date
views 95

Olimlar asrlar orzusini amalga oshirdi: Qo‘rg‘oshin birinchi marta oltinga aylantirildi!

Olimlar asrlar orzusini amalga oshirdi: Qo‘rg‘oshin birinchi marta oltinga aylantirildi!
Katta adron kollayderi ichidagi tunnel tasviri
Insonlar ming yillar davomida qo‘rg‘oshinni oltinga aylantirish orzusida yashagan. Bu jarayon qadimgi davrlarda "xrizopeya" deb atalgan bo‘lib, odamlar ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun ko‘plab urinishlar qilishgan. Biroq, kimyoviy reaksiyalar yordamida bu ishni bajarish mutlaqo mumkin emas deb hisoblangan. Chunki qo‘rg‘oshin va oltin atom darajasida keskin farqlanadi.

Ammo CERN (Yevropa yadroviy tadqiqotlar tashkiloti) fiziklari tarixda ilk bor bu jarayonni amalga oshirishga erishdi. Bu muhim kashfiyot dunyodagi eng qudratli zarracha tezlatgichi – Katta adron kollayderi (KAK) yordamida amalga oshirildi, deya xabar bermoqda Newsweek nashri.

Tadqiqot chog‘ida fiziklar qo‘rg‘oshin yadrolarini yorug‘lik tezligining deyarli maksimal darajasiga (aniqrog‘i, yorug‘lik tezligining 99,999993 foizigacha) tezlashtirib, ularni bir-biri bilan deyarli to‘qnashuv nuqtasigacha yaqinlashtirdi. Mazkur yadrolar so‘nggi lahzada bir-biridan uzoqlashib, fotoyadro reaksiyasini keltirib chiqardi.

Natijada, kamyob hollarda qo‘rg‘oshin yadrolari o‘zlarining 82 protonidan 3 tasini yo‘qotdi. Aynan shu jarayon orqali, qo‘rg‘oshin yadrosi 79 protonli oltin atomiga aylandi. Olimlar bu reaksiyalarning tezligi sekundiga 89 ming marta sodir bo‘lishini kuzatishdi. Ammo yaratilgan yangi oltin atomlari juda qisqa muddatda parchalanib ketdi.

Ushbu tadqiqot orqali olimlar bir jihatni aniq tasdiqladi: nazariy jihatdan qo‘rg‘oshinni yadroviy usullar bilan haqiqatan ham oltinga aylantirish mumkin.

Biroq bu kashfiyot hozircha faqat nazariy va eksperimental jihatdan qiziqarlidir, amalda esa juda ham samarasiz hisoblanadi. Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, qo‘rg‘oshindan hosil qilingan oltin miqdori juda ham kichik bo‘lgan. Aniqroq aytganda, tajribalar natijasida yaratilgan oltin miqdori oddiy nikoh uzugini yasash uchun kerak bo‘ladigan miqdordan trillion marta ozdir.

Qizig‘i shundaki, agar bir gramm oltin olish maqsad qilinsa, Katta adron kollayderini kvadrillion yil davomida tinimsiz ishlatish kerak bo‘lar ekan.

Shunday ekan, olimlar bu yo‘l orqali oltin ishlab chiqarish g‘oyasini amaliy tomonlama umuman noto‘g‘ri deb hisoblashadi. Shu bilan birga, CERN fiziklarining bu kashfiyoti tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, insonning tabiat sirlarini ochish yo‘lidagi yana bir katta qadami sifatida e’tirof etiladi.

Zamin.uz tahririyati sizga ilm-fandagi eng qiziqarli yangiliklarni yetkazishda davom etadi. Biz bilan birga bo‘ling!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Olimlar asrlar orzusini amalga oshirdi: Qo‘rg‘oshin birinchi marta oltinga aylantirildi!