Cristiano Ronaldo Al-Nassr bilan uzoq kutilgan chempionlikka erishdi

Kutish yakunlandi. Cristiano Ronaldo nihoyat maqsadiga erishdi va Al-Nassr safida Saudiya Pro ligasida gʻolib chiqdi. Bu xabar koʻpchilikda shunchaki oddiy holdek taassurot qoldirishi mumkin, ammo portugaliyalik yulduz uchun ushbu sovrin oʻzgacha ahamiyatga ega ekanligi uning hissiyotlaridan yaqqol koʻrinib turdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Futbol tarixidagi eng koʻp sovrin yutgan oʻyinchilardan biri, besh karra "Oltin toʻp" sohibi, Angliya, Ispaniya va Italiyada koʻplab chempionliklarni qoʻlga kiritgan Cristiano Ronaldo payshanba oqshomida "Damak" ustidan qozonilgan hal qiluvchi gʻalabani goʻyoki faoliyatidagi ilk sovrindek nishonladi. Bu quvonch koʻz yoshlarining sababi oddiy: Ronaldoning klub miqyosidagi sakkizinchi chempionligi u uchun eng qiyin kechganlaridan biri boʻldi.
Ronaldoning 2023-yilda Yaqin Sharqqa koʻchib oʻtishi faqat futbol bilan bogʻliq emas edi. Bu oʻzaro manfaatli moliyaviy loyiha boʻlib, Portugaliya terma jamoasi sardoriga rekord darajadagi maosh vaʼda qilingan, Al-Nassr esa "Ronaldo effekti" orqali millionlab daromad olishni koʻzlagan edi. Saudiya Arabistoni davlat investitsiya jamgʻarmasi (PIF) tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ushbu bitim mamlakatning iqtisodiy va infratuzilmaviy islohotlari yoʻlidagi reklama loyihasining bir qismi edi.
Cristiano Ronaldo oʻz zimmasidagi vazifani aʼlo darajada uddaladi. U nafaqat maydonda gollar urdi, balki Saudiya Arabistonini dunyoga targʻib qilishda ham faol boʻldi. Uning transferi ortidan boshqa koʻplab jahon yulduzlari ham ushbu ligaga kelib qoʻshildi. Biroq, shuncha gollarga qaramay, jamoaviy sovrinning yoʻqligi Ronaldoni qiynayotgan asosiy masala edi.
Nihoyat, uzoq davom etgan omadsiz seriya va asabiy oʻyinlardan soʻng, Cristiano Ronaldo Al-Nassr bilan chempionlik kubogini boshi uzra baland koʻtardi. Bu gʻalaba nafaqat klub uchun, balki oʻz ambitsiyalarini har doim yuqori qoʻyadigan 39 yoshli hujumchi uchun ham oʻziga xos tasdiq boʻldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!