Surxondaryoda so‘nggi urush qatnashchisi vafot etdi

Surxondaryo viloyati Boysun tumanining Temirdarvoza mahallasida yashagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Shohimardon Hamroyev 105 yoshida vafot etdi.
Shohimardon ota Ikkinchi jahon urushi yillarida Voronej, Latviya, Litva va Estoniya hududlarida kechgan janglarda ishtirok etgan. U front ortida emas, bevosita qirg‘inbarot maydonlarda Vatan himoyasi uchun kurashib, og‘ir va mashaqqatli sinovlarni matonat bilan yengib o‘tgan.
Zamondoshlari va yaqinlari uni yurtga sadoqat bilan xizmat qilgan, burch va mas’uliyatni hayotining mazmuniga aylantirgan inson sifatida eslaydi.
Urush tugaganidan so‘ng Shohimardon Hamroyev butun umrini ta’lim sohasiga bag‘ishladi. Pedagogika yo‘nalishida tahsil olib, qariyb 40 yil davomida rus tili fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritdi. Uning mehnati va fidoyiligi tufayli yuzlab yoshlar bilim va tarbiya oldi.
Ko‘p yillik samarali mehnati uchun Shohimardon Hamroyev “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
E’tiborlisi, Shohimardon ota Surxondaryo viloyatida hayot bo‘lgan so‘nggi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi edi. Uning vafoti nafaqat viloyati, balki butun mamlakat jamoatchiligi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.
Marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!