yaxshi ko‘rib turgan Shukurovga yetkazdi. Shukurov esa darhol Ostonni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Ya’ni bu yerda raqib go‘yoki xaos bilan chalg‘ib qolgani, Eldor esa yaxshiroq pozitsiyadagi Shukurovni, Shukurov Ostonni payqagani, O‘runov esa o‘sha vaziyatda tezkor pas bo‘lishini sezib oldinga harakatlanganini qayd etish mumkin. O‘sha paytda uchala futbolchimiz ham misrliklardan farqli ravishda nima qilish kerakligini aniq bilardi – boshqariladigan xaos deb shunga aytiladi.
Avvalgi jamoaga nisbatan yana bir o‘zgarish – Kannavaro bir o‘yinning o‘zida turli templar o‘ziga xos jonglerlik qilmoqda. Ya’ni Katanes davrida jamoa ehtiyotkor edi – raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar bu sezilib turardi. Gol kerak bo‘lganda, ko‘pincha butun sxema o‘zgarar, yangi futbolchilar paydo bo‘lardi. Kapadze futboli biroz tajovuzkorroq, hujumda ancha faol, bu esa pragmatik o‘yin kerak bo‘lganda jamoani qiynab qo‘ygandi. BAAga qarshi o‘yin bunga yaqqol misol.
Kannavaro esa bir sxema, ayni futbolchilar bilan goh himoyaviy, goh agressiv, goh yuqori, ba’zida esa pastroq tempni taklif qila olyapti. Hozirgi jamoa o‘yinlariga qarab, uni hujumkor yoki himoyaviy deb aytish juda qiyin. Misrga, hatto Urugvayga qarshi o‘yinda ham biz ba’zida ancha yuqori pressing qila oldik.

O‘yinda hisob ochilganidan so‘ng, 10-15 daqiqa, to O‘runov to‘sinni nishonga olishigacha Misr jiddiy faollik ko‘rsatib, raqibni deyarli jarima maydoniga qamab qo‘ydi. Endi yuqoridagi kontr-pressingga e’tibor bering. Terma jamoamizning 9 futbolchisi raqib jarima maydoni yaqinida – to‘p yo‘qotilgach, tezda uni qaytarib olishga harakat qildik va uddaladik. Ya’ni kuchli raqibga qarshi bo‘lsa-da, undan qo‘rqish, butun jamoa bo‘lib yotib olish o‘rniga, biz o‘z uslubimizni qo‘yishga, biz ham kichik jamoa emasligimizni ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lyapmiz. Mana shunday vaziyatlardan so‘ng Misrdagi o‘ziga bo‘lgan ishonch, yengillik yo‘qoldi.
Quyida esa hisob ochilgan vaziyat:

Bir qarashda gol Ostonning individual mahorati, bir necha futbolchini aldab o‘tgani natijasida yuzaga keldi. Ammo aslida vaziyat o‘yinning boshidagi faollik, 8 futbolchi bo‘lib pressing qilingani natijasida yuzaga kelganini ham unutmaslik kerak.

