8 yoshli navoiylik o‘quvchi ingliz tilidan rekord o‘rnatdi

Navoiy shahrida iqtidorli bola erishgan natija jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. 4-maktabning 2-sinf o‘quvchisi Muhammadali Yusupov ingliz tilidan B2 darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Muhammadali endigina 8 yoshda bo‘lishiga qaramay, kattalarga xos natijani qayd etgan. Shu tariqa, u o‘z yosh toifasida ingliz tili bo‘yicha milliy sertifikat olishda rekord natijaga erishdi.
U qariyb uch yildan buyon ingliz tilini qo‘shimcha mashg‘ulotlar orqali muntazam o‘rganib kelgan.
So‘nggi olti oy davomida esa unga o‘quv markazi mutaxassisi Shahzod Bobonazarov dars berib kelgan. Ustozining ta’kidlashicha, Muhammadali birinchi urinishning o‘zidayoq B2 darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
“Birinchi urinishdayoq sertifikatni oldi. Bu nafaqat uning yoshi uchun, balki umumiy natijalar orasida ham eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi”, — deydi ustoz Shahzod Bobonazarov.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, B2 darajasi tilni mustaqil ravishda erkin qo‘llash imkonini beruvchi yuqori bosqich hisoblanadi. Bu esa yosh o‘quvchining bilim saviyasi va mehnatsevarligini yaqqol namoyon etadi.
Ma’lumot uchun, yurtimizda oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida xorijiy tildan B2 sertifikatiga ega abituriyentlarga eng yuqori ball beriladi. Shuningdek, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan chet tillari o‘qituvchilari uchun ham kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi joriy etilgan.
Avval ushbu talab 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirishi belgilangan edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, uning amalga kiritilishi 2026–2027 o‘quv yili boshiga qadar uzaytirildi.
Muhammadalining bu kabi yutug‘i yoshlar o‘rtasida bilim olishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishi, shuningdek, boshqa o‘quvchilar uchun ham o‘rnak bo‘lishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!