21:25 / 21.08.2022
1 676

Ukrainaliklarga vayron qilingan uy-joylarni kim va qanday qilib qaytaradi?

Ukrainaliklarga vayron qilingan uy-joylarni kim va qanday qilib qaytaradi?
Foto: Getty Images
Urush tufayli millionlab ukrainaliklar boshpanasiz qoldi. Vayronagarchilikni hujjatlashtirish uchun ular ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tishi yoki uylarni mustaqil ravishda tiklashi kerak. Biroq rasmiylarning ta’kidlashicha, Rossiyaning chet elda muzlatilgan ko‘p milliard dollarlik aktivlari tez orada zararni qoplash uchun sarflanadi.

Kiyev viloyatining Makarov qishlog‘ida yashovchi, musiqa maktabi sobiq o‘qituvchisi, hozirda nafaqada bo‘lgan Alla Vitkovskayaning uyi mart oyidagi janglarda vayron qilingandi. Ruslar Kiyevni o‘rab olish uchun qishloqni yorib o‘tishga harakat qildilar va bu yerda shiddatli janglar bo‘ldi.

Bu uy 1911 yilda qurilgandi. U oilaning to‘rt avlodi tomonidan ta’mirlandi, qayta qurildi, deydi Vitkovskaya. Ammo bir necha kunlik janglardan keyin uydan hech narsa qolmadi.

Foto: Alla Vitkovskaya
«Hammasi yonib ketdi – uy, yozgi oshxona, garaj. Ikkita yerto‘la bor edi - birortasi ham qolmadi, qoramol ham, tovuq ham, - deb sanab o‘tadi u. - Hozir faqat gullar ochilib turibdi va siniq pianino bor xolos».

Ayolning aytishicha, uning oilasi uyni tiklay olmaydi yoki yangisini ham sotib ololmaydi. Eri birinchi guruh nogironi, ikkisi ham nafaqada. Ular hech bo‘lmaganda vagoncha yoki vaqtinchalik modul-uy olishga umid qilishmoqda.

Vitkovskaya urush tufayli boshpanasiz qolgan 3,5 million ukrainalikdan biridir.

Kiyev iqtisodiyot maktabining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainada kamida 15,3 ming ko‘p qavatli uy va 115,9 ming xususiy uy shikastlangan yoki vayron bo‘lgan. Yetkazilgan zarar hajmi kamida 48 milliard dollarni tashkil qiladi va bu qiymat urush davom etgan sayin o‘sib bormoqda.

«Davlat yo‘qotilgan ko‘chmas mulkning har bir metri uchun tovon to‘laydi», deb va’da qilgan edi prezident Volodimir Zelenskiy mart oyi oxirida ukrainaliklarga.

Jarayon boshlandi
Ukrainada vayron bo‘lgan va yo‘qotilgan uy-joylar qanday qilib va qancha miqdorda qoplab berilishi haqidagi qonun hali ham qabul qilinmadi. Qonun loyihasi 1 aprelda birinchi o‘qishda qabul qilingan va shundan beri ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Qonun loyihasi mualliflaridan biri, «Xalq xizmatkori» fraksiyasi vakili Yelena Shulyak hujjat avgust oxiri yoki sentabr oyi boshida ovozga qo‘yilishi mumkinligini taxmin qildi.

Hozircha faqat fuqarolarning uy-joylari buzilgani yoki shikastlangani haqida ariza berish tartibi bor. Amalda faqat kompensatsiya qilinishi kerak bo‘lgan uy-joylarni hisobga olish jarayoni to‘liq ishga tushirildi, xolos.

Foto: Getty Images
Qoidalarga ko‘ra, yetkazilgan zarar haqida notarial idorada yoki Ma’muriy xizmatlar ko‘rsatish markazida (SNAP) yoki «Deystviye» mobil ilovasi orqali ariza berish mumkin. Shuningdek, mahalliy hukumat idoralariga ham bevosita murojaat qilsa bo‘ladi.

Shundan so‘ng, bino holatini o‘rganish uchun mutaxassislar yuborilishi kerak. Ular mol-mulkka yetkazilgan zarar to‘g‘risida tegishli dalolatnoma tuzadilar, unga vayron etilgan bino fotosuratlari ilova qilinadi.