RAQOBAT
Turli uslub va g‘oyalar nafaqat umumiy kartinada, balki kichik detallarda ham seziladi. Srechko Katanes davrida jamoa o‘zagi shakllanib bo‘lgan, yangi futbolchilar tarkibga kirishi qiyinchilik tug‘dirardi. Terma jamoalar sharoitida bu juda qiyin va samarasiz yo‘l hisoblanadi. Sababi, har 2-3 oyda bir marta, qisqa muddatga yig‘ilgan paytda yetakchilarning sport formasini nazorat qilish juda qiyin. Bir futbolchi jarohat oladi, boshqasi kutilmaganda yomon sport formasida yig‘inga keladi – murabbiy bu syurprizga doim ham tayyor bo‘lmaydi.
Kannavaro nafaqat turli variantlarni sinab ko‘rmoqda, balki har bir yangi futbolchi va raqibdan kelib chiqib kichik o‘zgarishlar qilmoqda. Masalan, ayni paytda Masharipov va Fayzullayev yo‘q. Ikkisi tarkibdagi eng kreativ futbolchilar ekani sir emas. Ammo bu yo‘qotish deyarli sezilmayapti. Kannavaro bu bo‘shliqni Eldor Shomurodovning tajribasi yordamida yopishga harakat qilyapti. Shuning uchun Kuvaytga qarshi Erkinov, Misr bilan o‘yinda esa O‘runov asosiy hujum quroli sifatida namoyon bo‘ldi. Ya’ni Shomurodovdan to‘purar, vaziyatlarga ochilishi kerak bo‘lgan futbolchi emas, hujumlarni boshlovchi, tashkil qiluvchi kuch sifatida foydalanmoqda. Qaysidir jihatdan Harri Keynning «Bavariya»dagi roliga juda o‘xshash.

Yuqoridagi suratdagiga o‘xshash vaziyatlar juda ko‘p takrorlandi. Shomurodov raqib darvozasiga orqa qilgan holatda to‘pni qabul qilib, hujumni turli yo‘nalishlarda tashkil qilishda ancha faol va samarali bo‘ldi. Ikkinchi goldan tashqari, 2-bo‘limda bosh bilan zarba berish bilan yakunlangan o‘ta xavfli vaziyat ham aynan Shomurodov boshlagan hujum yordamida yuzaga keldi.
Ya’ni hujum ortida Masharipov va Fayzullayev kabi pleymeykerlar yo‘qmi, muammosiz, unda jarima maydoniga yorib kirishi mumkin bo‘lgan Erkinov yo O‘runovdan foydalanamiz. Shomurodovning roli esa o‘zgaradi.
Terma jamoaning bunday moslashuvchanligi kelajakda ko‘p yordam beradi. Murabbiyda ayni paytda eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan futbolchilardan foydalanish imkonini beradi. Zaxira variantlar orqali o‘yin taktikasini o‘zgartirishga sharoit yaratadi. Hamda yana bir eng muhim jihat bor.
Terma jamoada nafaqat ma’lum pozitsiya uchun bir necha futbolchilar ichida, balki turli uslublar ichida ham raqobat yuzaga kelmoqda. Ya’ni chap qanot yarimhimoyasida ma’lum uslub uchun Fayzullayev hammadan yaxshi bo‘lishi mumkin. Lekin qaysidir boshqa uslubda Abbosdan ko‘ra Erkinov foydaliroq bo‘ladi. Ya’ni Erkinov aslida Abbosdan kuchli bo‘lmay turib ham, uslublar o‘rtasida raqobat tufayli asosiy tarkibga tanlanishi mumkin.
Yaqinda Jaloliddin Masharipov o‘z jarohati haqida fikr bildirarkan, nasib bo‘lsa jamoaning noyabrdagi o‘yinlariga tayyor bo‘lishini aytgandi. Shunda savol tug‘ilgan – Masharipov nega jamoaga chaqirilishiga bunchalik amin? Albatta, Jaloliddin tezda sog‘ayishi, yana jamoa yetakchilaridan biriga aylanishi, mundialda to‘p surishini chin dildan istaymiz. Ammo jamoa hammaniki. Futbolchilarga milliy jamoa emas, aksincha, ular milliy jamoaga muhtoj. Nomzodlar safi kengayishi, jamoaning turli uslublarda to‘p sura olish salohiyati esa futbolchilarda yaxshi ma’noda xavotir yaratadi. Endi ular o‘zini jamoaning doimiy vakili deb hisoblay olmaydi, u yerda to‘p surish uchun doim yuqori sport formasini ushlab turish, klubda o‘zini davomli ravishda ko‘rsatib turishi talab etiladi. Bu ham murabbiylar shtabi uchun, ham futbolchining o‘zi uchun juda ahamiyatli.
GORIZONTAL FUTBOL

