Xiaomi 99,9% bakteriyalardan himoyalangan ulkan Mijia Pro muzlatkichini chiqardi

Xiaomi kompaniyasi Xitoyda yangi Mijia Refrigerator Pro Folio 620L muzlatkichi uchun oldindan buyurtma olishni boshladi. Nomidan koʻrinib turibdiki, qurilmaning umumiy hajmi 620 litrni tashkil etadi va u katta oilalar uchun moʻljallangan. Muzlatkichning 378 litri sovutish kamerasi, 242 litri esa muzlatish qismi uchun ajratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi model 30-maydan boshlab Xitoy bozorida taxminan 370 dollar narxda sotuvga chiqadi. Qurilma ikki mustaqil havo aylanish konturiga ega boʻlgan qoʻsh sovutish tizimi bilan jihozlangan. Alohida bugʻlatgichlar va ventilyatorlar sovutish va muzlatish kameralari oʻrtasida hidlar aralashib ketishining oldini oladi hamda barqaror haroratni taʼminlaydi.
Har ikkala kamerada antibakterial himoya va hidlarni yoʻqotish uchun kumush ionli modullar oʻrnatilgan. Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, antibakterial samaradorlik darajasi 99,99 foizga yetadi. Shuningdek, mahsulotlarni bir tekis sovutish uchun 360 darajali hajmli havo aylanish tizimi joriy etilgan.
Muzlatkich ichida 18 ta alohida saqlash zonasi va ikkita tortiladigan quti mavjud. Kuchaytirilgan yoʻnaltirgichlar sovutish kamerasida 44 kg gacha, muzlatish kamerasida esa 26 kg gacha yuklamaga bardosh bera oladi. Korpus eshiklarini 90 darajaga ochish imkoniyati uni burchaklarga yoki devorga yaqin joylashtirishni osonlashtiradi.
Mijia Refrigerator Pro Folio 620L modeli Mijia aqlli uy tizimiga toʻliq integratsiya qilingan. Foydalanuvchilar qurilma parametrlarini smartfon orqali yoki XiaoAI ovozli yordamchisi yordamida masofadan boshqarishlari mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!