09:00 / 20.09.2021
1 319

Pandemiya oxirgisimi?

Pandemiya oxirgisimi?
XX asrning oxiri, XXI asrning boshi yana nimalar bilan esda qoldi? Avvaliga o‘ziga xos virus kasalliklarining kichik epidemiyalari: SARS (Severe acute respiratory syndrome), MERS (Middle East Respiratory Syndrome, MERS-CoV), Parranda grippi (Grippus avium), Ebola (ingl. Ebola Haemorrhagic Fever, EHF, lat. Ebola febris haemorrhagica), so‘ng SARS-CoV-2 pandemiyasi. Ayniqsa, SARS-CoV-2 pandemiyasi insoniyat tarixiga o‘ziga xos sahifa bo‘lib kirishi shubhasiz.

Bu viruslar va ularning mutant shtammlari laboratoriya mahsulotimi-yo‘qmi, alohida mavzu. Ikkinchidan, nega aynan viruslar? Viruslar bakteriya va zamburug‘larga qaraganda soddaroq genom – irsiyat asosiga (oqsil qobiqqa o‘ralgan RNK yoki DNK zanjiri) ega. Uni o‘zgartirish ancha oson. Qolaversa, zamonaviy bioinformatika, molekular biologiyaning yangidan-yangi tadqiqot usullari irsiyat asosini tahrirlash imkonini beradi. Bekorga molekular biologiyada “minimal genom” degan atama paydo bo‘lgani yo‘q.

Bundan tashqari, qudratli mamlakatlarning o‘ziga xos biologik dasturlari mavjud ekani, ularda turli mikroorganizmlar tadqiq etilishi hech kimga sir emas. Zamonaviy urush bu qurol ko‘tarib dushman ustiga bosqinlar yasash, “Bayraktar” rusumidagi dronlar uchirib urushni muvaffaqiyatli yakunlash emas. Zamonaviy urushlarning ajralmas qismi qismi sifatida biotahdidlar, biourushlarni ham hisobdan chiqarish kerak emas.

Bu urushlarda inson emas, mamlakat iqtisodiyotida katta o‘rin tutgan o‘simlik navlari, mevali daraxtlar, foydali hasharotlar nishonga olinishini hammamiz bilamiz.

Xullas, mavzudan chekinmaylik. Pandemiya oxirgisimi, degan savol qo‘ydik. Nazarimizda, insoniyatni yana epidemiya va pandemiyalar kutib turibdi. Sababi, yuqorida yozganimiz – biologik dasturlar, biourushlar... Dasturlar doirasida yangi-yangi viruslar genomlari o‘rganilaveradi.

Nega endi faqat virusli epidemiyalar? Yuqorida ham to‘xtaldim, viruslar bakteriya yoki zamburug‘larga qaraganda ancha soddaroq tuzilishga ega. Ulardan istalgan xususiyatli shakllarni (mutantlarni) bemalol “yasab olish” mumkin. Demak, qarshimizda xavfliligiga uncha-muncha isbotlar talab qilmaydigan dahshatli qurol(lar) turibdi. Bunday tahdidlarga qarshi bizda himoya tizimlari bormi?

Hozircha yo‘q. Lekin, fikrimcha, harakatni hozirdan boshlashimiz kerak. Biz milliy kadrlar – mikrobiolog va virusologlarni tayyorlashimiz kerak. Bu sohadagi mutaxassislarimiz soni (sifati emas) bilan maqtana olmaymiz.

Mikrobiologiyaning har uch yo‘nalishi – virusologiya, bakteriologiya va mikologiya bo‘yicha orqada qolib ketganmiz. Scopus yoki WoS’dagi ilmiy nashrlarimiz maqtagulik emas. Zamonaviy mikrobiologiya maktabi bizda yo‘q, hisobi. Haligacha klassik mikrobiologiya qobig‘idan chiqib keta olmaganmiz. Demak, bu borada qilinadigan ishlar juda katta. Aniqroq aytilsa, hali hech narsa qilganimiz yo‘q.

Ikkinchidan, ilmiy nashrlar asosida ilmiy asoslangan bashoratlar (prognozlar) qiladigan, kelajakdagi ehtimoliy biologik tahdidlarni oldindan ko‘ruvchi analitik-tahliliy guruhlar ishlashi lozim. Oddiy misol, ko‘rshapalakdagi koronavirus turi (SARS-CoV-2)ning odam uchun halokatli natijalarga olib kelishi haqidagi ilk manba ham Nature Medicine jurnalida e’lon qilingan maqola ekanini unutmaylik.

Uchinchidan, zamonaviy turdagi biolaboratoriyalar (V4 tipidagi) tashkil etilishi kerak. Busiz, biotahdidning asosi bo‘lgan mikrob shtammini o‘rganish, unga qarshi kurashishning ilmiy asoslarini aniqlab bo‘lmaydi. Va aynan shunday biolaboratoriyalar milliy vaksina dasturini tashkil etishga, har qanday biologik tahdidlarga qarshi “milliy immunitet”ni shakllantirishga yordam beradi.

Unutmasligimiz kerak, shafqatsiz dunyoda hech kim chetdan kelib bizga yordam bermaydi. Zero, har qanday yordam ortida manfaatlar yotadi.

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Pandemiya oxirgisimi?
[/banner_pushhouse