Topuriya va Garsiya o‘rtasida so‘z jangi avj oldi...

UFC chempioni Iliya Topuriya va taniqli bokschi Rayan Garsiya o‘rtasidagi keskin so‘z jangi sport jamoatchiligi e’tiborini tortdi. Ikki jangchi ham bir-biriga nisbatan og‘ir gaplar aytdi va ehtimoliy to‘qnashuv atrofidagi qiziqishni yanada oshirib yubordi.
Hammasi Topuriyaning Alvaro Kolmeneroga bergan intervyusida Rayan Garsiya haqida bildirgan fikrlaridan boshlandi. UFC yulduzi bokschini o‘zi uchun qulay raqib deb atadi va agar ular o‘rtasida jang tashkil etilsa, bahs hakamlar qarorigacha yetib bormasligini ta’kidladi.
“Rayan men uchun juda qulay raqib. Agar Garsiya bilan jang qilsam, hakamlarning qarorigacha yetib bormay, uni sindiraman. U o‘z nomini hayp asosida yaratgan, xolos”, — dedi Topuriya.
Bu so‘zlar, tabiiyki, Rayan Garsiyani befarq qoldirmadi. Meksikalik bokschi ijtimoiy tarmoqlar orqali juda keskin javob qaytardi. U Topuriyani MMA uchun yaxshi zarba beruvchi jangchi deb tan olgan bo‘lsa-da, boks ringida vaziyat butunlay boshqacha bo‘lishini iddao qildi.
Garsiyaning ta’kidlashicha, agar ular boks qoidalari bo‘yicha to‘qnash kelsa, Topuriya uchun oqibatlar og‘ir bo‘lishi mumkin. U raqibiga boshqalarning yo‘liga aralashmaslikni maslahat berib, har kim o‘z sohasida qolishi kerakligini aytdi.
“Sen MMA uchun juda yaxshi udarniksan. Biroq ringdagi to‘qnashuvimizdan keyin naycha orqali ovqatlanishingga to‘g‘ri keladi. Boshqalarning ishiga aralashma. Men o‘z yo‘limda, sen o‘z yo‘lingda qol!” — deya javob berdi Garsiya.
Shundan keyin Iliya Topuriya ham jim turmadi. “Matador” Rayan Garsiyaning faoliyatidagi eng katta g‘alabalari steroidlar bilan bog‘liq bo‘lganini kinoya qildi va uning haddan tashqari baland ishonchiga shubha bildirdi.
“Garsiya, sen faoliyatingdagi eng katta g‘alabalarni steroidlar yordamida qo‘lga kiritding. Lekin qiziq, nega shunda ham ishonching buncha baland?” — dedi Topuriya.
Bu mojaro MMA va boks o‘rtasidagi eski bahsni yana kun tartibiga olib chiqdi. Oktagonda Topuriyaning universalligi, kurash, klinch va zarba texnikasi unga katta ustunlik berishi mumkin. Ammo boks ringida Garsiya tezligi, qo‘l zarbalari va tajribasi bilan xavfli raqibga aylanadi.
Shuning uchun bunday ehtimoliy to‘qnashuvda asosiy savol bitta: jang qaysi qoidalar bo‘yicha o‘tadi? Agar MMA bo‘lsa, Topuriya favorit ko‘rinadi. Agar boks bo‘lsa, Garsiya o‘zini ancha ishonchli his qilishi aniq. Qisqasi, qoidalar o‘zgarsa, “boss” ham o‘zgaradi.
Hozircha bu so‘z jangi rasmiy jangga aylanadimi-yo‘qmi, noma’lum. Ammo har ikki sportchi ham muxlislar e’tiborini qanday ushlashni yaxshi biladi. Topuriya keskin bayonotlari bilan, Garsiya esa provokatsion javoblari bilan katta shou uchun zamin yaratmoqda.
Qisqasi, Iliya Topuriya va Rayan Garsiya o‘rtasidagi mojaro sport maydonidagi ehtimoliy katta to‘qnashuvga aylanishi mumkin. Hozircha ular ring yoki oktagonda emas, so‘zlar orqali jang qilmoqda. Lekin bu tempda davom etsa, promouterlar ham “buni sotish mumkin” deb qolishi hech gap emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!