Dalolatnoma harbiy harakatlar natijasida shikastlangan va yo‘q qilingan mol-mulklarning maxsus davlat reyestrida ro‘yxatga olinadi.
Shuningdek, mulkdor o‘z hisobidan texnik ekspertiza o‘tkazishga buyurtma berishi va xulosani mahalliy hokimiyat organlariga bepul topshirishi ham mumkin.

Hamma narsa ro‘yxatga olinadi
Shu bilan birga, BBC News bilan suhbatlashgan ukrainaliklarning ba’zilari vayronagarchilik va zararni hisobga olish jarayoni ham yaxshi ishlamayotganini ta’kidlashadi.

Foto: Getty Images
Borodyanka shahrining vayron qilingan uylaridan birida kvartirasi bo‘lgan Anjelika hozir xorijda yashayapti. U «Deystviye» mobil ilovasi orqali ariza bergani, ammo hech qanday javob bo‘lmaganini aytadi.

Uning qo‘shnilari vayron bo‘lgan uy-joy dalolatnomasini olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri mahalliy hokimiyatga murojaat qilishgan.

BBC News suhbatlashgan odamlarning har biri faqat mahalliy hokimiyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilganidan keyingina bunday dalolatnomani olishgani yoki hech bo‘lmaganda zararni baholovchi tegishli komissiya kelishiga erishganini aytishadi. Ayrimlari politsiyaga va FVV mahalliy bo‘limiga alohida ariza yozishgan.

Kompensatsiya olishning aniq huquqiy mexanizmi hali ham yo‘qligi sababli, huquqshunoslar vaqt o‘tishi bilan hech narsasiz qolmaslik uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishni maslahat berishadi. Xususan, Ario Law Firm hamkori Yevgeniy Grushoves jinoiy huquqbuzarlik sodir etilgani haqida albatta politsiya yoki prokuraturaga shikoyat qilishni maslahat beradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yetkazilgan zararni ro‘yxatga olishning eng samarali usullaridan biri bo‘lib, Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlari bo‘yicha beriladigan yirik da’volarning bir qismiga aylanishi mumkin.

«Huquq-tartibot idoralari mol-mulkni ko‘zdan kechirishi, holatni hujjatlashtirishi, shaxsni jabrlanuvchi deb tan olishi, tushuntirish xati yozdirishi, jinoyat ishi ochishi kerak. Bunday ishlar evaziga biz tajovuzkor davlat – Rossiya tomonidan yetkazilgan zararni qoplash mexanizmiga ega bo‘lishimiz mumkin».

Qo‘shimchasiga Grushoves mahalliy hokimiyat idoralariga murojaat qilib, shikastlanishni qayd etuvchi maxsus komissiya kelishiga erishishni maslahat beradi.

«Agar uy-joy vayron qilinmagan, balki shikastlangan bo‘lsa, buni hujjatlashtirish orqali kelajakda kompensatsiya olish va mustaqil ta’mirlash imkoniga ega bo‘lish mumkin, deb qo‘shimcha qiladi advokat. - Ammo shikastlanish holatlari albatta foto va video bilan qayd etilishi lozim».

Agar ta’mirlash ishlari mustaqil boshlangan bo‘lsa, qurilish materiallari sotib olinsa yoki ustalarga xizmat haqi to‘lansa, barcha cheklar saqlab qo‘yilishi, hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilishi kerak. Keyinchalik shular orqali kompensatsiya olsa bo‘ladi.

Mustaqil harakatlar
Agar vayron bo‘lgan uy-joyni hisobga olish jarayoni allaqachon davom etayotgan bo‘lsa, unga kompensatsiya berilishi, tiklanishi yoki shunga o‘xshash yordam kamdan kam uchraydigan holatdir, bunda ko‘p narsa mahalliy hokimiyat idoralariga bog‘liq.

Foto: Lyudmila Kizilova
Bucha shahrida yashovchi 67 yoshli Lyudmila Kizilova uyi mahalliy hokimiyat tomonidan to‘liq tuzatib berildi.

Uning uyi bahorgi janglar va rus istilosi markazida edi. Uning eri halok bo‘ldi, rus harbiylari uyini egallab olishdi. Bucha ozod qilingan paytda esa uyi yonib, xarobaga aylangandi.

