10:40 / 01.12.2024
7

Britaniyada evtanaziya qonuniylashtirilishi mumkin

Britaniyada evtanaziya qonuniylashtirilishi mumkin
Foto: Depositphotos
Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi “Bedavo kasallikka chalingan kattalar (hayotini yakunlash)” to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi va uni ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatladi.

BBC xabariga ko‘ra, munozara besh soat davom etgan, unda deputatlar shaxsiy hikoyalari bilan o‘rtoqlashgan va hayot qanday tugashi kerakligi haqida o‘z fikrlarini bildirgan. 330 nafar deputat evtanaziyani qonuniylashtirishni yoqlagan, 275 nafari qarshi chiqqan.

“Bedavo kasalikka chalingan kattalar (hayotini yakunlashi)” to‘g‘risidagi qonun loyihasi Angliya va Uelsdagi mazkur turdagi kasallikka chalingan 18 va undan katta yoshdagilar o‘z hayotini ixtiyoriy ravishda tugatishda yordam so‘rash va yordam olish imkoniyatini beradi.

Qonun loyihasida evtanaziya qotillikning qonuniylashtirilgan usuliga aylanib qolmasligi uchun bir qator kafolatlar nazarda tutilgan. Davolab bo‘lmaydigan kasallikka chalingan aniq shaxsga evtanaziyaga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaror ikki mustaqil shifokor va sudyadan iborat kengash tomonidan qabul qilinadi. Bunda bemorning umr ko‘rish prognozi olti oydan oshmasligi, u o‘z hayotini tugatish istagini aniq bayon qilishi, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar tomonidan majburlash bo‘lmasligi kerak.

Yaqinda Buyuk Britaniyada evtanaziyani qonuniylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma britaniyaliklarning 65 foizi bu qadamni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi. Bor-yo‘g‘i 13 foiz britaniyalik evtanaziyani qonuniylashtirishga qarshi chiqqan.

Endi qonun loyihasi quyi palata qo‘mitalari muhokamasiga qo‘yiladi va uchinchi o‘qishdan so‘ng Lordlar palatasi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etiladi. Ushbu jarayon bir necha oy davom etishi kutilmoqda va qonunning yakuniy qabul qilinishi keyingi yozgacha amalga oshirilmaydi.

Evtanaziya — og‘ir darddan aziyat chekayotgan odamning o‘limini qasddan tezlashtirish yoki uni og‘riqlardan xalos qilish maqsadida hayotini tugatish jarayonidir. Odatda bu bemorning yoki uning vakolatli vakilining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Evtanaziya quyidagi shakllarga bo‘linadi:
1. Faol evtanaziya – shifokor bemorning o‘limini tezlashtirish uchun bevosita harakat qilishi, masalan, maxsus dori vositalarini qo‘llashi.
2. Passiv evtanaziya – bemorni hayotda ushlab turuvchi muolajalarni to‘xtatish, masalan, sun’iy nafas olish uskunasini o‘chirish.

Evtanaziya ko‘plab mamlakatlarda noqonuniy hisoblanadi, ammo ayrim davlatlarda (Niderlandiya, Belgiya, Kanada, Shveysariya) ma’lum sharoitlarda qonuniylashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyada evtanaziya qonuniylashtirilishi mumkin