
Avstraliyalik olimlar shayton shoxiga o‘xshash o‘ziga xos belgisi bilan ajralib turuvchi yangi asalarilar turini aniqlashdi, deb yozdi Journal of Hymenoptera Research. Yangi turga Megachile Lucifer nomi berilgan — “Lucifer” so‘zi lotin tilida “yorug‘lik olib keluvchi” ma’nosini anglatadi.
Tadqiqotchilar bu asalarini g‘arbiy Avstraliyaning Goldfilds mintaqasidagi Bremer tizmasida ochishgan. Ular ushbu joyda kamyob yovvoyi gullarni kuzatish paytida yangi turga duch kelishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, juda kam uchraydigan bu nasl Pert shahridan taxminan 470 kilometr sharqda joylashgan hududda yashaydi.
Qiziq jihati shundaki, katta va ko‘zga tashlanarli shoxlar faqat urg‘ochi asalarida mavjud. Olimlar bu shoxlar himoya yoki chang yig‘ish jarayonida yordam berishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Kashfiyot rahbari, Kertin universiteti professori Kit Prendergast aytishicha, u turga nom qo‘yayotganda Netflix’dagi “Lyutsifer” serialini tomosha qilgan va asalarining tashqi qiyofasi qahramonga o‘xshagani uchun bu nomni tanlagan. “Urg‘ochisining yuzidagi shoxlar haqiqatan g‘aroyib ko‘rinishga ega edi. Shu payt serialni ko‘rayotganim uchun ‘Lyutsifer’ nomi juda mos bo‘ldi”, — deydi u.
Olim ta’kidlashicha, bu guruhga mansub asalarilar orasida so‘nggi 20 yil ichida ilk marta yangi tur aniqlangan. Shuningdek, u bu kashfiyot mahalliy asalarilarni muhofaza qilish va tabiiy muhitni saqlash ahamiyatiga yana bir bor e’tibor qaratishi kerakligini aytdi.
Tadqiqotchilarning fikricha, yangi asalarilar turi kamyob gullar bilan bir ekotizimda yashaydi. Shu bois iqlim o‘zgarishi yoki inson faoliyati, xususan, konchilik ishlari ularning hayotiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
“Biz hali noma’lum ko‘plab turlarni yo‘qotib qo‘yish xavfini boshdan kechiryapmiz. Ular ayni damda yo‘qolib borayotgan o‘simliklar va butun ekotizim barqarorligida muhim rol o‘ynaydi”, — deya ogohlantirdi Prendergast.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.