17:23 / 29.10.2020
3 572

Yana «UzAutoMotors» haqida: «tijorat siri»mikan yoki «jinoyat siri»?

Yana «UzAutoMotors» haqida: «tijorat siri»mikan yoki «jinoyat siri»?
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
«UzAuto Motors» AJ va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi o‘rtasida bo‘layotgan sud majlislaridan biri yopiq shaklda o‘tdi. Bunga kompaniyaning «tijorat siri»ga oid ayrim ma’lumotlar ochiqlanishi asos sifatida ko‘rsatildiki, ayni vaj ko‘pchilikning ensasini qotirgani rost: «UzAuto Motors» raqobatchisi yo‘q, yakka-yu yagona monopol korxona bo‘lsa, uning «tijorat siri» oshkor bo‘ldi nima-yu, oshkor bo‘lmadi nima?!

Shunga qaramay, sud korxona vakillarining iltimosnomasini qanoatlantirdi — sud majlisi yopiq tarzda o‘tdi. Korxona shundoq ham zahardan qimmat avtomobillar narxini yanayam oshirvorgani ortidan boshlangan bahs-munozara alal-oqibat sudgacha yetib kelgani ma’lum. Sud qanday qaror chiqaradi — hozircha bir nima deyish qiyin.

Biroq «UzAuto Motors»ning «tijorat siri» uchqunlari hozirdanoq ko‘zga tashlanib qolayotganday. Baraka topishsin, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ikkin-uch nafar «tirik deputatlari» «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MCHJ tomonidan import boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lashayotganiga shubha bildirishining o‘zi jamoatchilikda o‘sha «sir»ga qiziqishni battar oshirdi.

Bugun ijtimoy tarmoqlarda «UzAuto Motors» AJga nisbatan yana bitta xabar paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilardan biri o‘z profiliga Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga jo‘natishga shay qilib qo‘yilgan «Malibu»lar suratini joylar ekan, shunday yozadi: «...Janubiy Koreyada bularning («Malibu»larning) narxi 19.000 AQSH dollari atrofida turadi. Koreyslarning oylik maoshi esa o‘rtacha 2,000 AQSH dollariga teng. Bir oddiy o‘qituvchi bemalol bir yil ishlab, 1 ta eng so‘nggi modeldagi «Malibu» avtomobilini sotib olishi mumkin».

Shundan so‘ng asosiy gapga o‘tadi. Unga ko‘ra: «...Avvalo, bu tayyor avtomobillar bojxona hujjatlarida «yarim bitgan avtomobil yoki avtomobil ehtiyot qismlari» deb rasmiylashtiriladi. Tabiyki, hujjatda avtomobil deb yozilmagandan keyin avtomobilga to‘lanadigan emas, balki avtomobil ehtiyot qismlari uchun belgilangan miqdorda boj to‘laydi. Lekin, kompaniya bunday ehtiyot qismlar uchun boj imtiyozlariga ega, uni ham to‘lamaydi. Faqat 15 foiz QQS to‘lashi mumkin. Bu ham dargumon. Shuning uchun ham kompaniya o‘z qing‘ir ishlarini yashirish maqsadida «tijoriy sir»ga mahkam osilib olgan.

...Xalqni aldash, aylanma yo‘llar bilan soliqlarni to‘lashdan qochish, chetning mashinasini olib kelib, ustiga 10.000 AQSH dollar qo‘yib, «milliy mahsulot» deb sotish, davlat budjetiga trillion so‘mlab zarar yetkazish, bu ham yetmaganday, yurtda, avtomobil sohasida yagona sotuvchi, mutlaq monopol bo‘lib olish, o‘z qing‘ir ishlarini sudda «tijorat siri» deb javobgarlikdan qochish kabi hunarlarning intihosi bormikin, ajabo?!»

Albatta, bu foydalanuvchining shaxsiy fikri, kuzatishlari. Ammo ularda mantiq uchqunlari ham yo‘q emas. Bunday shubha-gumonlarga deputatlarimiz Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasiga yuborgan so‘rov javobida oydinlik kiritilar?!

Agar shubha-gumonlarning teng yarmi tasdiqlangan taqdirdayam «UzAuto Motors»ning «tijorat siri» aslida «jinoyat siri» ekani ehtimoldan xoli emas.

Voqealar rivojini kuzataveraylik-chi...

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Yana «UzAutoMotors» haqida: «tijorat siri»mikan yoki «jinoyat siri»?