
“Manchester Siti”da avlodlar almashinuvi jarayonini olib borayotgan Xosep Gvardiola yangi mavsum arafasida tarkibni yanada kuchaytirish rejasidan chekingani yo‘q. Ispaniyalik murabbiy jamoa salohiyatini uzoq muddatga barqarorlashtirish uchun yangi ijrochilarni izlashda davom etmoqda.
Ingliz nashrlarining yozishicha, “shaharliklar” yozgi transferlar davrida “Barselona”ning yosh va iste’dodli himoyachisi Alexandro Balde bilan jiddiy qiziqish bildirmoqda. Gvardiolaning o‘zi bu transfer tashabbusini shaxsan qo‘lga olgani aytilmoqda.
E-Notícies manbasiga ko‘ra, Gvardiola yaqinda kataloniyaliklar sport direktori Deku bilan shaxsiy suhbat o‘tkazib, Baldeni qo‘lga kiritish imkoniyatlarini muhokama qilgan. “Manchester Siti” bu orqali himoya chizig‘ini yanada mustahkamlashni, ayniqsa chap qanotda barqaror o‘yinchiga ega bo‘lishni ko‘zlamoqda.
2023-yili ham ingliz klubi “Barselona”ning moliyaviy qiyinchiliklaridan foydalanib, Balde transferiga urinib ko‘rgan, ammo o‘shanda kataloniyaliklar o‘z tarbiyalanuvchisini sotishga rozi bo‘lmagan edi. Hozirgi kunda esa “blaugrana”ning moliyaviy holati barqarorlashgan va asosiy tarkibning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Baldeni jamoadan ketkazish ehtimoli ancha past.
Shu bilan birga, mutaxassislar fikricha, Gvardiola o‘z vatandoshi Baldeni “Siti” uslubiga eng mos futbolchilardan biri sifatida ko‘radi. U tezkorlik, to‘p bilan ishlash madaniyati va pozitsion himoyadagi yetukligi bilan ajralib turadi.
21 yoshli himoyachining “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali Baldeni 60 million yevroga baholamoqda.
Gvardiolaning rejasiga ko‘ra, agar Baldeni qo‘lga kiritish imkoni tug‘ilsa, u “Manchester Siti”da jamoaning asosiy qanot himoyachisiga aylanishi mumkin. Ammo bu transfer amalga oshishi uchun “Siti” juda jiddiy taklif bilan chiqishi talab etiladi.
Shu tariqa, Gvardiola navbatdagi transferlar oynasida ham “Siti”ning kelajagiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim qarorlar qabul qilish arafasida turibdi.
“Zamin”-ді Telegram-нан оқыңыз!