«Shahar kengashiga ariza berdim, komissiya keldi. O‘t o‘chiruvchilarga murojaat qildim, ular o‘z ishchilarini yuborishdi. Hammasi uyni tiklash yoki ta’mirlash ilojsiz degan xulosaga kelishdi», deydi u. «Uyni buzib tashlab, o‘rnida yangisini qurish kerak. Lekin buning uchun kim mablag‘ ajratadi va qachon bo‘ladi, bu haqda hech narsa ma’lum emas».

Foto: Lyudmila Kizilova
Buchansk meri o‘rinbosari Dmitriy Cheychukning aytishicha, hududda vayron qilingan uylarning 80-90 foiziga dalolatnoma tuzilgan. 179 ta xususiy uy to‘liq buzib tashlanishi kerak va shahar bu ishlarni mustaqil ravishda amalga oshirmoqda.

«Bizda hamma narsa juda tartibli, reja bo‘yicha tashkil etilgan, chunki bu voqealardan imkon qadar tezroq tiklanib olishni xohlaymiz, - deydi u. - Bir necha haftadan beri kommunal xizmatlar fuqarolarning uylarini bepul demontaj qilmoqda».

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda shikastlangan uylarni joriy ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, 8 million grivna qiymatidagi qurilish materiallari xarid qilingan va ish bajaradigan pudratchini aniqlash uchun 5 million grivnaga tender e’lon qilingan.

Shaharni qayta tiklash uchun xalqaro tashkilotlar va g‘arblik hamkorlar tomonidan ham mablag‘ va’da qilingan. Xususan, Italiya va Tayvan Buchaga 500 ming yevro ajratmoqchi, BMT Taraqqiyot dasturi ham mablag‘ va’da qilgan, ammo Cheychuk bu jarayon tez emasligini aytadi.

«Odamlar bunday xabarni eshitib, mablag‘ berildi deb o‘ylashadi. Buchada allaqachon bunday imkoniyatlar bor, nega ular mening uyimni haligacha tiklamadi deb so‘rashadi. Lekin hozircha bularning hammasi va’da», deydi u. «Bizda esa zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan shoshilinch ishlar bor».

Biroq ba’zi dasturlar uchun davlat budjetining zaxira fondidan ham mablag‘lar ajratilmoqda. Xususan, Jamoalar va hududlarni rivojlantirish vazirligi xabariga ko‘ra, hukumat harbiy harakatlar oqibatlarini bartaraf qilish uchun Jitomir, Kiyev, Sumi va Chernihiv viloyatlariga 1,5 milliard grivna, Kiyevga 200 million grivna va Xarkiv viloyatiga 250 million grivna ajratgan.

Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda muhim va ijtimoiy infratuzilmaga sarflanadi. Ammo oz miqdorda shikastlangan uy-joylarni tiklash bo‘yicha davlat dasturi ham bor.

Foto: Getty Images
- Aynan shunday dastur asosida Irpin shahrida shikastlangan ko‘p qavatli uylardan birining aholisi derazalar, eshiklarni almashtirish va tomni ta’mirlash uchun mablag‘ oldi, - deydi Oksana Sergiyenko, uy egalari uyushmasi raisi.

«Uyimizda yashovchi ayolning ko‘magi bilan bunga erishdik. U barcha byurokratik yukni o‘z zimmasiga oldi, kabinetlarni aylanib chiqdi va maqsadga erishdi. Hozir deraza va eshiklarni almashtirish jarayoni boshlandi».

Biroq boshqa vayronagarchilikni aholi o‘z kuchi bilan bartaraf qilishga majbur. Xususan, shikastlangan qozonxonani qayta tiklash uchun o‘zlari mablag‘ yig‘ishdi, chunki, uylar isitilmasa, qishda yashab bo‘lmaydi.

«Biz har bir kvartira egasidan 30 ming grivnadan yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik, - deydi Sergiyenko. - Biz allaqachon oldindan to‘lovni amalga oshirdik. Chunki vaqt oz qolyapti, hech kim bunday ishni qisqa vaqt ichida bajarmaydi. Shu tufayli isitish mavsumini ancha kech boshlaymiz».

Aholi sarflangan mablag‘larni kelajakda kompensatsiya sifatida qaytarib olishdan umidvor.

