date

Qozog‘istonda yuzdan ortiq otlar nobud bo‘ldi

Qozog‘istonda yuzdan ortiq otlar nobud bo‘ldi

Qozog‘istonning Mang‘istov tumanida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar otlarning ommaviy halok bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda “Lada.kz” nashri xabar tarqatdi.

Ma’lum qilinishicha, yomg‘irlardan keyin hayvonlar sho‘rxok yerlarga botib qolgan va ularning aksar qismi nobud bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan mahalliy hokimiyat o‘z munosabatini bildirgan.

Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlar orqali chorva yo‘qotilgani haqida yozib qoldirgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, har bir xonadon bir nechtadan o‘ntagacha chorvasidan ayrilgan.

“Qattiq yomg‘irlardan keyin Mang‘istovda, Oqshimirau qishlog‘i atroflarida chorva suv oqimi bilan oqib ketib, sho‘rxok hududlarga tushib qolgan. Ko‘plab otlar sho‘r loyga botib halok bo‘ldi, yana bir qismi esa chiqib keta olmayapti. Agar Favqulodda vaziyatlar vazirligi va mahalliy hokimiyat yordam ko‘rsatmasa, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin”, deya ta’kidlagan qishloq aholisi.

Fuqarolar ushbu muammoga qonun chiqaruvchilar hamda hayvonlarni muhofaza qiluvchi tashkilotlar e’tibor qaratishini so‘ragan.

Keyinchalik mahalliy hokimlik ma’lum qilishicha, Mang‘istov viloyatida 14–15 aprel kunlari Sayotes qishlog‘ida kuzatilgan noqulay ob-havo oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sayotes va 7-temiryo‘l bekati oralig‘ida (tuman markazidan 120–150 km uzoqlikda) temiryo‘l yoqalari bo‘ylab to‘plangan qishloq xo‘jaligi hayvonlarining halok bo‘lish holatlari aniqlangan.

Vaziyatni o‘rganish uchun 16–17 aprel kunlari davlat idoralari vakillari ishtirokida maxsus komissiya shakllantirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, yuzdan ortiq ot topilgan. Ayni vaqtda mahalliy ijro organlari nobud bo‘lgan chorva sonini aniqlashtirmoqda, chunki egalari hali to‘liq hisob-kitob yuritib ulgurmagan.

Ta’kidlanishicha, chorva nobud bo‘lishiga kuchli shamol va jala yomg‘ir kabi keskin ob-havo sharoitlari sabab bo‘lgan. Yo‘ldan adashgan hayvonlar borish qiyin bo‘lgan hududlarga tushib qolib, ortiqcha nam yerlarda halok bo‘lgan. Ayrim podalar aholi yashaydigan joylardan 60–80 km uzoqlikda nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Yo‘qolgan chorvani izlash maqsadida dronlar orqali havodan kuzatuv ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat hokimi o‘rinbosari boshchiligida tezkor shtab yig‘ilishi o‘tkazilib, uning yakuniga ko‘ra neft-gaz korxonalariga qo‘shimcha texnik yordam ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan.

Hozirda viloyat qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlari boshqarmasi rahbari Mang‘istov tumanida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda hamda zarur chora-tadbirlarni muvofiqlashtirmoqda.

“Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilgan: yirik korxonalar texnikasi, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va mahalliy ijro organlari jalb qilingan. Suvni chiqarish va tiklash ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Vaziyat doimiy nazoratda. Chorva egalari bilan ish olib borilmoqda, zamonaviy monitoring vositalari va maxsus texnikadan foydalanilmoqda”, deyiladi Mang‘istov tuman hokimligi ma’lumotida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda yuzdan ortiq otlar nobud bo‘ldi