date

Shomurodovning yangi manzili: Turkiyada u uchun yangi tarix boshlanmoqda

Shomurodovning yangi manzili: Turkiyada u uchun yangi tarix boshlanmoqda
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va mamlakat tarixidagi eng yaxshi to‘purar — Eldor Shomurodov uchun Italiya sayohati oxiriga yetmoqda. Yevropa futbolidagi eng ishonchli insayderlar va yirik nashrlar ma’lumotlariga ko‘ra, 30 yoshli hujumchi faoliyatida yangi sahifa ochmoqda — u Turkiya Superligasiga yo‘l olishga qaror qildi.

Yozgi transferlar oynasida Eldor Shomurodovga qator chempionatlardan, xususan, AQSH va Fransiyadan qiziqish bo‘lgani xabar qilingan edi. Ammo so‘nggi muzokaralarda Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi eng katta qat’iyat va rasmiy taklif ko‘rsatdi. Italyan matbuoti xabariga ko‘ra, turklar “Roma”ga bir necha bor murojaat qilib, hujumchini sotib olish sharti bilan ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.

Bunga qadar “Renn” va A Seriya debyutanti “Kremoneze” ham rimliklarga taklif yuborgani ma’lum. Ammo vaziyat so‘nggi bosqichda “Bashakshehir” foydasiga hal bo‘ldi — klub va futbolchi o‘rtasida kelishuvga erishildi, “Roma” rahbariyati esa taklifni qabul qilish arafasida.
- “Roma” hujum chizig‘ida jiddiy o‘zgarishlar qilish harakatidan to‘xtamaydi. “Beshiktosh” angliyalik forvard Temmi Abraxamni sotib olgani e’lon qilinganidan keyin Turkiya Superligasidan yana bir klub “Roma”ning boshqa hujumchisini olish uchun qat’iyat ko‘rsatmoqda.

Sky Sport nashri ham tasdiqlaganidek, “Roma” va “Bashakshehir” Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha muzokaralarni ijobiy yakunlash nuqtasida turibdi. Tomonlar futbolchini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan ijaraga berish variantida to‘xtadi.

Shomurodovning o‘zi Turkiya yo‘nalishini ma’qulladi va shundan so‘ng har ikki klub muzokaralarning yakuniy qismiga kirishgan. Endi biz “Roma” turklarning taklifini qabul qilib, transfer amalga oshganini rasman tasdiqlashini kutishimiz kerak, - deb yozmoqda calciomercato.com sayti.

Jahon futbol insayderi Janluka Di Marsioning ta’kidlashicha, “Roma” va “Bashakshehir” muzokaralari yakunlanmoqda. Tomonlar keyinchalik to‘liq transfer qilish shartida ijaraga berish variantida to‘xtadi va hozirda oxirgi rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.
- “Roma” va “Istanbul Bashakshehir”ning Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha muzokaralari yakunlanmoqda. Natija – keyinchalik to‘liq transfer qilish sharti bilan ijara.

Temmi Abraxam rasman “Beshiktosh”ga ko‘chib o‘tganidan keyin “Roma” bozorda o‘yinchilarning kirish va chiqish transferlari bo‘yicha ishlarni jadal davom ettirmoqda.

Rimni tark etishiga to‘g‘ri kelayotgan o‘yinchilardan biri Eldor Shomurodov Turkiyaga ko‘chib o‘tishga har qachongidan ham yaqin turibdi, - deb yozdi taniqli jurnalist o‘zining gianlucadimarzio.com saytida.

Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov 2020 yildan buyon Italiyada “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma” safida o‘ynadi. U — “top-5” ligalaridagi birinchi gol muallifi va eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan o‘zbek legioneri sifatida tarixga kirdi. 2021 yilda “Roma” bilan UYEFA Konferensiyalar Ligasi g‘olibligini ham qo‘lga kiritgan.

O‘tgan mavsumda u “Roma” tarkibida 37 uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 5 ta assist bilan jamoasining asosiy figuralaridan biriga aylandi. Uning texnikasi, harakatchanligi va maydondagi jonli o‘yini turk klubi skautlarini hayratga soldi.

Endilikda Shomurodov Turkiya futbolida yangi yo‘lni boshlamoqda. Muxlislar ushbu tarixiy transferning rasman e’lon qilinishini va Eldorning yangi sahifada qanday porlashini hayajon bilan kutmoqda. Yevropa futbolidagi o‘zbek legioneri endi Turkiyada yangi imkoniyatlar va yangi yutuqlar sari qadam tashlayapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning yangi manzili: Turkiyada u uchun yangi tarix boshlanmoqda