Obunani bekor qilish qiyinlashadi: Android ilovalar arzonroq tariflar taklif etadi

Google kompaniyasi Google Play Store obunalarini boshqarish API tizimini yangiladi. Endilikda dasturchilar foydalanuvchi servis obunasini bekor qilmoqchi boʻlganida, unga arzonroq tarif rejalarini taklif qilish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Agar foydalanuvchi ilovaning pullik obunasidan voz kechishga qaror qilsa, tizim unga avtomatik ravishda pastroq narxdagi muqobil variantlarni yoki vaqtinchalik chegirmalarni koʻrsatadi. Bu usul orqali Google dasturchilarga oʻz auditoriyasini saqlab qolish uchun qoʻshimcha vosita taqdim etmoqda.
Dasturchilarning taʼkidlashicha, obunani bekor qilish jarayonining oʻzi sodda va tushunarli boʻlib qolaveradi. Foydalanuvchi avvalgidek obunani butunlay toʻxtatish tugmasini osonlikcha topishi mumkin. Yangi funksiya shunchaki dinamik tarzda hamyonbop takliflarni chiqarishga xizmat qiladi.
Garchi baʼzi foydalanuvchilar buni obunadan voz kechish jarayonini murakkablashtirishga urinish deb qabul qilishsa-da, amaliyotda oʻzgarishlar minimal darajada. Foydalanuvchi bekor qilishni tasdiqlash uchun standart opsiyalarni koʻradi, biroq endi unga tanlash uchun muqobil narxlar ham taklif etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!