Milan Pisa maydonida qiyinchilik bilan g'alabani ilib ketdi

Seriya Aning 25-turida «Milan» safarda «Piza»ga qarshi o'yinda oson bo'lmagan sinovdan o'tdi. Uchrashuvda imkoniyatlar ko'p bo'ldi, lekin mehmonlar hal qiluvchi lahzalarda aniqroq harakat qildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Birinchi bo'limda «Piza» ham xavfli epizodlar yaratdi: Filip Stoilkovich jarima maydoni chap chetidan zarba berdi, darvozabon vaziyatni qutqardi. 39-daqiqada esa Zakari Atekame o'ng qanotdan ajoyib uzatma tashladi va Ruben Loftus-Chik bosh bilan hisobni ochdi — 0:1.
Ikkinchi bo'lim boshida «Milan» yana gol urdi, biroq Niklas Fyllkrug ishtirokidagi epizodda qo'l bilan o'ynash qayd etilgani uchun gol bekor qilindi. Ko'p o'tmay Fyllkrug penaltidan ham foydalana olmadi: zarbasi sust chiqib, to'p ustunga tegib maydon tashqarisiga ketdi.
71-daqiqada mezbonlar javob qaytardi: Stoilkovich chap qanotdan pastlatib uzatdi, kurashda to'p Strahinya Pavlovichdan qaytib Felipe Loyolaning oyog'iga tushdi va u biroz siljib, to'pni o'ng burchakka joyladi — 1:1.
«Milan» g'alaba golini 85-daqiqada urdi. Hujumni Luka Modrich boshlab berdi: u jarima maydoni markaziga Samuele Richchiga uzatma berdi, Richchi yiqilayotgan holatda to'pni yana Modrichga tashlab berdi va xorvatiyalik yarim himoyachi jarima maydoni ichida markazga siljib, oyoqning tashqi tomoni bilan o'ng burchakni nishonga oldi — 1:2.
90-daqiqada «Milan» yarim himoyachisi Adrien Rabyo hakam bilan tortishib qolgani ortidan ketma-ket ikki sariq kartochka olib, maydondan chetlatildi. Bu g'alabadan so'ng «Milan» turnir jadvali yetakchisidan besh ochko ortda qolmoqda, «Piza» esa so'nggi o'rin uchun kurashayotgan jamoalar qatorida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!