Biz ko‘pincha vertikal o‘yin atamasini ko‘p ishlatamiz. To‘pni himoyadan hujumga olib chiqishda eng qisqa yo‘l ham albatta, shu. Shu bilan birga, bunday o‘ynash jamoadan katta jismoniy kuch va tezlik talab qiladi.
Fabio Kannavaro jamoaning himoya chizig‘ida texnik jihatdan ancha shakllangan futbolchilar ko‘pligini payqagan bo‘lsa kerak. Misrga qarshi ko‘rsatilgan o‘yin Tiago Mottaning «Bolonya»sini eslatib yubordi. O‘sha «Bolonya» maydonning enidan ham samarali foydalanish mumkinligini namoyish qilgan, Italiya futbolida kichik inqilob qilgandi. Albatta, bu ma’lum shartlarda, masalan, A Seriyada o‘xshagan, tezkor Angliyada yashab ketishi qiyin, shuning uchun ham lokal darajada qolib ketdi. Yevro-2024 chempionatida esa «Bolonya»ning uch futbolchisiga ega bo‘lgan Shveysariya ham shunga yaqin uslub qo‘lladi. Yiliga besh-olti marta yig‘iladigan milliy jamoalar futboli baribir temp jihatdan klublarnikidan farq qiladi, u yerda bunday uslublarni ko‘chirish osonroq ham.
Asosiy jihat – to‘pni nazorat qilayotganda futbolchilarning maydonda imkon qadar keng joylashuvidir. Bu yuqorida eslangan Sulsherning iqtibosini isbotlaydi – bunday jamoaga qarshi pressing qilish juda qiyin.

Misr aksariyat vaziyatlarda 5-2-3 sxemasida pressing qilishga urindi va uch hujumchi bizning uch markaziy himoyachimizga qarshi o‘ynadi. Bu holatda bizda O‘runov yoki G‘aniyev markazga tushib, raqibga nisbatan (3 ga 2) son jihatdan ustunlikni yaratishdi. Misr himoyachilaridan biri ham oldinga chiqib, tenglikka uringanda esa Shomurodov ham qo‘shildi. Bu qisqarishlar natijasida ko‘pincha qanotlarda biz hujum qilishimiz uchun bo‘shliqlar yuzaga kela boshladi. Ya’ni 3-4-3 (yoki 3-5-2) raqibda personal pressing uchun doim noqulayliklar yaratadi, zonalar bo‘yicha himoyalanganda esa doim qanotlarda son jihatdan ustunlikni ta’minlash mumkin. Albatta, buning uchun qanot futbolchilaridan juda yuqori jismoniy tayyorgarlik talab qilinadi.
To‘p bilan qanchalik keng o‘ynagan bo‘lsak, himoyalanishda aksincha, shu qadar zich harakat qildik.

O‘zbekiston quyi blokda 5-4-1, pressingga chiqqanda esa 5-3-2 sxemasida harakat qildi. Bu Misrni eng asosiy ustunligidan – qanotlardan mahrum qildi. Eng quyi beshligimiz sinxron ravishda doim o‘ng va chapga harakatlanib turgani tufayli, Misrda vaziyatlar yaratish imkoniyati bo‘lmadi. Doim eng uzoqdagi futbolchi ochiq qolar, unga to‘pni tezlik bilan yetkazish esa doim qiyinchilik tug‘dirardi.
JISMONIY TAYYORGARLIK – ENG MUHIM MASALA

