Plug-in gibridlar davri yakunlanmoqdami?

Avtomobil sanoatida uzoq vaqt davomida anʼanaviy ichki yonuv dvigatellari va toʻliq elektr transport vositalari oʻrtasidagi "oltin oʻrta" hisoblangan plug-in gibrid (PHEV) avtomobillarining kelajagi soʻroq ostida qolmoqda. Koʻplab ekspertlar ushbu texnologiya oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqib boʻlganini va endilikda pasayish davri boshlanayotganini taxmin qilishmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Xitoy dunyo boʻylab PHEV ishlab chiqarish va sotish boʻyicha mutlaq yetakchilikni qoʻlga kiritgan edi. 2025-yilga kelib, global miqyosdagi jami plug-in gibridlar savdosining qariyb 76 foizi aynan ushbu mamlakat hissasiga toʻgʻri keldi. BYD va boshqa mahalliy brendlar ushbu segmentda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Biroq, joriy yilda bozor kutilmagan oʻzgarishlarga duch kelmoqda. Garchi Xitoy bozori hali ham kuchli boʻlsa-da, global miqyosda isteʼmolchilarning tanlovi oʻzgarmoqda. Texnologik rivojlanish va infratuzilmaning yaxshilanishi natijasida koʻplab xaridorlar oraliq variant boʻlgan gibridlardan voz kechib, toʻgʻridan-toʻgʻri toʻliq elektromobillarga oʻtishni afzal koʻrishmoqda.
Shuningdek, Yevropa va AQSH bozorlarida ham PHEV modellarga boʻlgan qiziqish pasayishi kuzatilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida gibrid tizimlarning murakkabligi va ularga xizmat koʻrsatish xarajatlarining yuqoriligi koʻrsatilmoqda. Endilikda ishlab chiqaruvchilar bor eʼtiborini batareya quvvati bilan ishlaydigan sof elektr modellarga qaratishni boshlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!