BAAning DDSC stablekoini orqali 30 million dollarlik tranzaksiya amalga oshirildi

Birlashgan Arab Amirliklarining International Holding Company (IHC) xoldingi ADI Chain blokcheynida DDSC stablekoini yordamida 110 million dirham (taxminan 30 million dollar) miqdoridagi yirik tranzaksiyani muvaffaqiyatli yakunladi. Kompaniya ushbu oʻtkazmani BAAda ochiq eʼlon qilingan eng yirik stablekoin operatsiyalaridan biri sifatida tavsifladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Ushbu tranzaksiya BAA Markaziy banki tomonidan IHC, First Abu Dhabi Bank va Sirius International Holding hamkorligida yoʻlga qoʻyilgan dirhamga bogʻlangan stablekoin ekotizimi tasdiqlanganidan soʻng amalga oshirildi. DDSC stablekoini ADI Foundation tomonidan ishlab chiqilgan ADI Chain ikkinchi darajali (layer-2) blokcheynida ishlaydi. Tizim asosan transchegaraviy toʻlovlar, gʻaznachilik operatsiyalari va savdo hisob-kitoblari kabi institutsional maqsadlar uchun moʻljallangan.
IHC vakillarining soʻzlariga koʻra, mazkur operatsiya DDSC va ADI Chain platformalarining yirik moliyaviy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini namoyish etishga qaratilgan. Kelajakdagi rejalar Yaqin Sharqni global bozorlar bilan bogʻlaydigan toʻlov koridorlarini yaratishni oʻz ichiga oladi. Maʼlumot uchun, First Abu Dhabi Bank aktivlari boʻyicha mamlakatdagi eng yirik bank, IHC esa eng yirik investitsiya kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
BAA moliya institutlari va raqamli aktivlar kompaniyalari tartibga solinadigan stablekoin infratuzilmasini kengaytirishda davom etmoqda. Masalan, yanvar oyida Universal Digital kompaniyasi Markaziy bank tomonidan roʻyxatga olingan birinchi USDga bogʻlangan USDU stablekoinini taqdim etgan edi. Shuningdek, Crypto.com va Kraken kabi global birjalar ham mintaqada oʻz faoliyatini kengaytirish uchun zarur litsenziyalarni qoʻlga kiritmoqda.
Bundan tashqari, BNY banki may oyida Finstreet va ADI Foundation bilan hamkorlikda Abu-Dabida Bitcoin va Ethereum kabi aktivlar uchun institutsional saqlash xizmatlarini rivojlantirishini eʼlon qilgan edi. Bu kabi qadamlar BAAning global kripto markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!