
Rossiya hududlarida gripp bilan kasallanish holatlari jadal sur’atda ortib bormoqda. Hozirgi paytda mamlakat bo‘ylab har 100 nafar aholidan kamida biri ushbu kasallikka chalinmoqda. Ayrim mintaqalarda esa so‘nggi bir hafta ichida bemorlar soni ikki hissagacha ko‘paygani kuzatilgan. Mutaxassislar epidemiologik vaziyatni doimiy nazoratga olib, yaqin vaqtda holat yanada og‘irlashishi mumkinligini istisno etmayapti.
Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, joriy mavsumda grippning asosiy qo‘zg‘atuvchisi sifatida Gonkong grippi — A (H3N2) shtammi ustunlik qilmoqda. Bu virus tez tarqalishi va jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi bilan alohida xavf tug‘diradi. Ayniqsa, homilador ayollar, yosh bolalar, keksa yoshdagilar hamda surunkali xastalikka ega shaxslar xavf ostida qolmoqda.
Gonkong grippi o‘tkir virusli kasalliklar qatoriga kiradi va asosan nafas olish yo‘llarini zararlaydi. Kasallik yuqori isitma, kuchli zaharlanish holati, mushaklar hamda bosh og‘rig‘i bilan namoyon bo‘ladi. Ayrim holatlarda ko‘ngil aynishi va hazm tizimida buzilishlar ham qayd etilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu virus ilk bor 1968 yilda Gonkong shahrida aniqlangan. Bugungi kunda esa u mutatsiyaga uchragan holda mavsumiy gripp sifatida dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.