«Bizga barcha hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, xulosalar, hisob-kitoblar, loyihalarni tayyorlash kerakligini aytishdi. Kompensatsiya mexanizmi tasdiqlansa, ariza topshirishimiz mumkin bo‘ladi», deb qo‘shimcha qildi u.

Muzlatilgan milliardlar
Buzilgan uy-joylarni tiklash va kompensatsiya uchun talab qilinadigan ko‘p milliard dollarlik mablag‘ni Ukraina qoplay olmasligi allaqachon aniq.

Rossiyaning chet elda muzlatilgan aktivlari urushdan keyin uy-joy va butun mamlakatni tiklash manbalaridan biriga aylanishi mumkin. Hozir biz Ukrainaga bu mablag‘larni olish imkoniyatini beruvchi mexanizmni ishlab chiqishimiz kerak va bu jarayon allaqachon qizg‘in pallada, deydi shu masala bilan shug‘ullanuvchi adliya vaziri o‘rinbosari Irina Mudra.

Gap kompensatsiya mexanizmi – muzlatilgan aktivlar mavjud bo‘lgan hamkor davlatlar o‘rtasidagi ko‘ptomonlama kelishuvni imzolash haqida bormoqda. Natijada zararni qoplash bo‘yicha da’volarni ko‘rib chiquvchi maxsus komissiya tuzilishi kerak.

Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan suveren immunitetni olib tashlash uchun kompensatsiya mexanizmi bo‘yicha kelishuv zarur.

«Rossiya Federatsiyasi muzlatilgan aktivlardan foydalana olmaydi. Lekin ularni muzlatib qo‘ygan davlat ham bu aktivlarni hech narsa qila olmaydi, bu qonunga ziddir, ya’ni suveren immunitetga ega», - deb tushuntiradi Irina Mudra. «Uni faqat ma’lum bir mamlakat qonunchiligi yoki xalqaro kelishuvlar asosida olib tashlash mumkin».

Bunday mexanizm – dunyoda huquqiy pretsedent hisoblanadi, hozirgacha hech kim buni qilmagan.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, kompensatsiya mexanizmi allaqachon ishlab chiqilgan, uni dunyodagi xalqaro huquqning yetakchi ekspertlari tayyorlagan. Yozda u AQSH, Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashiga taqdim etildi va ular tomonidan juda yuqori baholandi.

Kompensatsiya mexanizmi bo‘yicha tayyorlangan hujjatlar BMT va Yevropa Ittifoqi tomonidan kuzda ko‘rib chiqiladi, shundan so‘ng kelishuv imzolanishi mumkin, deb umid qilmoqda Ukraina hukumati.

Shundagina Ukraina muzlatilgan mablag‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, gap xususan quyidagilar haqida ketmoqda:
  • Rossiya Markaziy bankining 350 milliard dollar aktivlari, urushdan keyin ittifoqchilar Ukrainaga reparatsiya sifatida topshirishi kerak;
  • Yevropa Ittifoqida rossiyaliklarga tegishli bo‘lgan 30 milliard dollardan ortiq xususiy aktivlar;
  • Rossiya elitasining Amerika va Yevropa banklaridagi yuzlab million dollar mablag‘lari.

Keyinchalik, maxsus komissiya jismoniy va yuridik shaxslar, Ukraina hukumati, davlat korxonalari va xalqaro tashkilotlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi xatti-harakatlari oqibatida yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish bo‘yicha berilgan da’vo arizalarini ko‘rib chiqadi. Shundan so‘ng to‘lovlar amalga oshiriladi.

Davlat reyestriga kiritilgan, «Deystviye» ilovasi orqali yuborilgan arizalar bo‘yicha kompensatsiya aynan shunday tartibda qoplanadi.

Hozircha, ukrainaliklar vayron bo‘lgan uylari uchun tovon pulini qachon olishi noma’lum. Lyudmila Kizilova bu imkon qadar tezroq amalga oshishiga umid qilmoqda, chunki o‘z uyini tiklab olishni hamma narsadan ko‘proq xohlamoqda.

«Bu buvimning yeri, farzandlarim shu yerda tug‘ilgan, men bu yerda ildiz otganman, – deydi u, – men ham aynan shu joyda yashashni xohlardim». Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainaliklarga vayron qilingan uy-joylarni kim va qanday qilib qaytaradi?