Barcha rejalar maydonga ko‘chishi, yuqorida tilga olingan ustunliklar ba’zida, ayrim raqiblarga qarshi emas, doim ishlashi uchun jismoniy tayyorgarlik muhim. Jahon chempionatlari tarixida muvaffaqiyatli to‘p sura olgan kichik terma jamoalarga qaralsa, birgina umumiy jihatni ko‘rinadi – Afrika mamlakatlari bo‘ladimi, sharqiy osiyoliklarmi, doim yaxshi jismoniy tayyorgarlik yordamida oradagi saviya farqini yopa olishgan. Tartibli o‘ynash, murabbiy ko‘rsatmalarini maydonga ko‘chira olish, xato qilmaslik uchun ham jismoniy holat juda muhim.
O‘zbekistonlik futbolchilar Misrga qarshi birinchi bo‘lim boshlarida ham, ikkinchi bo‘lim oxirlarida ham himoyaviy harakat qildik. Lekin bu ikki kartina bir-biridan farq qiladi. 1-bo‘limda biz ancha ishonarli edik, sarosima ham yo‘q, reja soat kabi ishlayotgandi. 2-bo‘limda esa xatolar ko‘paydi, sarosima ham sezildi. Mabodo bir gol o‘tkazib yuborilsa, Misr bosimni oshirishi aniqdek tasavvur paydo bo‘ldi. Bu Urugvayga qarshi o‘yinda sezilgandi.
Fabio Kannavaro uchrashuvdan keyin ham asosiy muammo sifatida yana shu jihatga to‘xtalib o‘tdi. Himoya chizig‘imizda muammolar paydo bo‘lgani, hujumda qarshi o‘yin uchun g‘oyalar kamaygani, O‘runov zaxiraga olingani ortida charchoq turibdi.
Jismoniy kamchilik katta musobaqalarda ikki tomonlama seziladi. Birinchisi, raqibga nisbatan. Katta ehtimol bilan, mundialda o‘zimizdan yuqori darajadagi jamoalarga qarshi o‘ynaymiz. Raqib futbolchilari to‘p suradigan chempionatlar, klublar saviyasi baland bo‘lganidan, ular katta yuklamalar ostida o‘ynash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. Ularga qarshi 90 daqiqa o‘ynash oson bo‘lmasligini Urugvay va Misrga qarshi o‘yinlar ko‘rsatib berdi.
Ikkinchidan, bir jamoa ichidagi farqlar. Terma jamoamizda APLning peshqadam klubida to‘p suradigan futbolchi ham, O‘zbekiston Superligasi vakillari ham bor. Bunday tafovut jamoaga teng ravishda yuklama berishda xalaqit beradi. Husanovning tempiga tayanish Superliga vakili uchun og‘irlik qilishi mumkin. Yoki aksincha Superliga tempida Husanov bor imkoniyatini namoyish qila olmasligi mumkin. Aytaylik, Saudiya Arabistoni jamoasida bir chempionatda, bir xil ko‘nikmaga ega bo‘lgan futbolchilar yig‘ilgan – ulardan maksimal foydalanish mumkin bo‘lgan temp va uslubni shakllantirish osonroq. Futbolchilar o‘rtasida katta tafovut bo‘lgan jamoalarda esa bu biroz qiyin.
Fabio Kannavaro uchun aniq yechim topish qiyin. Terma jamoadagi qisqa yig‘inlarda jismonan o‘sishning imkoni yo‘q. Shu tufayli ham u klublar bilan birgalikda ishlash kerakligi, intensiv futbol muhim ekani haqida ko‘p bor ta’kidlamoqda. Ya’ni milliy jamoaga nomzod futbolchilarga alohida yuklamalar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va jismoniy talablar tizimini ishlab chiqish, shu orqali ularning terma jamoa o‘yinlari uchun tayyorgarligini nazorat qilish lozim bo‘ladi.
Yana bir ijobiy omil ham bor. Mundial yozda bo‘lib o‘tadi. U paytda Yevropada uzoq mavsum endi yakunlangan, aksariyat futbolchilarning sport formasida pasayish kuzatilishi mumkin. O‘zbekiston chempionati esa aksincha, bahorda boshlanadi va iyunga kelib har tomonlama optimal formaga kirib olish mumkin. Bu ham qaysidir jihatdan oradagi farqni qisqartirsa ajab emas.
Qahramon Aslanov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.