Trump qoʻllab-quvvatlagan Truth Social kripto-ETF arizalarini qaytarib oldi

Yorkville America aktivlarni boshqarish kompaniyasi Donald Trump tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan Truth Social brendi ostida roʻyxatdan oʻtkazilishi kutilgan bir nechta kripto-ETF arizalarini qaytarib olishga qaror qildi. Kompaniya oʻz mahsulot strategiyasini oʻzgartirganini va endilikda 1933-yildagi Qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi qonun oʻrniga, investorlar himoyasi kuchliroq boʻlgan 1940-yildagi Investitsiya kompaniyalari toʻgʻrisidagi qonun doirasida ishlashni afzal koʻrishini maʼlum qildi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Ushbu qaror natijasida TruthSocial Bitcoin ETF, TruthSocial Bitcoin & Ethereum ETF hamda TruthSocial Crypto Blue Chip ETF kabi loyihalar toʻxtatildi. Yorkville America vakillarining soʻzlariga koʻra, yangi huquqiy baza soliq samaradorligi va innovatsion investitsiya strategiyalarini ishlab chiqish uchun kengroq imkoniyatlar yaratadi. Biroq, kompaniya yangi tizim ostida kripto-ETF loyihalarini qayta tiklash niyati bor-yoʻqligiga aniqlik kiritmadi.
Arizalarning qaytarib olinishi Donald Trumpning kripto sanoati bilan aloqalari va uning AQSH prezidenti sifatidagi vazifalari oʻrtasidagi manfaatlar toʻqnashuvi borasidagi xavotirlar kuchaygan bir paytga toʻgʻri keldi. Demokrat senatorlar 2025-yil yanvar oyidagi inauguratsiyadan buyon Trumpning World Liberty Financial platformasidagi roli boʻyicha tushuntirish talab qilib kelmoqda.
Shuningdek, 2026-yilda kripto-ETF boʻlgan talabning sezilarli darajada pasayishi ham ushbu qarorga taʼsir qilgan boʻlishi mumkin. Joriy yilda AQSH spot Bitcoin ETFlariga sof oqim atigi 790 million dollarni tashkil etdi, holbuki 2025-yilda bu koʻrsatkich 25 milliard dollarga yetgan edi. Ethereum ETFlarida esa 640 million dollarlik mablagʻ chiqib ketishi kuzatildi.
Ekspertlar, xususan Bloomberg tahlilchisi James Seyffartning fikricha, Yorkville America bozordagi kuchli raqobat tufayli ham chekinishga majbur boʻlgan. Masalan, Morgan Stanley Bitcoin Trust kabi yangi fondlar 0,14 foizlik juda past komissiya stavkalarini taklif qilmoqda, bu esa Truth Social loyihalari uchun raqobatni qiyinlashtiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!